
“Andijon” bir oyog‘i bilan Superligada
Pro-liga musobaqasi ham asta-sekin poyoniga etib boryapti. Shanba va yakshanba kunlari 33-tur uchrashuvlari o‘tkazildi. Kutilganidek, hammaning asosiy e’tibori “A” guruhiga qaratilgan. Boisi ushbu guruh g‘olibi kelasi yili Superligada ishtirok etadi. “V” guruhi esa hech kimda qiziqish uyg‘otmay qo‘yganiga ancha bo‘lgan. Haqiqiy kurash esa “A” guruhida davom etayotgani sababli u erdagi intriga hammani qiziqtiryapti. 33-turdan keyin esa qisman bo‘lsa-da, ayrim masalalar o‘z echimini topgandek bo‘ldi.
3 noyabr kuni “A” guruhida ikkita o‘ta muhim bo‘lgan markaziy uchrashuvlar bo‘lib o‘tdi. Samarqandda “Dinamo” Farg‘onaning “Istiqlol” jamoasini qabul qilgan bo‘lsa, Andijonda “Andijon” hamda “Surxon” o‘rtasidagi jiddiy qarama-qarshilikning guvohiga aylandik. Ayniqsa, “Andijon” – “Surxon” o‘rtasidagi o‘yinning ahamiyati anchayin jiddiy ko‘rinishda edi. “Sport” telakanali ham pro-liganing ushbu turiga e’tibor qaratgan holda “Dinamo” – “Istiqlol” to‘qnashuvini to‘g‘ridan-to‘g‘ri efirga berdi. Xabaringiz bo‘lsa, samarqandliklar ushbu bellashuvda qiyinchilik bilan yagona gol evaziga muhim uch ochkoni qo‘lga kiritishdi. Biz esa avvalo “Andijon” – “Surxon” bellashuvga e’tibor qaratmoqchi edik. Termizda kechgan o‘yinda andijonliklar 0:3 hisobidagi yirik g‘alabani qo‘lga kiritishgandi. Agarda “Surxon” Andijondan quruq qo‘l bilan qaytadigan bo‘lsa, 1-o‘rin uchun imkoniyatini yo‘qqa chiqarardi. Shu bois termizliklar uchun ham mazkur bahs o‘ta muhim ahamiyatga ega edi. Ammo shaxsan viloyat hokimining jamoa a’zolarini qo‘llab-quvvatlagani o‘z ta’sirin ko‘rsatdi va “Andijon” yagona gol evaziga g‘alaba qozonib Superliga sari yana bir qadam tashlagan holda yakka peshqadamga aylanib oldi. “Surxon” esa mazkur mag‘lubiyatdan keyin Superligaga to‘g‘ridan-to‘g‘ri yo‘llanmani qo‘lga kiritish imkoniyatini batamom qo‘ldan chiqardi. Endi ular pley-off yo‘llanmasini beruvchi 2- yoki 3-o‘rin uchun kurash olib boradi. Oldinda esa ularni “Orol” va “Sho‘rtan”ga qarshi o‘yinlar kutib turibdi. Oxirgi 36-turda esa termizliklar dam olishadi. Shu bois “Surxon” uchun mavsum 35-turda o‘z nihoyasiga etadi. 4-o‘rinda borayotgan termizliklar oxirgi ikkita o‘yinni yutgan taqdirda ham peshqadam – “Andijon”ga yaqinlasha olishmaydi. Chunki bu jamoaning hisobida hozirda 57 ochko mavjud, agar “Surxon” ikkita uchrashuvda g‘olib chiqqan taqdirda ham ochkolari soni 56 taga etadi xolos. Bu esa ularni faqat pley-off yo‘llanmalari uchun kurash olib borishini anglatib turibdi.
Bu turda dam olgan “Mash’al” esa “Andijon” – “Surxon” o‘rtasidagi o‘yinda durang natija qayd etilishidan manfaatdor edi. Ammo endilikda muborakliklar andijonliklardan uch ochkoga ortda qolishyapti. Hozirda esa Superliga yo‘llanmasi uchun eng yaxshi imkoniyat “Andijon”da bo‘lib turibdi. 2- va 3-o‘rinda borayotgan “Mash’al” hamda “Istiqlol”da ham bu borada imkoniyat bor, yo‘q emas. Ammo oxirgi uchta tur mazkur klublar uchun hal qiluvchi ahamiyat kasb etadi. Shunga qaramay, baribir hamma narsa Eldor Sakaev boshchilik qilayotgan “Burgutlar”ning o‘z qo‘lida qoldi. Ular keyingi turni safarda “Xorazm”ga qarshi o‘tkazishadi. So‘ngra o‘z uyida “Istiqlol”ni qabul qilishsa, oxirgi turda Muborakda “Mash’al” mehmoni bo‘lishadi. Ko‘rib turganingizdek, ular uchta o‘yindan ikkitasini asosiy raqobatchilariga qarshi o‘tkazadi. Ammo navbatdagi turda “Xorazm” maydonida kechadigan o‘yin ham “Andijon” uchun oson kechmaydi. Boisi, urganchliklar sun’iy qoplamali maydonda o‘ynashadi. Bu esa andijonliklarga qanchalik ta’sir ko‘rsatarkin? Masalan, Nukusning “Orol” jamoasi ham o‘z uyida sun’iy maydonda o‘ynaydi. “Andijon” esa Nukusda ushbu maydonda durang o‘ynab qaytdi, “Mash’al” esa yirik hisobda yutqazib qaytgan. Shularni hisobga olsak, “Andijon”ni “Xorazm”ga qarshi og‘ir uchrashuv kutib turibdi. Lekin tajriba baribir o‘z so‘zini aytishi ham mumkin. Ko‘pchilik esa Superliga yo‘llanmasi oxirgi turda “Mash’al” – “Andijon” o‘rtasidagi o‘yinda hal bo‘lishi haqida ta’kidlashmoqda. Lekin ungacha “Mash’al”ni ham ikkita og‘ir o‘yin kutib turibdi. Avvalida o‘z maydonida “Dinamo”ni qabul qilishsa, so‘ngra safarda “Norin” mehmoni bo‘lishadi. Agarda “Mash’al” bilan “Andijon” oxirgi turga yo‘qotishlarsiz etib borgan taqdirda ham o‘zaro o‘yinlar bo‘yicha ustunlik andijonliklar tomonida ekanligini unutmaslik kerak. Shunday ekan, “Mash’al” uchun oxirgi turgacha asosiy raqibining qaerdadir ochko yo‘qotishi muhim.
“Istiqlol”ga to‘xtaladigan bo‘lsak, oxirgi uchta o‘yindan ikkitasi nisbatan engil raqiblarga qarshi o‘tadi. Boisi o‘z maydonida “Norin” va “Orol”ni qabul qiladi. O‘rtada esa Andijonga borib kelishadi. Aynan mana shu o‘yin farg‘onaliklarning taqdirini hal qilishi kutilyapti. Katta ehtimol bilan “Istiqlol” pley-off yo‘llanmasini beruvchi o‘rinni saqlab qolsa ham katta gap. Darvoqe, “Dinamo” klubi ham pley-off yo‘llanmasi uchun kurash olib borayotganini unutmaslik kerak. Ammo bu borada ularning imkoniyati kamroq. Chunki samarqandliklarning faqat ikkita o‘yini qoldi, 35-turda esa dam olishadi. Payshanba kuni Muborakda “Mash’al” bilan kuch sinashishsa, oxirgi turda “Norin”ni qabul qilishadi. Demak, Muborakdagi o‘yinda “Dinamo” qanday bo‘lmasin g‘alaba qozonishi shart. Bu yoqda esa “Mash’al” Superligaga to‘g‘ridan-to‘g‘ri yo‘llanma uchun oxirigacha kurashmoqchi.
Xullas, “A” guruhida siz bilan bizni oxirgi qaynoq uchta tur bahslari kutib turibdi. Baribir hamma narsa “Andijon” jamoasining o‘z qo‘lida qoldi. Hozirdanoq ushbu jamoani Superligaga chiqqani bilan tabriklashayotganlar ham bo‘lyapti. Agar ikkita o‘yinni o‘z foydasiga hal qilsa, oxirgi turda “Mash’al”ga qarshi o‘yin shunchaki rasmiyatchilikka ham aylanishi hech gap emas. Buning uchun 34-turda qayd etiladigan natijalarga ham ko‘p narsa bog‘liq.
Oxirgi uchta turda quyidagi juftliklar bahs olib borishadi
34-tur
8 noyabr (payshanba)
“Surxon” – “Orol”
“Xorazm” - “Andijon”
“Istiqlol” – “Norin”
“Mash’al” – “Dinamo”
“Sho‘rtan” dam oladi.
35-tur
13 noyabr (seshanba)
“Norin” – “Mash’al”
“Andijon” – “Istiqlol”
“Orol” – “Xorazm”
“Sho‘rtan” – “Surxon”
“Dinamo” dam oladi.
36-tur
19 noyabr (dushanba)
“Xorazm” – “Sho‘rtan”
“Istiqlol” – “Orol”
“Mash’al” – “Andijon”
“Dinamo” – “Norin”
“Surxon” dam oladi.
Shuhratbek Jo‘raev tayyorladi.
Fikrlar