
Ilhom Sharipov: Maqsad bitta - Superligaga chiqish
Samarqandning «Dinamo» klubi yangi mavsumga tayyorgarligini davom ettirmoqda. O‘tgan yili Superligaga chiqish uchun urinib ko‘rgan bo‘lsa-da, biroq buning uddasidan chiqa olishmagandi. Endi bu safar «Dinamo» jamoasi yana bir bor o‘z maqsadiga erishishga harakat qilib ko‘radi. Ma’lum bo‘lishicha, viloyat hokimi jamoaga jiddiy e’tibor qaratishni boshlagan. Bungacha asosan Samarqandda shug‘ullangan jamoa, endilikda Toshkentda o‘quv-mashg‘ulot yig‘inlarini olib bormoqda. Shu bilan birga PFL tomonidan belgilab berilgan majburiyatlarni bajarish bo‘yicha ham amaliy ishlar olib borilmoqda. Klubning sport direktori Ilhom Sharipov shu va yana boshqa masalalarda suhbatlashdik.
- 1 fevralda viloyat hokimi bilan uchrashdik. Endi jamoamizning oldiga qo‘yilgan maqsad aniq: 1-o‘rinni egallab Superligaga chiqish. Buning uchun viloyat hokimi barcha sharoitlarni yaratib berishini alohida ta’kidladi. Pul, baza, stadion, avtobus masalalarida muammo bo‘lmasligini ma’lum qildi. Masalan, «Dinamo» klubining bazasi qayta rekonstruktsiya qilinyapti. Biz esa ikki haftalik yig‘in o‘tkazish uchun Toshkentga kelganmiz. O‘sha muddat tugaganidan keyin ikki dam olib, so‘ngra 21 fevraldan navbatdagi tayyorgarlik bosqichini boshlash uchun yana Toshkentda mashg‘ulotlarni davom ettiramiz. Jamoamiz uchun yangi avtobus ham kelyapti. Qisqasi, «Dinamo» jamoasi uchun hamma sharoitlar yaxshilanyapti.
- Shunga yarash selektsiya ishlari qanday olib borilyapti?
- Jamoamizga Vohid Shodiev, Mirzakamol Kamolov, Obid Hakimov, Qadamboy Nurmetov, Sunnat Abdullajonov kabi futbolchilar qo‘shilishgan. 1 aprelgacha hali vaqtimiz bor. Shunday ekan, tarkibimizga yana yangi o‘yinchilar qo‘shilishadi.
- Klub etakchisi hisoblangan Ilhom Yunusov nima uchun ketdi?
- Hamma o‘yinchilarning o‘z vaqti soati bo‘ladi. Aslida biz Yunusovga yana qolishini aytgandik. Ammo aytishi bo‘yicha, endi o‘zini murabbiylikka bag‘ishlamoqchi va shu yo‘nalish bo‘yicha o‘qimoqchi ekan. Agar shunday niyati bo‘lsa, tegishli litsenziyani olgach, yoshlar jamoasida ishlashni unga taklif qildik. Ayni paytda Ilhom «Sherdor» jamoasida faoliyat ko‘rsatyapti.
- Jamoaga bosh murabbiylik qilayotgan Davron Fayzievning olib borayotgan ishiga qanday baho berasiz?
- Unga qoyil qolamiz. Negaki, juda mehnatkash. Oddiy, yosh o‘yinchilarni tarbiyalab boryapti va imkoniyat beryapti. Hokim ham, biz ham bosh murabbiyga ishonch bildirib, imkoniyat taqdim etdik. Lekin Davron Fayzievning oldiga faqat Superligaga chiqish vazifasi qo‘yilgan.
- Ammo vazifani bajarish oson bo‘lmaydi. Chunki pro-ligada ham raqobat kuchayib boryapti. Masalan, «Surxon» haqida ko‘pchilik gapiryapti…
- O‘tgan yili ham pro-liganing «A» guruhidagi raqobat kuchli edi. O‘ylaymanki, bu yil ham raqobat kuchli bo‘ladi. Ha, biz ham yaxshi o‘yinchilarni olishga harakat qilyapmiz. Lekin zo‘r futbolchilarning aksariyati Superliga klublari bilan shartnomalar tuzib bo‘lishgan. Menimcha, bu yilgi chempionat nihoyatda qiziqarli kechadi. Ammo hali pro-ligada nechta jamoa qatnashishini bilmaymiz.
- Masalan, siz nechta klub ishtirok etishini bilasizmi?
- Hozircha yo‘q.
- Hech kim bilmaydi. Hali hech nima ma’lum emas.
- Yangi mavsum uchun «Dinamo»ning yillik byudjeti qanday bo‘lmoqda?
- Hali nechta jamoa qatnashishi aniq emas-ku. Agar ishtirokchilar soni 14 ta bo‘lsa, unda smeta va harajatlar ham ko‘proq bo‘ladi. Hammasi jamoalarga qarab smeta qilinadi. Kimdir «Orol» qatnashadi desa, yana kimdir qatnashmaydi deydi. Nukusga borib kelish 1000 kilometr, vodiydan esa 1500 kilometr. Samolyot, poezd yoki avtobusda borasizmi, baribir katta xarajat ketadi. PFL tomonidan pro-liganing «A» jamoalari uchun badal pulini 250 million so‘m qilib belgilagan. Buning ichiga akademiya, futzal, ayollar futboli kabi masalalar ham kiradi. PFL belgilagan talablari bo‘yicha litsenziyalash ishlarini bajarish shart. O‘FA va PFL bunday talablarni o‘z-o‘zidan joriy etayotgani yo‘q. OFKda ham shunday. Hammasi muxlislar uchun qilinmoqda. Misol uchun stadionda ishqibozlar uchun sharoitlar yaxshilanishi ham talablar ichida bor. Muxlis stadionga kirganida u erda hamma sharoit bo‘lishi lozim. Ishqiboz kechki payt stadionga kirganda futbol ko‘rib, maza qilib xordiq chiqarishi kerak. Shu bois O‘FA va PFLning talablari to‘g‘ri. Biroq hammasi baribir pulga borib taqaladi. Lekin biz har qanday holatda ham tayyorgarlik ko‘raverishimiz kerak. Shuning uchun ham Toshkentda shug‘ullanyapmiz va tinmasdan o‘rtoqlik uchrashuvlarini tashkil etyapmiz. Masalan, kuni kecha Qozog‘istonning «Qiron» va «Mash’al» jamoalari bilan o‘ynadik. Endi esa «Surxon» va «Qo‘qon-1912» jamoalari bilan ham o‘ynaymiz.
- Aynan «Dinamo» jamoasi PFLning belgilab bergan talablari bo‘yicha ishlarni qanday olib bormoqda?
- Bizda futbol akademiyasi yo‘q. Shuning uchun biz Respublika markazlashgan futbol akademiyasiga 1 milliard 250 million so‘m to‘lashga majburmiz. Keyin ular orqali kelishuvga erishamiz va Samarqanddagi futbol maktab-internati bilan hamkorlik qilamiz. Chunki ushbu internat Respublika futbol akademiyasiga qarashli hisoblanadi. Bizda ayollar futboli bo‘yicha jamoamiz bor. O‘tgan yili birinchi ligada chempion bo‘lishdi. Bu yildan esa Superligada o‘ynashadi. Futzal jamoamiz ham bor. Kim Superligada o‘ynashni xohlasa, shu talablarni bajarishi shart. Shunday ekan, biz ham aytilgan vazifalarni qilamiz-da. Futbolchilarni ro‘yxatdan o‘tkazamiz-u, ammo talablar bajarilmasa hammasi befoyda-ku?
- Darvoqe, jamoaga legionerlar ham jalb etiladimi?
- Agarda o‘zimiz xohlagan futbolchilarni topa olmasak, u holda Turkmaniston yoki boshqa joydan legionerlarni taklif qilish rejamizda bor.
Fikrlar