Dostonbek Hamdamov bilan eksklyuziv intervyu (To‘liq shaklda)

  • 23 oktabr, 2017, 20:00
  • Isayev Bekzod
  • 0
  • Futbol
CHERY AUTO

Toshkentning “Bunyodkor” klubi a’zosi Dostonbek Hamdamov SPORTS.uz mehmoni bo‘ldi.

Tecno

So‘ngi paytlarda o‘zinning yorqin o‘yinlari bilan muxlislarini xursand qilayotgan Dostonbek Hamdamov O‘zbekiston chempionati, kubok bahslari, ShO‘H parchalanishi, qishda xorijdan bo‘lgan taklifga nima uchun qiziqmagani va boshqalar haqidagi fikrlari bilan o‘rtoqlashdi.

“Bunyodkor” nima sababdan Bekobodda ochko yo‘qotdi?

- Har doim mehmonda “Bunyodkor” uchun qiyin o‘yin bo‘ladi. O‘ylashimcha, boshqa klublarda ham shunday. Chiroylik va vaziyatlarga boy uchrashuv o‘tkazildi. Qolaversa, hakamlarning xatosi ham bor edi.

Nima uchun “Metallurg” o‘z maydonida kuchli raqiblar bilan tengma-teng harakat qiladi-yu, safarda aksincha deb o‘ylaysiz?

- Bu o‘zlarining ruhiy tayyorgarliklari deb o‘ylayman. Haqiqatdan ham grandlarga qarshi bemalol turib bera oladi. Uy uchrashuvlarida muxlislari kuch bag‘ishlab turadi.

Endi “qaldirg‘ochlar”ni 2-o‘rin uchun kurashdan chiqdi deyish mumkinmi?

- Yo‘q, oldinda bellashuvlar bor. Iloji boricha g‘alabaga erishib, yuqori pog‘onalarni egallashga harakat qilamiz. Hali biz kurashdan chiqdik degani emas.  

“Bunyodkor”ga 2-o‘rin uchun kurashda kim asosiy raqobatchi, “Nasaf” yoki “Paxtakor”?

- Hozir biror bir fikr bildirish qiyin. Chunki “Buxoro” ham kurashmoqda. Biz “Nasaf” va “Paxtakor”ga qaramasdan faqat 3 ochko uchun itilishimiz shart. Boshqa natija bizni umuman qoniqtirmaydi.

Umuman olganda, chempionatning borishi oldingi mavsumlardan nimasi bilan farq qilmoqda?

- Oliy ligamiz ijobiy tomonga o‘zgarmoqda. Saviya borasida ham shunday fikr aytish mumkin. Yoshlar kashf etilyapti, sifatli maydonlarga ega bo‘lmoqda. “Paxtakor”, “Bunyodkor”, “Lokomotiv” va “Qizilqum”da yaxshi sharoitlar yaratilgan. Boshqa o‘yingohlarda ham o‘zgarishlar ketmoqda.  

Bu mavsumdagi kutilmagan natijalarni ko‘plab qayd etilishi grandlar kuchsizlanganimi yoki o‘rtamiyona klublar o‘sganidan darakmi?

- Yo‘q, kuchli jamoalarda pasayish bo‘lmadi. Siz aytganingizdek, boshqalar kuchaydi. Masalan, “Qo‘qon-1912”, “Buxoro” va boshqalar. Bu yil oddiy jamoaning o‘zi yo‘q.      

“Bunyodkor” nima uchun “Dinamo” bilan Toshkentda kechgan oliy liga va kubok bahslarida gol ura olmadi?

-Birinchi davrada samarqandliklar dastlab bizning darvozamizni ishg‘ol qilishgan. Shunda hisobni tenglashtirish uchun astoydil to‘p tepdik va maqsadimizga erishganmiz. Kubok bellashuvida ham imkoniyatlarni yuzaga keltirgandik. Biroq omad bizdan yuz o‘girdi. Samarqanddagi bahslarda buning aksi kuzatildi.

Hozirgi kunda “Lokomotiv” boshqalardan yaqqol ustunlik qilmoqda. Buning sababi nimada deb bilasiz?

- Sabablar ko‘p. “Loko”da kuchli o‘yinchilar jamlangan. Qolaversa, ularning raqiblari etarlikcha ochkolarni boy bergani ham hozir oradagi ochkolardagi farq kattalashishiga olib keldi. Hali hech narsa yo‘chotilgani yo‘q. “Temiryo‘lchilar” bilan oldinda 2 ta bellashuvimiz mavjud.

“Bunyodkor”ning kubok finalidagi imkoniyatlari qanday? Ichki chempionatda vaqti-vaqti bilan ochkolar qo‘ldan boy berilmoqda. Bu muhim bellashuv oldidan futbolchilarga ruhiy bosim tug‘dirmaydimi?

- Kubok finaliga osonlikcha chiqqanimiz yo‘q. Bir qadam qoldi sovrin yutishimizga. Buning uchun bor kuchimiz bilan harakat qilamiz. Mirjalol Qosimov bizga faqat bugungi o‘yin haqida o‘ylashimiz kerakligini aytib o‘tadi. Navbatdagi uchrashuvga oldimizdagi bellashuvda o‘tib olsak, o‘shanda tayyorgarlik ko‘ramiz. Chunki fikr-u hayolimiz birinchi o‘tkaziladigan bahsga qaratilishini uqtiradilar.

“Lokomotiv” tarkibida eng havfli o‘yinchi kim?

-Ularda jamoaviy o‘yin shakllangan. Shuning uchun raqib tarkibidan aynan kimnidir ajrata olmayman. Hujumni yakunlay oladigan futbolchilar ham jamlangan. Masalan, Marat Bikmaev, Murod Bobojonov va boshqalar.  

Final “Bunyodkor” stadionida o‘tkazilishi “qaldirg‘ochlar”ga qo‘shimcha kuch bag‘ishlaydimi yoki ortiqcha bosim?

- Ortiqcha bosim tug‘dirmaydi. Biz o‘z uyimizda o‘ynaymiz. Qo‘shimcha kuch big‘ishlashi aniq.

“Bunyodkor” uchun hozircha mavsumning eng qiyin uchrashuvi qaysi?

- Barcha bellashuvlarda muammolar bor. Tanlash qiyin. Lekin Toshkentda “Nasaf” bilan haqiqiy dramatik uchrashuv bo‘lgandi.

Andrey Miklyaev so‘ngi intervyularida ayni paytda “Nasaf” O‘zbekistonning eng kuchli jamoasi deb atadi. Siz bunga qo‘shilasizmi?

- “Nasaf” hozigi kunda uy va mehmonda har qanday raqibga munosib qarshilik ko‘rsatmoqda. Ro‘ziqul Berdiev yaxshi jamoa shakllantirgan. “Ajdarlar” bu mavsum ancha kuchaygan.

Chempionatning eng yaxshi legioneri kim?

- Men uchun “Lokomotiv”dagi Kaxi Maxaradze eng yaxshisi.

Oliy liga-2017ning tasodif yoki syurpriz klubi

- Syurpriz jamoa bu – “Dinamo”. Oleg Tyulkin shogirdlari birinchi davrada muxlislar tomonidan “Lester” nomini ham qo‘lga kiritishdi.  

Dostonbek Hamdamov qaysi futbolchiga qarshi to‘p tepganda qiyinchiliklarga duch keladi?

- O‘zimni texnik tomondan kuchli futbolchi deb bilmayman. Yoshligimdan jamoaviy o‘yin moslashganman. To‘g‘risi, kimdir menga qarshilik ko‘rsatganda qiyinchiliklarga duch kelishim borasida o‘ylab ko‘rmagan ekanman. Qaysidir vaziyatlarda mendan ustunlik qilganlar ham bor. Biroq...

O‘zbekiston milliy terma jamoasining taqdira hal bo‘ldi. Endi keyingi chempionatlarga rejalarni hozirdan tuzish shart. Sizningcha, bosh murabbiy lavozimga qaysi mutaxassis munosib? Ya’ni, o‘zimizga yaqinroq Rossiya va Ukrainadanmi yoki Evropa? 

- Evropa varianti yaxshiroq. Ammo ayni paytda Ro‘ziqul Berdiev vaqtinchalik yangi bosh murabbiy etib tayinlandi. Bilmadim, endi voqealar rivoji qanday tus oladi. Futbolchilar esa MTJga kim ustozlik qilishidan qat’iy nazar, maydonga chiqqanida chin dildan mehnat qilishi shart.  

Terma jamoamizga kimlarning o‘rniga qaysi futbolchilarni jalb qilgan bo‘lardingiz? Yoki o‘zingiz uchun optimal bo‘lgan 11 futbolchi

- O‘zbekiston chempionatida yosh kuchli futbolchilar ko‘p. Yangi murabbiy tanlab shular orasidan tanlab, eng munosiblarini MTJga jalb qiladi.

MTJmiz JChdan quruq qolayotgani barchani dilini xira qilishi aniq. Ammo so‘ngi paytlarda o‘smirlar va yoshlarimiz ham mundiallardan mosuvo qolishmoqda. Bir necha yil avval kuchli sakkizlikka kirgan futbolchilar bugungi kunga kelib, chempionatlardan chetda qolishyapti. Bu o‘zbek futbolining ortga qarab ketayotganidan darakmi?

- 1996 yilgi avloddan so‘ng rivojlanishdan to‘xtadi. Undan keyingi yoshlar JChga chiqa olmayapti. Bunga nima sabab bo‘lganligini bilmaymiz. Kelajagi yorqin iste’dodlar bor. Ammo... Oxirgi marta biz mundialda ishtirok etdik.  

Sizga mavsumlar avvalida xorijdan aynan qaysi klublardan takliflar bo‘lgandi?

- “Bunyodkor”ga takliflar tushganligini eshitdim. Ammo o‘zim qiziqib ko‘rmadim. Chunki “qaldirg‘ochlar” bilan shartnomam bor. Agar u gaplarga e’tibor bersam, muhim o‘yinlar oldidan chalg‘ib qolishni istamadim. Qolaversa, o‘zim ham Evropaning kuchli chempionatlarida to‘p tepishni istayman.   

O‘z imkoniyatingizdan kelib chiqib, qaysi birinchilikda o‘ynab keta olaman deb o‘ylaysiz?

- La Ligani yoqtiraman. Texnikaga asoslangan futbol namoyish etiladi. “Barselona” muxlisiman. Premero o‘yinlarini kuzatib boraman. Shu bois Ispaniyada faoliyat olib borishga ko‘zim etadi.  

Agentingiz kim?

- Hozircha agentim yo‘q.

O‘zbekiston va jahonda qaysi futbolchiga havas qilasiz?

- “Real”da Ronaldu va Beyl, “Barselona”da Messining harakatlarini maroq bilan tomosha qilaman.  

Bir necha yil oldin futbol olamida kuchli triolar yuzaga kelgandi. Biz ham o‘sha paytda BBS, MSNga havas qilib “Bunyodkor” hujumchilarini ShO‘X deb nomlagandik. Ya’ni, Shomurodov, O‘rinboev va Hamdamov. Ho‘sh aytingchi, ShO‘X nima sababdan parchalandi?

- Rostdan ham bu kabi o‘xshatishni oldin eshitgandim. Hammani o‘z yo‘li bor. Zabi avval “Olmaliq”, keyin “Paxtakor”ga yo‘l oldi. Eldor Rossiya chempionatida to‘p tepmoqda. Ammo hozir ham jamoada kuchli futbolchilar jamlangan. Ular bilan boshqa nomlarni chiqarishga harakat qilamiz.   

Eldor Shomurodov Rossiya chempionatida yo‘qolib qoldi, degan qarashlar mavjud. Siz bunga futbolchi sifatida qanday izoh bergan bo‘lardingiz?

- Shomurodov juda kuchli o‘yinchi. Hali o‘z so‘zini aytadi. Gollar urib, jamoasiga foydasi tegishiga ishonaman.  

Zabixillo O‘rinboev masalasida nima deya olasiz? Raqobat yuqori bo‘lishi kutilgan “Paxtakor”dan ko‘ra “Olmaliq”da to‘p tepgani ma’qulmasmidi?

- Barcha futbolchini o‘z stili bor. Zabixillo ikkinchi qavatda ustunlikka ega.  Nima sababdan “sherlar” safiga borib qo‘shilganini bilmayman. Ammo vaqti kelib o‘zini ko‘rsatib, MTJga nomzodlar qatoriga kira oladi.

Bu mavsumning eng yaxshi uch futbolchisi kim?

- Akramjon Komilov, Ikrom Aliboev va Shoxruz Norxonov.

 

Bekzod ISAEV suhbatlashdi

Fikrlar

Fikr qoldirish uchun avtorizatsiyadan o'ting!