Mundial ishtirokchilari qaysi shaharda yashaydi?

  • 10 iyun, 2018, 16:20
  • 0
  • Futbol
CHERY AUTO

Jahon chempionatida terma jamoalarning o‘yinidan tashqari ularning qaysi shaharda istiqomat qilishi ham ko‘pchilik muxlislarni qiziqtiradigan mavzu, desak mubolag‘a bo‘lmasa kerak. Ma’lumki, Rossiya Federatsiyasi dunyodagi eng yirik davlatdir. Tashkilotchilar bellashuvlarga mezbonlik qiluvchi shahar va stadionlarni mamlakatning Evropaga yaqin bo‘lgan qismidan ajratdi. Umuman olganda, Rossiyaning o‘zi mundialga mezbonlik qilishi ma’lum bo‘lgach, davlatning g‘arbiy qismida jahon standartlariga to‘laqonli javob bera oladigan stadionlar qurila boshlandi. Bu esa o‘sha yirik shaharlarda turistik sohaga bo‘lgan e’tiborni yanada tortdi. Har bir terma jamoa mundial davomida o‘zi muqim istiqomat qiladigan joy tanlashda, shubhasiz, o‘yinlari o‘tkaziladigan shaharlarga ham e’tibor qaratadi. Qolaversa, shaharda xalqaro aeroport bo‘lishi yana bir muhim faktordir. Demak, quyida 32 terma jamoa qaysi shaharlarni tanlagani haqida fikr yuritamiz.

Tecno

Moskva

Tabiiyki, poytaxt shaharga aksari gigant terma jamoalar avvaldan buyurtma berib qo‘yishadi. Bunda o‘yinlarning qaysi shaharlarda bo‘lishi ikkinchi planga chiqib qoladi. Moskvadan Eron, Portugaliya, Argentina, Peru, Frantsiya, Tunis, Meksika, Germaniya va Belgiya terma jamoalari joy olishadi.

Sankt-Peterburg

Shimoliy poytax. Eng rivojlangan shaharlaridan birining Moksvadan sira qolishadigan joyi yo‘q. Kecha shaharning ilk mehmon delegatsiyasi Saudiya Arabistoni vakillari etib kelishdi. Tashkiliy ishlar shu darajada yo‘lga qo‘yilganki, mehmonxona xodimlari ham qit’adosh, ham dindoshlarimizga barcha etarli shart-sharoitlarni taxt qilishgan. Ayni Ramazon oyida Saudiya Arabistoni delegatsiyasi a’zolariga diniy amallarini bajarishi uchun barcha narsa shay. Ertaga shaharning ikkinchi mehmoni Xorvatiya terma jamoasi ham etib keladi. 12 iyun kuni esa bir yo‘la 3 delegatsiya: Kosta-Rika, Angliya va Koreya Respublikasi ham o‘zlari uchun ajratilgan mehmonxonalarga joylashishadi.

Sochi

Bu shaharda yirik sport tadbirlarini qabul qilish bo‘yicha katta tajriba bor. Yodingizda bo‘lsa, 4 yil muqaddam XXII  qishki olimpiya o‘yinlari Sochi shahrida, ochilish va yopilish marosimlari esa “Fisht” stadionida o‘tgan. Bugun ushbu inshoot jahon chempionatlarining guruh bosqichidan 4 ta (shubhasiz, bular orasida Ispaniya – Portugaliya o‘yini eng qizig‘i), shuningdek, nimchorak va chorak finallardan bittadan o‘yinlarga mezbonlik qilishi belgilangan. Shaharning o‘zidan esa Braziliya va Polsha terma jamoalari qo‘nim topishadi. Pentakampionlar ertaga Sochiga etib kelishadi. Polyaklar esa qo‘shni bo‘lgani uchun ham 13 iyun kuni etib keladi.

Qozon

Qozon shahri ham so‘nggi yillarda yirik sport tadbirlarini o‘zida qabul qilib, mehmondo‘stlik borasida yuqori baho olib bo‘ldi. 2013 yili butunjahon yozgi Universiadasi, 2014 yil qilichbozlik bo‘yicha jahon chempionati, 2015 yili suv sporti turlari bo‘yicha jahon chempionati, qolaversa, o‘tgan yili Konfederatsiyalar kubogiga mezbon bo‘ldi. Xullas, Avstraliya, Kolumbiya va Yaponiya terma jamoalari o‘zlari uchun ushbu shaharni tanlashgan.

Gelenjik

Qora dengiz bo‘yicha joylashgan Gelenjik Shvetsiya va Islandiyadan tashrif buyuruvchilarning e’tiborini tortdi. Bu hudud kurort shaharligi ikki mamlakat vakillariga manzur bo‘lgan bo‘lsa kerak. Shvedlarni ham, islandlarni ham unchalik favrit sanamassiz, lekin unutmang Shvetsiya Italiya terma jamoasini pley-offda mundialsiz qoldirgan bo‘lsa, islandlar Xorvatiya, Ukraina, Turkiya kabi termalar orasida guruh bosqichini birinchi o‘rinda yakunlab, Rossiyaga yo‘llanma olgan. Ularning 2 yil muqaddam Frantsiya yashil maydonlarida qilgan ishlarini unutmagandursiz. 

Shuningdek, qolgan terma jaoalarning o‘zlari uchun tanlagan shaharlari bilan tanishing:

Panama – Saransk;

Ispaniya – Krasnodar;

Marokash – Voronej;

Misr – Grozniy;

Urugvay – Nijni-Novgorod;

Daniya – Anapa;

Nigeriya – Essentuki;

Serbiya – Kaliningrad;

Shveytsariya – Samara;

Senegal – Kaluga.

Fikrlar

Fikr qoldirish uchun avtorizatsiyadan o'ting!