2019-2020 yillar uchun OChLda O‘zbekistonga 1+2 kvota ajratildi
Unga ko‘ra, 2019-2020 yillarda bo‘lib o‘tadigan Osiyo Chempionlar Ligasida O‘zbekistonga 1+2 ko‘rinishida yo‘llanmalar ajratildi. Xatda qayd etilishicha, mazkur yo‘llanmalar OFKning 2017 yil 15 dekabrdagi tsirkulyarida belgilangani kabi OFK klublar o‘rtasidagi musobaqalar reytingiga asoslandi va bunda milliy terma jamoa natijalari 10 foiz ulushni, klublarning OFK musobaqalaridagi natijalari esa 90 foiz ulushni tashkil etdi.
OFKning klublar o‘rtasidagi musobaqalar reytingi qit’a chempionlar ligasi hamda OFK kubogida mamlakatlar klublarining muvaffaqiyatli ishtirokiga qarab yangilab boriladi. 2019-2020 yillar uchun kvotalar ajratilgan dastlabki reytingda O‘zbekiston 43.305 reyting ochkosi jamg‘argan holda Osiyoda 9-o‘rinda qayd etildi. G‘arb mitaqasida BAA, Saudiya Arabistoni, Qatar va Erondan so‘ng 5-o‘rin band etildi. Bu esa O‘zbekiston chempionining kelasi ikki yil davomida OChL guruh bosqichiga to‘g‘ridan-to‘g‘ri yo‘l olishini ta’minlaydi. O‘zbekiston kubogi sohibi hamda Superligada 2-o‘rinni qo‘lga kiritadigan jamoalar esa OChL saralashining ikkinchi bosqichidan kurashga kirishish imkoniyatiga ega bo‘lishadi.
Ta’kidlash joizki, OFK klublar o‘rtasidagi musobaqalar reytingidan kelib chiqqan holda yo‘llanmalarni taqsimlab chiqdi. Qaysidir a’zo mamlakat assotsiatsiyasi klublari biror sabab bilan (masalan, litsenziyalashdan o‘ta olmay) qit’a miqiyosidagi musobaqalardan chetlashtirilsa, yo‘llanmalar sonida o‘zgarishlar bo‘lishi mumkinligi qayd etilgan. Shu sababdan OChL hamda OFK kubogi qatnashchilari yo‘llanmalarining yakuniy ro‘yxati dekabr oyi boshida OFK tomonidan e’lon qilinadi.



Fikrlar