
Zafar Xolmurodov: "To‘g‘risi, bunday natijani hech kim o‘ylamagandi"
“Nasaf” klubining sobiq yulduzlaridan biri Zafar Xolmurodovni muxlislar yaxshi esalashadi. Jamoasi uchun juda katta mehnat qilgan va O‘zbekiston chempionati tarixidan joy olgan. Ayni paytda Xolmurodov “Nasaf” U-21 jamoasini boshqaryapti.
Bilasiz, “Nasaf” Superligani mag‘lubiyat bilan boshladi va bu orqali ko‘pchilikni ajablantirib qo‘ydi. Bu borada ko‘pchilik turlicha munosabat bildiryapti. Xolmurodov ham bevosita uchrashuvni stadionda kuzatib bordi.
Darvoqe, uning o‘g‘li Aziz Xolmurodov ham asta-sekin asosiy tarkibga jalb qilinyapti. “Andijon”ga qarshi uchrashuvda ushbu o‘yinchi zaxiradan maydonga tushdi. Dadasi Zafar Xolmurodov esa “Nasaf”ning “Andijon”ga yutqazib qo‘yganiga quyidagicha munosabat bildirdi.
“Bilasizmi, har bir jamoani hurmat qiladigan holatimiz bo‘lishi kerak. Doim aytaman: har qanday raqibga hurmat bilan qarash kerak. Kim bo‘lishidan qat’iy nazar, u pastki o‘rinda bo‘ladimi yoki yuqoridami, tayyorgarlik raqibni hurmat qiladigan darajada bo‘lishi lozim. “Andijon” jamoasi qarshi hujumda o‘ynadi. Bunday taktika bilan o‘ynagan jamoaga qarshi o‘ynash qiyinroq. Bu birinchi uchrashuv, chempionatning boshi, bunday paytda muxlislar qarshisida oson bo‘lmaydi. “Andijon” puxta tayyorgarlik ko‘rgan ekan. Kamchiliklarimiz oldingi chiziq bilan bog‘liq. Hujumda imkoniyatlarimiz past bo‘ldi. Baribir himoyaviy o‘ynagan jamoa bilan kurashish qiyinroq. “Nasaf” imkoniyat qidirdi, lekin foydalana olmadi. Omad raqib jamoaga kulib boqdi. Gol urilgan o‘sha vaziyatda zarba berildi, darvozabon buni kutmagandi. Bu – futbol. Unda hamma narsa bo‘lishi mumkin. Futbolchilar yomon to‘p surishmadi.
To‘g‘risini aytsam, men ham bunday natijani kutmagandim. Bu kabi hisob bo‘lishini hech kim o‘ylamagandi. “Andijon” o‘tgan yili pro ligada o‘ynab bu yil Superligaga qaytdi. Bunday futbolchilarni yig‘ishi va bunday taktika tanlashi hech kimni hayoliga kelmagan. “Nasaf”da aksariyat o‘yinchilar birgalikda to‘p surib kelishyapti. To‘g‘ri, 2-3 ta yangi futbolchilar qo‘shilgan. Ular keyingi uchrashuvlarda jamoaga qo‘shilib ketadi. Lekin bunday qo‘shilib ketishlari ham qiyin bo‘ladi. Ha, “Nasaf” futbolchilari yomon o‘ynashmadi, yaxshi harakat qilishdi. Faqat vaziyatlar kamroq bo‘ldi. “Andijon” meni hayron qoldirdi.
“Nasaf”da jarohat olgan futbolchilar bor. Marko Stanoevich, Lima Kruz kabi o‘yinchilar istaysizmi-yo‘qmi, jamoa etakchilari. Ularni o‘rni bilinadi. Ayniqsa, hujumda Limaning yo‘qligi sezildi. Hujumchingiz zo‘r bo‘lsa hech qanaqa muammo bo‘lmaydi.
Norchaevga keladigan bo‘lsak, rahbariyat to‘g‘ri qaror qabul qilgan bo‘lsa, demak chetga ketishiga rozilik bildirishgan. Uni ushlab turilsa vaqt o‘taveradi. O‘zbekiston chempionatida o‘zini ko‘rsatdi. Hamma Xusaynni biladi. Endi saviyasi yuqori chempionatda o‘zini ko‘rsatishi kerak. Omadini bersin. Bundan ham yaxshiroq klublarda to‘p surishiga tilakdoshman”, - deydi Zafar Xolmurodov.
Shuhratbek Jo‘raev.
Fikrlar