Atoqli polvonimiz Olimpiada chempionini tayyorlamoqchi (foto)

  • 17 iyul, 2017, 21:19
  • 0
  • Dzyudo
CHERY AUTO

Ramziddin Saidov dzyudo bo‘yicha mamlakatimiz sharafini xalqaro maydonlarda munosib himoya qilgan atoqli polvonlarimizdan. U dzyudo bo‘yicha Osiyo chempioni va Osiyo o‘yinlari sovrindoridir.

Tecno
 

Uzoq yillar davomida O‘zbekiston terma jamoasi safida muvaffaqiyatli faoliyat olib borgan Ramziddin Saidov bugungi kunda ham murabbiy, ham hakam sifatida ishlamoqda. O‘zbekiston terma jamoasi murabbiylar shtabidan ham joy olgan.

SPORTS.uz axborot portali mashhur dzyudochi bilan suhbatlashdi.

- Ramziddin dzyudodan ketganingiz rostmi?

- Yo‘q. Men hozir tatamida kurashmayapman xolos. Buni dzyudodan ketish, deb bo‘lmaydi. Men hakam sifatida ishlayapman. Hozirgacha dzyudo bo‘yicha beshta musobaqada hakamlik qildim. Shulardan ikkitasi xalqaro turnirlar.

- Qiyinchilik yo‘qmi?

- Aytarli qiyinchilik yo‘q. Biroz hayajon bor. Chunki hakam xato qilmasligi kerak. O‘zimiz ham kurashganmiz va hakam xatosining oqibatlarini yaxshi bilamiz. Hozircha, hamma ishim reja asosida ketyapti.

Hakam sifatida ham O‘zbekiston bayrog‘ini jahonga tanitish niyatim bor. Aslida referilik qilishning kurash tushishdan kam joyi yo‘q. Uning ham o‘ziga yarasha hayajoni va mas’uliyati bor.

- Olimpiada medali sizga armon bo‘lib qoldimi?

- Ha, shunday. Salomatligim pand bergan paytlar bo‘ldi. Niyatimga etolmadim. Taqdir ekan.

Lekin hozir yosh dzyudochilarni tayyorlayapman. Men ko‘p yillardan buyon dzyudo olamida yuripman. Kelajak avlodga o‘rgatadiganlarim ko‘p. Balki shogirdlarim orasidan Olimpiada medalchilari chiqar. Ularning yutug‘ini o‘zimnikiday qabul qilaman. Ayniqsa, o‘g‘illarim Azmiddin va Mustafodan umidim katta.

Men tatamida kurashmayotgan bo‘lsam-da, dzyudo butunlay tashlab ketolmayman.

- Hayotingizda kimlar muhim rol o‘ynagan?

- Avvalo ota-onam. Ular biz uchun borini bergan. Ularning duolari bilan bugungi darajaga etdik.

Qolaversa, ustozlarim - Armen Bagdasarov, Rustam To‘raev, Farhod To‘raev, Andrey Shturbabin, Mansur Jumaev doimo meni qo‘llab kelishgan. Ulardan ham minnatdorman.

- Bu yilga rejalar qanday?

Toshkentda bo‘ladigan Gran-prida hakamlik qilaman. Bu men uchun katta sinov. Chunki bu ilk nufuzli musobaqa bo‘ladi.

Dzyudo qaytishim ham mumkin. Bu rejada bor. O‘zimga yarasha maqsadlarim ham yo‘q emas. Hammasini vaqt ko‘rsatadi.

- Ramziddin, hakamlik va murabbiylik ishida omad tilaymiz. Sizni tatamiga chiqishingizni intizorlik bilan kutamiz...

 

SPORTS.uz

Fikrlar

Fikr qoldirish uchun avtorizatsiyadan o'ting!