Davron Fayziev o‘z futbolchilarini nega jarimaga tortdi? Yoxud “Dinamo” – “Xorazm” o‘yinida nimalar bo‘ldi?

  • 30 avgust, 2018, 11:55
  • Baxtiyorjon Toshtemirov
  • 0
  • Futbol
CHERY AUTO

Samarqandning “Dinamo” klubi oxirgi paytlarda o‘ziga kelib oldi deyishimiz mumkin. Boisi, Davron Fayziev boshchililik qilayotgan jamoa ketma-ket g‘alabalarni qo‘lga kiritishni boshladi. Lekin birinchi davrada ko‘plab ochkolarning yo‘qotilishi natijasida samarqandliklar hali kuchli uchlikka ko‘tarila olishgani yo‘q. Ammo shu ketishda bo‘lsalar, ular albatta yuqori o‘rinlarga da’vogarlik qila olishadi. Aslida ham “Dinamo”ning minimal maqsadi kuchli uchlikdan joy olish, maksimal vazifa esa – bu Superliga! Lekin shuni ham aytish kerakki, “Dinamo” uchun pro-ligada har bir bellashuv og‘ir o‘tmoqda. Masalan, 23-turda o‘z uyida “Xorazm”ni qabul qilgan Fayziev jamoasi katta qiyinchilik bilan 2:1 hisobida g‘alaba qozondi. Bizning e’tiborimizni tortgan jihat shu bo‘ldiki, o‘sha o‘yinga hakam tomonidan naqd 15 daqiqa vaqt qo‘shib berildi. Bu esa albatta turli gap-so‘zlarga sabab bo‘lgani aniq. Qolaversa, raqibning ikki nafar o‘yinchisiga qizil kartochka ko‘rsatildi. “Dinamo” esa o‘sha qo‘shib berilgan daqiqalarda ikkita gol urdi. Ammo uchrashuvdan keyin mezbonlar ustozi jamoasining bir qator o‘yinchilarini jarimaga tortganligi ma’lum bo‘ldi. Albatta, bu juda qiziq holat. Shu bois bosh murabbiy avvalo ushbu holat bo‘yicha SPORTS.uz muhbiriga ma’lumot berib o‘tdi.

Tecno

- O‘yindan bir kun oldingi mashg‘ulotimizdan keyin futbolchilar bilan o‘zaro yig‘ilish o‘tkazdim. To‘g‘risi, bungacha uchta o‘yinda g‘alaba qozonganimiz uchun “Xorazm”ga qarshi uchrashuvdan oldin yigitlarimizda raqibni oldindan yutib qo‘yishgandek tasavvur uyg‘otdi. Ya’ni, futbolchilarimizda raqibni mensimaslik harakatlarini sezgandim. Shuning uchun ularga murabbiy sifatida sizlarning o‘yinga bo‘lgan tayyorgarliklaring yoqmayapti deb aytgandim. O‘yinda esa men aytgan holat to‘g‘ri bo‘lib chiqdi. “Xorazm” jamoasi yaxshi o‘yin ko‘rsatdi. Bundan ko‘ra yaxshiroq himoyalanishdi desam to‘g‘ri bo‘lardi. 0:1 hisobidagi mag‘lubiyatni 2:1 ko‘rinishidagi g‘alabaga aylantirishdi va yigitlarimiz o‘zlarini qo‘lga olib iroda ko‘rsatishdi. Aksiga olib penaltidan gol ura olmadik. Bu ham jamoamizga o‘z ta’sirini ko‘rsatdi. Rosti, o‘sha uchrashuvdan keyin bir qator futbolchilarimizni jarimaga tortdim. Masalan, jamoamiz sardori Ilhom Yunusov berilgan ko‘rsatmani maydonda bajarmadi. Negaki, 11 metrli jarima zarbasini oldindan berilgan ko‘rsatmaga asosan Yunusov tepishi kerak edi. Standart vaziyatlarini yana boshqa futbolchimiz bajarishi lozim edi. Aytmoqchimanki, berilgan ko‘rsatmalarimiz o‘zgarib ketdi. Bunga esa o‘yinchilarimizning o‘zlari sababchi. Shu bois ayrimlarini jarimaga tortdim. Bular – Ilhom Yunusov, Viktor Grigorev, darvozabon Shoxruh Eshbo‘taev, aynan darvozamizdan gol o‘tkazib yuborishimizda u qo‘pol xatoga yo‘l qo‘ydi. Bu tarzdagi qo‘pol xato esa butun jamoani “sindirib” qo‘yishi mumkin. Shuningdek, Pavel Purishkin bilan Jumanqo‘ziev ham jarimaga tortildi. Purishkin penaltidan gol ura olmadi. Men u bilan o‘yindan keyin gaplashdim. 11 metrli jarima zarbasidan avval u Yunusovga penaltini o‘zi tepishini va gol urib o‘zini yanada ishonchliroq his qilib olishi haqida aytgan. U “Dinamo”dagi birinchi o‘yinida gol urgandi, ammo keyingi uchrashuvlarda undan omad yuz o‘girayotgandi. Xullas, penalti belgilangan vaziyatda ikkala o‘yinchi shunday kelishuvga erishishgan. Bu yoqda esa murabbiyning ko‘rsatmasi chetda qolib ketyapti. Shuning uchun bosh murabbiy sifatida ularni jarimaga tortishga qaror qildim. Lekin ularni qancha miqdorda jarimaga tortganligimiz haqida ayta olmayman. Boisi, bu klubning ichki siri hisoblanadi.

- O‘yin haqida to‘xtaladigan bo‘lsam, ha, ayrim gap-so‘zlar bo‘ldi. Ammo “Xorazm” jamoasining murabbiyi uchrashuv borasida ortiqcha e’tiroz bildirgani yo‘q. Chunki hammasi ochiq-oydin ko‘rinib turgandi. Shunchaki, uchrashuvga 15 daqiqa vaqt qo‘shib berilgani odamlar orasida turli mish-mishlarni keltirib chiqargan bo‘lishi mumkin. Lekin PFL ushbu bellashuv borasida ochiq ma’lumot berdi. Aytayotgan bu gaplarimdan so‘ng ko‘pchilik meni o‘z jamoasini himoya qilyapti deb o‘ylashlari mumkin. Ammo PFL ham o‘yinda bo‘lgan barcha voqeani ochiq-oydin aytib, vaziyatga baho bergan. Shuning uchun men ham bungacha hech kimga intervyu bermay turgandim. Tushunaman, “Xorazm” muxlislarida ham 15 daqiqa vaqt qo‘shib berilgani uchun e’tirozlar bo‘lishi mumkin. Ammo ular o‘yinni ko‘rishgani yo‘q. Agarda o‘zlari uchrashuvni tomosha qilishganida hammasiga iqror bo‘lishardi. Chunki “Xorazm” futbolchilari o‘yindan boshlanganidan boshlab vaqt cho‘zishga kirishdilar. Bu bilan ular o‘yin tempini tushirishga harakat qilishdi. Ammo o‘yinni boshqaradigan hakamlar bor. Biz murabbiylar esa hakamlarga biror nima deya olmaymiz. Hammasini o‘zlari hal qilishadi. Hakamlarni nazorat qiladigan mas’ul shaxslar bor. Shuning uchun hammamiz ularning qarorini hurmat qilamiz. Baribir jamoamiz a’zolarida raqibni biroz mensimaslik holati kuzatildi. Mana shunday vaziyatda ko‘rsatgan o‘yinimiz uchun muxlislarimizdan uzr so‘rayman. Chunki ishqibozlarimizni g‘alabalar qozonib xursand qilishga va ko‘proq gollar ko‘rishga o‘zimiz o‘rgatdik. Stadionga kelgan har bir muxlis birinchi navbatda chiroyli futbol va g‘alabani ko‘rishni xohlashadi. Buni jamoamizdan talab qilishadi. Shu bois ularni ham to‘g‘ri tushunaman. Yigitlarga esa ko‘tarilayotgan cho‘qqidan pastga tushmaslikni birinchi vazifa qilib aytgandim. Chunki bundan buyog‘iga yo‘qotadigan ochkoimiz uchun muxlislarimiz bizni kechirishmaydi. Buni har kuni futbolchilarimizga tushuntirib borishga harakat qilyapman. Agar Superligada ishtirok etishni xohlaydigan bo‘lsak, har bir uchrashuvda g‘alaba qozonishimiz kerak.

Shuningdek, “Dinamo” klubi bosh murabbiyi Pro-ligadagi intriga, Superliga uchun kurashdagi imkoniyatlar haqida ham gapirdi. Jumladan, “A” guruhi etakchilari haqida ham to‘xtalib o‘tdi.

- Har bir jamoada ko‘tarilish va pasayishlar bo‘ladi. Masalan, “Andijon” jamoasi o‘tgan turda Termizda “Surxon”ni yirik hisobda yutgan bo‘lsa, bu safar o‘z uyida “Sho‘rtan”ga yutqazib qo‘ydi. Balki andijonliklarda ham xuddi biz kabi raqibni mensimaslik holati kuzatilgan bo‘lishi mumkin. Lekin “Sho‘rtan” klubiga hurmatni saqlagan holda aytishim kerakki, g‘uzorliklar yomon jamoa emas. Yozgi yig‘in paytida “Sho‘rtan” bilan nazorat bahsini o‘tkazib 3:2 hisobida g‘alaba qozongandik. O‘shanda bu jamoa menda juda yaxshi taassurot qoldirgandi. Yorqin Nazarov bilan Murod Otajonovning qilayotgan mehnati samarasi bilinib turgandi. “Mash’al” klubida esa biroz bo‘shashishlik sezilayotgandek. Ammo bu hozircha hech narsani anglatmaydi. “Surxon”ning eng yaqin ta’qibchisi “Mash’al” bo‘lib turibdi. Biroq muborakliklar ham o‘z uyida ochko yo‘qotishyapti. Bu turda “Istiqlol”ga mag‘lub bo‘lishdi. Undan oldin esa biz Farg‘onada ushbu klub bilan o‘ynab qiyinchilik bilan g‘alabaga erishgandik. Ammo o‘shanda “Istiqlol” menda yaxshi taassurot qoldirgandi. Biroq “Mash’al”ni “A” guruhidagi eng kuchli jamoa deb hisoblayman. U erda bir necha yildan beri bitta murabbiy ishlab kelyapti, o‘yin uslubi ham o‘zgacha. Ammo “Mash’al”ning muammosi menimcha o‘zaro ichki muhiti bilan bog‘liq. Lekin oldinda hali o‘yinlar ko‘p. Hozir hech nima hal bo‘lgani yo‘q. Har bir jamoani syuprizlar kutib turibdi. Endilikda biz uchun har bir uchrashuv xuddi olti ochkolik o‘yin hisoblanadi. Qiziqarli turlar hali oldinda deb o‘ylayman.
- Ko‘pchilik “Andijon”ni muddatidan oldin Superligaga chiqarib qo‘yishgan bo‘lsa, bu qolgan klublar uchun imkoniyat deganidir. Oldindan kimnidir chiqdi yoki tushib ketdi demaslik kerak. Masalan, o‘zim bu borada hech nimani hisoblayotganim yo‘q. Hali hammasi oldinda.

Yaqinda Samarqand viloyatiga Erkinjon Turdimov hokim etib tayinlangandi. Shundan keyin ko‘pchilik “Dinamo” jamoasining ishlari yaxshilanib ketishi haqida ayta boshladi va chindan ham samarqandliklar g‘alabalar seriyasiga kirishib ketdi. Qolaversa, gap-so‘zlarga qaraganda, ayni paytda bu klubda moliyaviy tomondan hech qandy muammo yo‘qligi haqida ham aytilmoqda. Biz esa bu masala bo‘yicha ham Fayzievning o‘ziga murojaat qildik.

- Viloyatimiz hokimi futbolni juda sevadi va katta e’tibor qaratadi. Murabbiy sifatida u kishining Navoiy va Surxondaryo viloyatlaridagi ishidan yaxshi xabardorman. Samarqand viloyatiga rahbar bo‘lib kelganidan hammamiz xursand bo‘ldik. Hozircha hokim bilan uchrashuv tashkil qila olganimiz yo‘q. Lekin yaqin vaqtlarda viloyat hokimi bilan uchrashuv bo‘lishi mumkinligiga ishonyapman. O‘zbekiston bilan Tojikiston o‘rtasida memorandum imzolangan. Eslasangiz, yaqinda Samarqandga Tojikistonning Xo‘jand viloyati delegatsiyasi kelib ketgandi va o‘shanda “Dinamo” bilan xo‘jandliklar o‘rtasida o‘rtoqlik o‘yini tashkil etilgandi. 7 sentyabr kuni esa Tojikistonda ikkala viloyat rahbarlari takroriy uchrashuv o‘tkaziladi. 4 sentyabr kuni Termizda “Surxon” bilan o‘ynasak, 7-kuni Tojikiston klubi bilan o‘rtoqlik uchrashuvida maydonga tushamiz. O‘ylaymanki, o‘sha uchrashuv arafasida viloyatimiz hokimi bilan jamoamiz taqdiri haqida gaplashib olamiz degan umiddaman. Moliyaviy imkoniyat haqida gapiradigan bo‘lsam, bizda u qadar katta mablag‘ yo‘q. Lekin bizda hammasi barqaror ravishda. O‘z vaqtida oylik maoshlarimizni olyapmiz.

Shuhratbek JO‘RAEV suhbatlashdi.

Fikrlar

Fikr qoldirish uchun avtorizatsiyadan o'ting!