
Kurashchi qizlarimiz JChda kumush medal olishdi
Ayni kunlarda Slovakiyaning Trnava shahri sport kurashlari bo‘yicha yoshlar o‘rtasidagi jahon chempionati bellashuvlariga mezbonlik qilmoqda. Klassik kurash vakillaridan so‘ng endi qizlar toifasida ham barcha g‘olib va sovrindorlar nomi ma’lum bo‘ldi.
E’tiborlisi, ayollar kurashi bo‘yicha JChlari tarixida ilk bor shu musobaqada bizning qizlarimiz finalga yo‘llanma olishdi. -53 kg vazn toifasida Aktenge Keunimjaeva hamda Nabira Esenbaeva esa -62 kg vazn toifasida hal qiluvchi bahsda ishtirok etish huquqiga ega bo‘lishgan edi. Garchi ikki finalda ham vakilalarimiz yaponiyalik raqibalariga imkoniyatni boy berib qo‘yishgan bo‘lsalarda, ularning ishtiroki ko‘pchilik mutaxassislarning iliq fikrlariga sabab bo‘ldi.
Ayni paytda erkin kurash bo‘yicha bir qator vazn toifalarida bellashuvlar bo‘lib o‘tmoqda va unda ham yurtdoshlarimiz o‘z imkoniyatlarini sinovdan o‘tkazishmoqda. Kurashchilarimizga omad tilab qolamiz.
Fikrlar