Bahodir Nasimov Ozarbayjonda “yo‘qolib” qoldimi?

  • 8 oktabr, 2018, 18:00
  • Baxtiyorjon Toshtemirov
  • 0
  • Futbol
CHERY AUTO

Ozarbayjon chempionatiga ko‘chib o‘tgan Bahodir Nasimovning u erdagi faoliyati qanday kechayotgani borasida muxlislarimizning qiziqayotganliklari haqida eshitib turamiz. Mahalliy “Keshla” jamoasi a’zosiga aylangan hujumchimizning oxirgi paytlarda ishlari u qadar yurishmayotgandek. Bungacha “Keshla” “Inter” deb nomlanardi. Buning ustiga uning jamoasi mag‘lubiyatlar girdobiga tushib qolgani haqida ham ma’lumotlar bor. Nasimov yangi jamoasi safida ko‘proq zaxirada qolayotgani esa yoqimsiz holat. Shuning uchun biz Bahodir bilan bog‘landik va u erdagi faoliyati hamda aslida vaziyat qanday ekanligi bilan yaqindan qiziqdik.

Tecno

“To‘g‘risi, yangi jamoaga moslashishim qiyin bo‘lyapti”

- Bu jamoaga qo‘shilganimga uch oy bo‘ldi. Sizga rostini aytsam, yangi jamoaga moslashish jarayoni menda qiyinroq bo‘ldi. Yangi futbolchilar bo‘lgani uchun qiynalganim rost. Mana, endi asta-sekin ular bilan bir-birimizni tushunishni boshlayapmiz. Shuningdek, hozirgi kunda jamoamiz qayd etayotgan natijalar ham odamni xursand qilmaydi. Afsuski, ko‘p o‘yinlarda yutqazdik, ba’zida durang qayd etdik. Bir tomondan qaraganda ushbu salbiy natijalarimiz ham kayfiyatimizga ta’sir ko‘rsatyapti.

“Qachonki, ko‘proq o‘ynasam shunda o‘yin amaliyotim ortib boraveradi”

- To‘g‘ri, Ozarbayjondagi oldingi faoliyatim ajoyib chiqqandi. U paytda hammasi boshqacha edi. Boz ustiga legionerlar bilan munosabatimiz juda yaxshi edi. Qolaversa, xorijlik futbolchilar ham ancha saviyali edi. Hozirgi paytda esa tarkibda asosan yoshlar o‘ynashyapti. To‘g‘risi, ular bilan hali bir-birimizni yaxshi tushunmayapmiz. Ilgari bilsangiz, 90 daqiqa davomida faqat futbol o‘ynardim. Qachonki, o‘yinchi ko‘proq o‘ynasa, shunda o‘yin amaliyoti oshib boraveradi. Agar siz maydonga tushmasangiz, yangi jamoaga moslashishingiz qiyin kechaveradi. Hozirgi jamoamda esa kam o‘ynayapman. Shuning evaziga u erga ko‘nikib ketishim qiyin kechmoqda.

“Negadir yutqazaversak ham murabbiy asosiy tarkibni almashtirishni yomon ko‘radi”

- Bizning jamoamizda yamaykalik hujumchi bor. Negadir jamoamiz yutqazaversa ham bosh murabbiy tarkibni almashtirmaydi. O‘zining aytishicha, men asosiy tarkibni almashtirishni yomon ko‘raman deydi. Shuning uchun har doim o‘sha tarkib. Ketma-ket uchta o‘yinda yutqazsak ham yana o‘sha tarkibdan foydalanaveradi. To‘g‘ri, meni ham maydonga tushirib turadi, ammo asosan zaxiradan qo‘yadi. 10-15 daqiqa, oshib ketsa 20 daqiqaga maydonga tushirishi mumkin. Hujumchida 90 daqiqa davomida bittagina imkoniyat bo‘lishi mumkin. Yoki bo‘lmasa unda 2 daqiqa ichida bitta imkoniyat ham bo‘lib qolishi mumkin. Afsuski, menda hali u qadar imkoniyatlar ham bo‘lgani yo‘q. Hozircha 5 ta o‘yinda 1 ta gol urdim. Bu esa hujumchi uchun kam. Nega? Chunki o‘zim kam o‘ynayapman-da. Futbolchi qancha ko‘p o‘ynasa, unda shuncha imkoniyat bo‘laveradi. Balki ko‘proq o‘ynaganimda gollarim ham shunga yarasha bo‘lardi deb o‘ylayman. Ammo, negadir murabbiy tarkib almashtirishni yomon ko‘rar ekan.

“Keshla”ni tanlab afsuslanganim yo‘q”

- Bu mening tanlovim. Shu bois hech nimadan afsuslanmayman. Shu kungacha qaerda o‘ynagan bo‘lsam ham biror marta afsus chekmaganman. Men hech nimaga e’tibor bermasdan o‘z ustimda ishlashda davom etaveraman. Klub bilan shartnomam kelasi yilning may oyigacha tuzilgan. Shu yilning dekabr oyida esa chempionatning birinchi davrasi tugaydi. Ungacha yana vaziyatni ko‘rib chiqamiz. Ammo yana takrorlashim mumkin, bu tanlovim tufayli xato qildim deb o‘ylamayapman. Shunchaki, ko‘proq ishlayapman. Rostini aytsam, jamoadagi futbolchilarning o‘zlari ham menga nima uchun seni asosiy tarkibda maydonga tushirmayapti, deb ko‘p so‘rashyapti va hayron qolishyapti. Bu esa o‘zim uchun ham tushunarsiz bo‘lib qolyapti. Murabbiyimiz esa serbiyalik. U erda mahalliy jurnalistlar ham sizga o‘xshab men haqimda savol berishsa, ularga ham shu javobni aytadi va tarkibni almashtirishni yoqtirmayman deydi. Har xil murabbiy bor-da!

“Maqsadimiz kuchli uchlikka kirish, lekin...”

- Afsuski, klubdagi ishlarimiz ham yaxshi emas. To‘rtta o‘yinda yutqazdik va bir bor durang o‘ynadik. Klub prezidenti kuchli uchlikka kirishni asosiy maqsad qilib qo‘ygan. Faqat shunisi yaxshiki, chempionatda jamoalar o‘rtasidagi ochkolar farqi u qadar katta emas. Agar bitta o‘yinda yutib olsak, yuqori o‘rinlardan biriga chiqib olishimiz mumkin.

“U erdagi do‘stlarim bilan oldingi xotiralarni eslab turamiz”

- To‘g‘ri, Ozarbayjonda mening do‘stlarim ko‘p. Ular bilan ba’zida ko‘rishib turamiz va oldingi yillarni eslab turamiz. Endi mening “Neftchi”dagi faoliyatim tarixga aylangan. Lekin do‘stlarim bilan o‘sha tarixni eslashib, gaplashib kulamiz va bu biz uchun yoqimli tuyuladi. Chunki u erda ko‘plab voqealar bo‘lgan.

“Kuperga o‘zimni ko‘rsatish uchun jonimni berishga tayyorman”

- Ektor Kuper terma jamoaga nomzod bo‘lgan barcha o‘yinchilarni chaqirib, yana boshqatdan imkoniyat havola etyapti. Lekin murabbiy meni kuzatyaptimi-yo‘qmi, bundan bexabarman. Agarda meni ham termaga chaqiradigan bo‘lsa, Kuperga o‘zimni ko‘rsatish uchun jonimni berishga tayyorman.

“Afsuski, Ozarbayjon chempionati oldingidek kuchli emas”

- Ozarbayjon chempionatida ilgari yaxshi legionerlar ko‘p edi. Balki shuning uchun bo‘lsa kerak, chempionat saviyasi ham kuchliroq edi. Shunga yarasha chempionlik uchun 5-6 ta jamoa kurash olib borardi. Hozir esa faqat birgina “Karabax” chempion bo‘lib kelmoqda. Oxirgi besh yilda ushbu klub 1-o‘rinni egallab kelyapti. To‘g‘risi, Ozarbayjon chempionati oldingidek emas.

Shuhratbek Jo‘raev suhbatlashdi.

Fikrlar

Fikr qoldirish uchun avtorizatsiyadan o'ting!