Davron Hoshimov: “Lokomotiv” Shuhrat Muhammadievni sotib olishdan oldin menga qiziqqan

  • 10 avgust, 2017, 18:38
  • Isayev Bekzod
  • 0
  • Futbol
CHERY AUTO

 

Tecno

O‘zbekiston milliy terma jamoasi va “Paxtakor” klubi himoyachisi Davron Hoshimov SPORTS.uzmehmoni bo‘ldi.

“Sherlar” a’zosi SPORTS.uz saytiga intervyu berar ekan u O‘zbekiston milliy terma jamoasining so‘nggi paytlardagi mag‘lubiyat sabablari, Shota Arveladze faoliyatidagi dastlabki professional murabbiy, namanganlik muxlislardan xayratlanishi, oliy ligadagi eng qulay stadion, o‘zi uchun O‘zbekiston milliy terma jamoasining optimal tarkibi va boshqalar haqida to‘xtalib o‘tdi. Quyida siz Davron Hoshimov bilan tashkil etilgan intervyu bilan tanishishingiz mumkin:

Davron aka bu mavsum “Paxtakor” kutilmagan natijalarni qayd etish bilan boshladi. Dastlab shu haqda to‘xtalib o‘tsangiz?

- Birinchi davrada og‘ir o‘yinlar bo‘ldi. Qolaversa, jarohatlar ham ko‘payib ketdi. Shunga yarasha futbolchilar ham kam qolgandi. Asosiy tarkibda 7-8 o‘yinchi qoldik. Shundan keyin yoshlar jamoasidan futbolchilar jalb etildi. Umuman olganda, aksariyat uchrashuvlarni zaxira o‘yinchilarisiz o‘tkazdik. Mablag‘ tomondan ham muammolar bo‘lgandi. Lekin qo‘ldan kelgancha harakat qilib shunga yarasha ochkolar jamg‘ardik. To‘g‘ri, ko‘p ochkolar boy berildi. Ammo ikkinchi davrada shularning o‘rnini qoplashga intilamiz. OChL yo‘llanmasini qo‘lga kiritishimiz kerak. Chunki bu oldimizga qo‘yilgan maqsad.

Birinchi davra oxirlariga kelib jamoa uyg‘ondi. Bu nimadan darak, yangi rahbariyat oldida o‘zini ko‘rsatishga urunishmi yoki boshqa sabab bormi?

- Yangi rahbariyat kelgani ma’lum bo‘lgandan so‘ng bizga qolgan o‘yinlar imtihonday o‘tdi. Ushbu bahslarda o‘zini ko‘rsatgan jamoada qolar edi. Shuning uchun o‘zimizni ko‘rsatish uchun astoydil harakat qildik. Qolaversa, futbolchilar ham mas’uliyatni tushunishdi. Hamma o‘z o‘rnini saqlab qolish uchun kurashdi. 

Mana “Paxtakor”ga yangi homiy va murabbiylar tayinlandan so‘ng ikkinchi davrada “sherlar” oldiga qanday maqsad qo‘yildi?

- Murabbiy tayinlangandan so‘ng Arveladze har bitta futbolchi bilan muloqot qildi. Nima kamchiliklar va muammolar bo‘lsa barchasini bilib oldi. Shundan so‘ng Arveladze ham o‘z talablarini aytib o‘tdi. Birinchi navbatda ikkinchi davradagi 14 o‘yinning 12 tasida g‘alaba qozonishimiz shartligi uqtirildi. Kubok bahslaridan erta chiqib ketdik. Shuning uchun o‘yinlarda katta kuch bilan harakat qilishimiz talab etiladi. Bu orqali ikkinchi o‘rin bilan bo‘lsa ham OChLga yo‘llanma olishimiz kerak.

Klub keragidan ko‘p ochkolarni yo‘qotdi. Chempionlik sari kurasha oladimi?

- Albatta. Biz buning uchun astoydil intilamiz. Asosiy maqsad chempionlik.

Tayyorgarlik jarayonlari 2 mahaldan olib borildi. Futbolchilarga ortiqcha qiyinchilik tug‘dirgandir. Chunki oldinlari bu jadaraja mashg‘ulotlar o‘tkazilmagan.

- Avvallari ham kuniga ikki mahal shug‘ullanganmiz. Biroq bu darajada emas. O‘ylaymanki, ushbu mehnatlarimiz chempionatda bizga yordam beradi. Birinchi davrada ko‘p gollar o‘tkazib yubordik. Jismoniy jihatdan kamchiliklar bo‘ldi. Davralar oralig‘ida yo‘l qo‘yilgan xatolar ustida ishladik.  

Shota Arveladzening siz uchratgan murabbiylardan farqi?

- Arveladze keldi. Bizda ozgina hayajon bo‘ldi. Chunki uning talablari va uslubi biznikidan ancha farq qilardi. Aytib o‘tganimdek oldin hamma bilan suhbatlashdi. Keyin esa ishga kirishdik. Umuman olganda Shota men uchratgan eng kuchli mutaxassis.

U futbolchilarni o‘z o‘rniga qo‘ya olardi. Barcha taktikalarni yaxshi tuzib chiqadi. O‘yinchilarga o‘zi nimani istayotganini tushuntirib bera oladi. Biz esa maydonda qanday vazifa bajarayotganimizni bilyapmiz.  

Yangi kelgan legionerlar chempionatdagi xorijlik futbolchilardan qanday ustun tomonlari bor?

- Birinchi navbatda legionerlar mahalliy futbolchidan bir bosh ustun bo‘lishi kerak. Mashg‘ulotlarda birga shug‘ullandik. Menda yaxshi tasuroot qoldirishdi. Ammo hozircha xorijlik o‘yinchilar borasida xulosa chiqarish qiyin. Sekin-asta ular qanday saviyada ekanligini bilib olamiz.

Oliy liga-2017da sizni ajablantirgan jamoa qaysa?

- Bu yil “Qo‘qon-1912” ancha kuchli. Qo‘qondagi o‘yinimiz ancha og‘ir o‘tdi. O‘shanda birinchi bo‘lib o‘z darvozamizdan to‘p olib chiqib keyin hisobni tenglashtirdik. Jamoada No‘’mon Hasanovning qo‘li borligi ko‘rinib turibdi. Mezbonlar ancha hamjihatlik bilan to‘p tepishdi. Futbolchilar o‘zaro bir-birlarini yaxshi tushunishmoqda. Pas o‘ynaydigan klubga qarshi nafaqat “Paxtakor” uchun balki, boshqalar uchun ham qiyinchiliklar tug‘diradi. Bu uslubdagi jamoalarning ko‘p jihatdan ustunligi bo‘ladi.  Bu qo‘qonliklarda mujassam. Shu bois men uchun ajablanarli klub bu – “Qo‘qon-1912”.  

“Paxtakor” qaysi o‘yin uslubiga ega jamoalarga qarshi oson o‘ynaydi?

- Biz himoyaviy uslubga ega raqiblarga qarshi oson harakat qilamiz. Masalan, 2014 yili “Neftchi” bilan Toshkentda o‘tgan bahsda farg‘onaliklar o‘z jarima maydoni yaqinida qamalib olishgandi. Shunda biz unchalik ham qiyinchiliklarga duch kelmaganmiz.

Hujumkor jamoaga qargi uchrashuv qiyin tarzda o‘tadi. Misol uchun “Nasaf” raqibga katta muammolar dug‘diradigan jamoa. Qarshiliklar bilan bellashuvda biz qiynalamiz. “Sherlar” uchun eng noqulay raqib bu – “Nasaf”.

“Paxtakor” uchun mavsumning eng qiyin o‘yini

- Birinchi davraning so‘nggi turlarida “ajdarlar”ga qarshi bahs eng qiyini deb o‘ylayman. Shunda biz 2:1 hisobida zafar quchgandik. Oxirgi yillarda “Nasaf” ko‘proq ustunlikka ega bo‘layotgandi.

O‘zingiz kimga qarshi to‘p tepganingizda qiyinchiliklarga duch kelasiz?

- Men ko‘p futbolchilarga qarshi to‘qnash kelganman. Bir mavsum boshqasi, keyingi yil yana boshqasi. Oldin “Bunyodkor”da Sardor Rashidovga qarshi qiynalardim. Birga qatta bo‘lganmiz. Bitta yig‘inda qatnashganmiz. Shuning uchun u bilan uchrashganimizda intriga bo‘lardi. Hozir esa O‘zbekiston chempionatida mendan yaqqol ustunlik qiladigan hujumchi yo‘q.

Milliy terma jamoa safida esa Janubiy Koreya terma jamoasi hujumchisi Min Songa qarshi o‘yinda ancha qiyin bo‘ldi. U Angliyada bejizga faoliyat olib bormasligini bilganman.

Son Xiyon Minning jismoniy tayyorgarligi milliy terma jamoamiz futbolchilaridan necha barobar yuqori deb o‘ylaysiz?

- Ushbu futbolchi bilan oldin ham to‘qnash kelgan ekanmiz. Son bilan yoshimiz teng. Ammo uning jismoniy holati ancha baquvvat. Oldingi Son Xiyon Min bilan hozirgisini katta farqi bor. U hozir Janubiy Koreya terma jamoasining yuragi desak ham bo‘ladi. Raqibning barcha hujumlarini aynan Son boshlamoqda.

Davron aka, siz Son bilan oldin ham o‘ynaganmiz dedingiz. Endi aytingchi, nima uchun u shu darajaga chiqdiku, bizning futbolchilar top chempionatlarga bora olmayapti?

- Balki, bizda futbol agentlari yaxshi emasdir. Yoki klublarimiz o‘yinchilarni chetga berishni istamagandir. O‘zimizda ham kuchli o‘yinchilar chiqqan. Ammo...

Sizning agentingiz bormi?

- Yo‘q.

Faoliyatingiz davomida Rossiya yoki shunga o‘xshash mamlakatlardan taklif bo‘lganmi?

- 2009-2010 yillarda “Rubin”dan taklif tushgan. Ammo ular “Paxtakor” bilan kelisha olmadi. Shuning uchun men Toshkentda qoldim. Qolaversa, 2013 yili “Krasnodar” ham qiziqqan. Shunda ham har ikki tomon murosaga kela olmadi...

Shu pallada siz “Krasnodar”ga o‘tish istagingiz borligini bildirmaganmisiz?

- Men aytganman u erga borishimni. Ammo o‘sha paytda “Krasnodar” endi rivojlanayotgan jamoa edi. Klub rahbarlari menga bormaslikni tavsiya qilishgan. Chunki “Krasnodar”ga borsang zaxirada qolib ketasan. Shuning uchun yana bir muddat “Paxtakor”da qolishimni aytishgandi.

Bir necha oy oldin sizga “Lokomotiv” va “Buxoro” klubi qiziqayotgani to‘g‘risida xabarlar tarqalgandi. Bu ma’lumot qanchalik to‘g‘ri?

- “Lokomotiv” Shuhrat Muhammadievni olishdan oldin meni o‘z tarkibiga qo‘shib olmoqchi edi. “Buxoro”dan qiziqish bo‘lgani ham rost. Ammo klub bilan shartnomam bor edi. Shuning uchun ketish borasida o‘ylamadim.

O‘z imkoniyatingizdan kelib chiqib, qaysi chempionatda to‘p tepa olaman deb o‘ylaysiz?

- Rossiya chempionatida o‘zimni sinab ko‘rish niyatim bor. Men bunga tayyorman. Aytib o‘tganimdek, bu mamlakatdan yana ko‘plab takliflar bo‘lgan. Menga aytishmagan. Lekin o‘zim bu haqda bilganman.

“Paxtakor” yangi homiy va katta loyihani o‘zida amalga oshirmoqda. Hozirgi holatda “Rostov” sizga taklif bilan chiqsa, bunga qanday javob berasiz?

- Agar u erdan qiziqish bo‘lib, meni o‘z tarkibiga qo‘shib olmoqchi bo‘lsa, men ijobiy javob berardim. Chunki bu mening orzuim.

“Paxtakor”dagi o‘zgarishlardan oldin klubingizni o‘zgartirishni o‘ylab ko‘rganmisiz?

- Men 2008 yil “Paxtakor” maktabiga kelgan bo‘lsam, 2011 yildan “sherlar” asosiy tarkibiga kirdim. Bu jamoa men uchun qardli. 6-7 oy pul olmay yurgan paytlarimiz bo‘ldi. Lekin o‘sha paytda ham ketish haqida o‘ylamaganman. “Paxtakor”ni hamma yaxshi ko‘radi. Bu xalq jamoasi.  

O‘z pozitsiyangiz bo‘yicha dunyoda eng kuchlisi kim deb hisoblaysiz?

- Menimcha Dani Alves. Men uning o‘yinlarini kuzatib, o‘rganaman. Umuman olganda qanot himoyasida kim to‘p tepsa, unga ahamiyat beraman.

O‘zbekistonda sizga qaysi futbolchi raqobatchi sanaladi?

- Oliy ligada Akmal Shorahmedov menga raqobatchi hisoblanadi. Keyin Shuhrat Muhammadiev.

Chempionatimizdagi eng kuchli futbolchi va legioner

- Yaqindagina “Rostov”ga o‘tgan Eldor Shomurodov chempionatimizdagi eng kuchli o‘yinchi edi. Legioner esa “Nasaf” hujumchisi Dragan Cheran.       

O‘zbekiston terma jamoasining so‘nggi paytlardagi o‘yinlarning birinchi taymini yaxshi o‘tkazmoqda. Ikki bo‘limda esa jismoniy tayyorgarlik pand bermoqda. Shuning uchun oldinda turgan muhim bahslar oldidan bu borada ishlar olib borilmoqdami?

- Janubiy Koreya bilan uchrashuvni ijobiy tarzda boshlagandik. Himoyadan qarshi hujumga chiqmoqchi edik. Va buni dastlabki bo‘limda uddaladik. Ammo ikkinchi taymning 70-daqiqalaridan raqiblar ustunlikni qo‘lga olishdi. To‘psiz yugurgan futbolchi charchashi aniq edi. Qolaversa, konsentratsiyani yo‘qotdik. Shu bois biz yig‘in davomida bu kamchiliklar borasida ishlamoqdamiz.

Eron va Janubiy Koreya kuchli. Lekin Suriyadan uchralgan mag‘lubiyat sabablari nimada?

- Suriya uy uchrashuvlarini Malayziyada o‘tkazmoqda. Biz u mamlakatga bir hafta oldin uchib ketdik. Iqlimi va maydoni juda og‘ir. Namlik yuqori bo‘lgani uchun futbolchilar toliqishdi.  Biz Malayziyada o‘yin qiyin bo‘lishini bilgandik. Chunki Janubiy Koreya ham Eron ham gol ura olmagan. Yaratgan vaziyatlarni golga aylantira olmadik. Ular esa qarshi hujumda bizni jazolashdi. So‘nggi daqiqalarda nimalar yuz bergani esa barchaga ayon.

Qolaversa, chetda to‘p tepadigan futbolchilarimizning holati ham ideal darajada bo‘lmadi.  Xitoyda legionerlar limiti joriy etilgan. Natijada Krimetsda o‘yin amaliyoti bo‘lmagani uchun ham sabab bo‘ldi.

Yo‘qotadiganlarimizni yo‘qotib bo‘ldik. Endi Xitoy va Janubiy Koreya haqida o‘ylashimiz kerak. Vaqt oz qolmoqda. Ushbu jamoalarni nimaning hisobiga mag‘lub etishimiz mumkin?

- Hozir asosiysi barchasi o‘z qo‘limizda. Yuqorida aytilgan jismoniy kamchiliklar borligi uchun xorijdan murabbiy olib kelindi. Endi bu ikki raqibni faqat hujumkor o‘ynab mag‘lubiyatga uchratish mumkin. Bunaqa imkoniyat hali bo‘lmagan. Hudo xohlasa mazkur bellashuvlarda zafar quchib mundialga to‘g‘ridan-to‘g‘ri yo‘llanmani naqd qilmoqchimiz.

Siz uchun O‘zbekiston terma jamoasining 11 talik optimal tarkibi qanday bo‘ladi?

- Ignatiy Nesterov, Akmal Shorahmedov, Anzur Ismoilov, Egor Krimets, Vitaliy Denisov, Eldor Shomurodov, Odil Ahmedov, Fozil Musaev, Vadim Afonin, Sardor Rashidov, Temurxo‘ja Abduholiqov.   

Davron Hoshimov maydonda qo‘pol o‘yinchi safatida gavdalanadi. Hayotda qanday inson?

- Hayotda ancha hazilkash insonman. Ko‘p tanishlarim futbolda boshqachasan deyishadi. O‘yindagi harakatlarimga kelsak, maydonga tushganimda azart tufayli shunaqa ko‘rinsam kerak. Lekin men kimgadir jarohat etkazishni o‘ylamayman. Chunki raqib ham futbol orqasidan oilasini boqadi. To‘g‘ri, zo‘r texnikali himoyachi emasman. Ammo vazifamni bajarishga intilaman. Agar biror futbolchiga shikast etkazadigan bo‘lsam kechirim so‘rayman. Masalan, bir necha yil oldin Shohruh Gadoev jarohat olgandi. O‘shanda men to‘pni tepib yuborganimda uning ustiga noqulay yiqilganman, ataylab emas. Buni uchrashuv tasvirlarida bir necha bor ko‘rib chiqqanmiz.

Bu yil “Nasaf”ga qarshi o‘yindan so‘ng Maqsud Karimov bilan janjallashgandingiz. Nima sababdan bahs yakunlanib chiqib ketayotganingizda u bilan orani ochib qilishga kirishib ketgansiz?

- Men to‘pga oyog‘imni tashlanganimdan keyin u ustidan o‘tib ketadigan holatda Maqsud Karimov jarohat etkazish maqsadida bosib o‘tgandi. Jiddiy jarohat olishim mumkin edi. Shuning uchun qatta jahlim chiqqandi.

Xorijdan qaysi klubga muxlislik qilasiz?

- “Real” o‘yinlarini kuzatib boraman.

O‘zbekistondagi eng yaxshi stadion va qaysi o‘yingoh siz uchun qulay?

- “Olmaliq” maydoni engil. Bu futbolchilar uchun qulay. Chimlari va iqlim yaxshi. U erda o‘zimni erkin his etaman.

Eng og‘ir stadion esa “Nasaf”niki. Chunki qarshidagi o‘yingoh maydoni og‘ir. Markaziy chimi tabiiy. “Paxtakor”niki esa boshqa joydan olib kelingan. Sharoitlar borasida “Bunyodkor”ga etakchi. Ammo “Qo‘qon-1912” va “Buxoro” stadionining ahvoli, sharoitlari qoniqarli darajada emas.

Qolaversa, issiq kunlarda o‘yinlar vaqti ancha ertaroqqa qo‘yilmoqda. Masalan, Qo‘qondagi bellashuv besh yarimda boshlangan. Bunaqa havoda futbol o‘ynash qiyin. Lekin shunday bo‘lsa ham qulayliklar yo‘q stadionga qo‘qonlik tomoshabinlar 2 soat oldin borib, o‘yingohni to‘ldirib o‘tirishgan. Biz bundan hayajondamiz. Chunki havo harorati ancha issi va hali uchrashuvga ancha bor edi. Ishqibozlar to‘la stadionda to‘p tepish baribir boshqacha zavq beradi.

Qaysi jamoa muxlislari sizni hayratlantiradi?

- Namanganning “Navbahor” ishqibozlari lol qoldirgan. Bizning “lochinlar”ga qarshi Toshkentdagi o‘yinimizga shu qadar ko‘p ishqiboz keldiki, hayron qildik. Men shunda namanganda o‘ynayapmizmi yoki Toshkentda ajratolmay qoldim. Jamoadoshlar bilan biz yana Namanganda o‘ynayapmiz ekanda deb hazillashdik.

Toshkentda klublar stadionga muxlislarni qaytarish uchun ko‘p ishlar qilishdi. Yutuqli chipta joriy etib, g‘olibga “Damas” avtomobili berildi. Lekin samarasiz yakunlandi. Siz bu borada qanday yo‘l tutardingiz?

- Mana bizda aytib o‘tganingizdek, muxlislar uchun yutuq sifatida “Damas” avtomobili berildi. Lekin... Endi faqat natija evaziga tomoshabinlarni qaytarish mumkin. OChLda o‘zimizni ko‘rsata olsak, oldi-berdi o‘yinlar yo‘q bo‘lmoqda. Shunga muxlislar ishonsa, keyin o‘yingohlarimiz ishqibozlar bilan to‘ladi.  

Davron Hoshimov terma jamoaning mag‘lubiyat sabablari, Arveladze faoliyatidagi ilk professional murabbiy va boshqalar haqida

Fikrlar

Fikr qoldirish uchun avtorizatsiyadan o'ting!