
«Andijon» ikki futbolchini o‘z safiga qo‘shib oldi
«Andijon»ning navbatdagi xaridi - Ruslan Melzitdinov. Tajribali futbolchi o‘tgan mavsum Jizzaxning «So‘g‘diyona» jamoasida o‘ynagandi.
Futbolchilik faoliyati davomida, «Neftchi», «Bunyodkor», «Buxoro», «Qo‘qon-1912», «Sho‘rtan» hamda «So‘g‘diyona» kabi jamoalar sharafini himoya qilgan Melzitdinov shu kunga qadar O‘zbekiston Oliy ligasida (hozirgi Superliga) 200ga yaqin rasmiy uchrashuvda maydonga tushganini e’tirof etish lozim.
Shuningdek u o‘z vaqtida O‘zbekiston yoshlar, olimpiya va milliy terma jamoa tarkibida ham rasmiy uchrashuvlarda ishtirok etgan.
Ruslan bundan tashqari ikki bor o‘zini xorij klublarida sinab ko‘rgan, xususan Qozog‘istonning «Jetisu» va Eronning «Naft MIS» jamoalarida ma’lum muddat faoliyat yuritib qaytgan.
1985 yil Farg‘ona viloyatining, Qo‘qon shahrida tavallud topgan futbolchi so‘nggi yillarda maydonda markaziy himoyachi vazifasini bajarib kelmoqda.
Bugun «Andijon» va Ruslan Melzitdinov o‘rtasida rasman kelishuvga erishildi. Bu haqda klub matbuot xizmati xabar bermoqda.
Shuningdek himoya chizig‘idagi raqobatni yanada kuchaytirish maqsadida Bobur Omonov taklif etildi.
Mahoratli himoyachini muxlislar yaxshi bilishsa kerak bungacha asosan «Buxoro» jamoasida o‘ynab kelayotgandi. Bugun Omonov «burgutlar» bilan rasman kelishuvga erishdi va shu tariqa joriy mavsumni «Andijon»da o‘tkazadigan bo‘ldi.
29 yoshli futbolchi universal hisoblanib, mudofaa chizig‘ining istalgan chizig‘ida birdek o‘ynay oladi.
Ma’lumot uchun, Bobur Omonov o‘tgan mavsum «Buxoro» tarkibida 22ta o‘yin (jami 1915 daqiqa) o‘tkazib, 1ta gol va 4ta sariq kartochka qayd etgan.
Fikrlar