Azizbek Turg‘unboev 10-raqamni tanlagani, maqsadlari va rejalari haqida
Joriy mavsumda o‘z oldiga yuksak maqsadlarni qo‘ygan Namanganning “Navbahor” klubi ortda qolgan 2ta tur bahslaridan keyin peshqadamlar safida bormoqda. Birinchi turda Bekobodda “Metallurg” bilan nursiz durangga imzo chekkan “lochinlar” 2-turda Olmaliqda AGMKni 2:1 hisobida mag‘lubiyatga uchratishdi.
Olmaliqliklar ustidan qozonilgan g‘alabada jamoa yarim himoyachisi Azizbek Turg‘unboevning ham munosib hissasi bor. Uchrashuvning 50-daqiqasida Turg‘unboev jarima zarbasini ajoyib tarzda amalga oshirib, hisobni ochgan bo‘lsa, hakam tomonidan qo‘shib berilgan vaqtda burchak zarbasini amalga oshirib, jamoadoshi Dilshod Jabborovga to‘pni qulay tarzda etkazib, uning goliga hammualliflik qildi.
"Navbahor" matbuot xizmati Superliga 2-tur qahramoni bilan suhbat uyushtirdi. Quyida intervyu manti keltirilgan.
- Azizbek, mana Superliganing 2ta tur bahslari ortda qoldi. Bu boradagi dastlabki xulosalaringiz...
- Superliga o‘z nomiga mos ravishda qiziqarli uchrashuvlarga boy tarzda kechmoqda. O‘yinlar natijasini oldingidek avvaldan bashorat qilish qiyin bo‘lmoqda. Kutilmagan hisoblar qayd etilmoqda. Masalan, “Metallurg”ning “Lokomotiv” maydonidan ochko bilan qaytishi, bu yil o‘z tarkibini sezilarli tarzda kuchaytirgan “Paxtakor”ning “Bunyodkor”dan mag‘lubiyatga uchrashini kim ham o‘ylabdi, deysiz? Shunday ekan, Superligadagi barcha klublar kuchli, ularning orasida kuchsizi yo‘q. Har bir jamoa o‘z hisobiga ochko yozib qo‘yish uchun kurashmoqda.
- “Navbahor” ham safarda “Metallurg” va AGMK klublariga qarshi bahs olib borib, durang va g‘alaba qayd etdi. Raqiblar borasida nima deya olasiz?
- Bekobodliklar jamoamizga qarshi kechadigan o‘yinga yaxshi tayyorgarlik ko‘rishgan ekan. Shunday bo‘lsada, “Metallurg” bilan bo‘lgan bahsda g‘alaba qozonish uchun maydonga tushdik. Ammo yuzaga kelgan vaziyatlardan foydalana olmadik. Bundan tashqari, maydonning sifati hali talab darajasida emasligi ham o‘yinimizga o‘z ta’sirini o‘tkazdi. Shu sababli, Bekobodda nursiz durang bilan cheklanishga majbur bo‘ldik.
AGMK birinchi turda safarda, “Bunyodkor”dan ochko olib qaytgandi. Shuning uchun olmaliqliklar bilan bo‘ladigan uchrashuvga astoydil tayyorgarlik ko‘rdik. O‘sha o‘yinda klub rahbariyati va muxlislarning ishonchlarini oqlash uchun yutishimiz shart edi. Xudoga shukr, o‘z niyatimizga etib, muhim 3 ochkoni qo‘lga kiritdik.
- AGMK bilan bo‘lgan uchrashuvda jarima zarbasini ajoyib tarzda amalga oshirib, hisobni ochdingiz. G‘alaba to‘pi kiritilganda esa burchak zarbasidan keyin to‘pni Dilshod Jabborovga qulay tarzda etkazib berdingiz. Standart vaziyatlarni amalga oshirish borasida mashg‘ulotlar davomida alohida shug‘ullanasizmi?
- Albatta, shug‘ullanaman. O‘tgan mavsumda ham ayrim paytlarda standart vaziyatlarni amalga oshirardim. Joriy yildan boshlab, jarima va burchak to‘plarini tepishni menga ko‘proq ishonib topshirishdi. Mendan tashqari, jamoamiz sardori Dilshod Jabborov ham standart vaziyatlarni amalga oshirishda ustasi farang. Jarima zarbalari qaysi nuqtadan belgilanishiga qarab, Dilshod aka bilan kelishgan holda, standart vaziyatlarni amalga oshiryapmiz.
- Olmaliqdagi o‘yinda esa jarima zarbasini amalga oshirish uchun to‘p oldiga siz keldingiz. O‘sha lahzalarda gol urishingizga ishonganmidingiz?
- O‘sha vaziyatda to‘p kiritishimni yuragim sezgandi. Shuning uchun to‘p oldiga o‘zim borib, jarima zarbasini amalga oshirdim va Xudoga shukr, ichki sezgim pand bermadi.
- Standart vaziyatlarni samarali tarzda amalga oshirish uchun qaysi futbolchilarning o‘yinlarini kuzatib, ulardan o‘ziga xos tarzda “saboq” olyapsiz?
- Zamonaviy futbolda jarima zarbalarini amalga oshirish borasida “Barselona” etakchisi Lionel Messiga teng keladigan futbolchi bo‘lmasa kerak, menimcha. Shuningdek, “Real” hujumchisi Krishtianu Ronaldu ham standart vaziyatlarni samarali tarzda foydalana oladi. Jahonning eng yaxshi futbolchilari bo‘lgan mazkur o‘yinchilardan texnika va standart vaziyatlarni amalga oshirishni o‘zlashtirishga harakat qilyapman.
- Joriy mavsumda nechta gol urishni maqsad qilgansiz?
- Har bir o‘yinda to‘p kiritishni maqsad qilganman. Buni amalga oshirish uchun qo‘limdan kelganicha harakat qilaman. Albatta, buni yolg‘iz o‘zingiz amalga oshirishingiz qiyin. Shuning uchun o‘tgan mavsumdagi bo‘lgani kabi yarim himoyadagi sheriklarim – Dilshod Jabborov, A’zam Aliev va Oston O‘runovlar ham o‘z “pas”lari bilan bu borada yordam berib, gollarimga yana assistentlik qilishadi, degan umiddaman. Ushbu jamoadoshlarim bilan maydonda bir-birimizni yaxshi tushunamiz va jamoamizning g‘alabalariga munosib hissamizni qo‘shamiz.
- Joriy mavsumda “Navbahor” tarkibiga bir qator yangi futbolchilar qo‘shilishdi. Yangi jamoadoshlaringiz haqida fikringiz qanday?
- Yangi jamoadoshlarimning barchasi yuqori saviyali futbolchilar. Ular dastlabki 2ta o‘yinda o‘z mahoratlarini namoyish etishdi va bundan keyin ham ishonchni oqlash uchun harakat qilishadi. Hozirgi tarkibimiz yaxshi shakllangan. Mazkur futbochilar bilan oldimizga qo‘yilgan vazifani bajaramiz, degan umiddaman.
- O‘tgan mavsumda 77-raqam ostida to‘p surgandingiz va buni 7 raqamini yoqtirishingiz bilan izohlagandingiz. Bu yil esa 10-raqamni tanlabsiz. Buning sababi nimada?
- To‘g‘ri, 7 raqamini yoqtiraman. Ammo 10-raqam ostida jahonga mashhur futbolchilar – Pele, Diego Maradona va yana ko‘plab taniqli o‘yinchilar o‘ynashgan. Shu bois, mazkur raqamni tanlashga qaror qildim. O‘sha mashhur futbolchilarning izdoshi bo‘lish, ularga o‘xshashga intilaman.
- Superliganing 3-tur doirasida “Navbahor” o‘z maydonida amaldagi chempion “Lokomotiv”ni qabul qiladi. Bo‘lajak o‘yin va raqib borasidagi fikringiz...
- “Temiryo‘lchilar”ning Osiyo Chempionlar Ligasi va milliy chempionatimiz doirasidagi o‘yinlarini tomosha qildim. To‘g‘ri, jamoa ancha kuchli va tarkibidan yuqori saviyali futbolchilar joy olishgan. Buning ustiga “Lokomotiv” amaldagi mamlakat chempioni. Lekin har qanday jamoa, jumladan, “Lokomotiv”ni ham mag‘lubiyatga uchratsa bo‘ladi. Axir, “Metallurg” “temiryo‘lchilar” maydonidan ochko olib qaytdi-ku! “Temiryo‘lchilar”ga qarshi kechadigan uchrashuv joriy mavsumdagi Namangandagi ilk o‘yin va mavsumning ochilish bahsi bo‘ladi. Shuning uchun bo‘lajak uchrashuvga astoydil tayyorgarlik ko‘ryapmiz va 17 mart kuni g‘alaba qozonib, muxlislarga quvonch ulashish niyatidamiz.
Ishqibozlar 12-o‘yinchi rolini bajarib, Bekobod va Olmaliq shaharlarida jamoamizni ajoyib tarzda qo‘llab-quvvatlashdi.
17 mart kuni muxlislardan yanada faol bo‘lishlarini kutib qolamiz. Bu bizning kuchimizga-kuch qo‘shib, Xudo xohlasa, “Lokomotiv”ni mag‘lubiyatga uchratishimizda yordam beradi. Bu yil “Navbahor”ning 40 yillik yubileyi nishonlanadi. Biz ham to‘yga to‘yona degandek, yaxshi o‘yinlar namoyish etib, sovrindorlar safidan joy olishga harakat qilamiz. Fursati kelganida, klub rahbariyatiga ham o‘z minnatdorchiligimni bildiraman. Ular bizga barcha sharoitlarni yaratib berishyapti. Ularning ishonchlarini oqlash uchun maydonda bor kuchimiz bilan harakat qilamiz. Jamoamiz ahil-inoq va yaxshi shakllangan. Bu jamoa bilan har qanday raqibni mag‘lubiyatga uchratishga qurbimiz etadi.



Fikrlar