"Yuventus"ning Eldor Shomurodovga qiziqishi qanchalik haqiqat? Dadasi o‘g‘liga qanday maslahat beryapti? Azamat Shomurodov bilan suhbat

  • 9 yanvar, 2021, 19:50
  • Shuhratbek Jo’rayev
  • 5
  • Futbol
CHERY AUTO

Italiya A seriyasida to‘p surayotgan yagona hamyurtimiz – Eldor Shomurodov atrofida qanday xabarlar tarqalayotganini endi yaxshi bilsangiz kerak. “Jenoa” safida oxirgi paytlarda faol o‘yin ko‘rsatayotgani evaziga unga “Yuventus”ning e’tibori tushib qolgani haqidagi xabar biz uchun muhim. Garchi bu to‘g‘ri yoki hali tasdiqlanmagan bo‘lsa ham. Axir shamol bo‘lmasa daraxtning uchi qimirlamaydi, degan gap bor-ku.

Tecno

Ayni paytda Shomurodov va “Jenoa” “Bolonya”ga qarshi bo‘lajak uchrashuvga jiddiy tayyorlanishyapti. Shomurodov bilan bog‘liq yangiliklar esa uning oilasi va albatta ota-onasini ham befarq qoldirmasligi shubhasiz.

Shu sababli sports.uz muxbiri Eldorning dadasi – Azamat aka Shomurodov bilan qator qiziqarli mavzularda suhbatlashdi. Tabiiyki, farzandining “Yuventus”ga o‘tish imkoniyati, o‘g‘liga qanday nasihat qilayotgani va yana boshqa masalalardagi fikrlari barchamiz uchun qiziq edi.

- Eldorning maqsadi katta. U Italiyaning o‘rtacharoq klubda o‘ynayapti, o‘zini ko‘rsatsa yanada kuchli klubga o‘tishiga ishonchim komil, - deya gap boshladi, Azamat aka. - Hammasini vaqt ko‘rsatadi. O‘ziga ishonmasa u erlarga bormasdi. O‘zi ham katta niyatlar bilan ketgan, bizdan duo olib. Nasib bo‘lsa, hozircha hammasi yaxshi bo‘lyapti. “Yuventus” oladimi yoki boshqasimi, hammasini vaq ko‘rsatadi. Lekin, menimcha “Jenoa”da yana biroz to‘p surib moslashishi kerak. “Yuventus”ga o‘tib ketsa, zaxirada o‘tirib qolarmikin, deymanda. “Jenoa”ning yaxshi va yomon kunini ko‘proq ko‘rishi kerak. Mana, hozir jarohatdan qutulib o‘z ustida yaxshi ishlayapti. Uni hamma ko‘tar-ko‘tar qilib, “Yuventus”ga o‘tishini olqishlashsa-yu, lekin biroz o‘yini chiqmay zaxiraga o‘tirib qolsa, yana gap-so‘z bo‘ladi. “Rostov”da ham Shomurodovni u er, bu erlarga ketadi deyishganida gol ura olmay qolgandi. Bu narsa miyasiga o‘rnashib qolishi mumkin. O‘sha paytlarda shunday bo‘ldi, bir qator klublar chaqiryapti deyishdi, bu tomonda uylanish rejasi ham bor edi. Natijada 6-7 oy gol ura olmay qolgandi. Ammo Eldor avvalgidan ancha ulg‘aydi. O‘yini ham o‘zgardi. Endi bunday gaplar ta’sir qilmasa kerak deb o‘ylayman.

- Unga “Yuventus” qiziqyapti, degan xabar chiqqanidan keyin o‘zi bilan gaplashdingizmi? Rostdan bu jiddiy ekanmi?

- Eldor bilan bu haqida hech kim gaplashmagan. Faqat shunday maqola chiqib ketgan. Balki rostdan e’tibor qaratishayotgandir, biroq klub bilan ham, o‘zi bilan ham gaplashishmagan. Eldor faqat o‘yin haqida o‘ylayapti, telefonini ham o‘chirib qo‘ygan.

eldor5

- Eldorning bu xabarga munosabati qanday bo‘ldi?

- Hali to‘liq ma’lum bo‘lgani yo‘q. O‘zimni ham bundan xabarim yo‘q dedi. Balki kuzatishayotgan bo‘lsa kerak. Morataning o‘rnini to‘ldirishi mumkin deb shu xabarni yozgan va bundan boshqalar olib tarqatishgan. O‘g‘lim esa hali bu 100 foiz emas deyapti.

- Azamat aka, “Jenoa”ning “Yuventus”ga qarshi o‘yinidan keyin bitta kadrga ko‘zib tushib qolgandi, faqat bu Eldormi-yo‘qmi, deb ikkilangandim. Ya’ni, uchrashuv tugaganidan so‘ng, Shomurodov aynan Alvaro Morata bilan futbolka almashgandek ko‘ringandi, menga...

- Ha, to‘g‘ri, futbolka almashgan. Unga nimaga Ronaldu bilan futbol almashmading deb so‘raganimda, buni o‘zimga ep ko‘rmadim. Morata bilan futbolka almashdim, u yaxshi bola ekan, aytsam, rad qilmadi dedi.

- Qizig‘i, o‘sha o‘yinda Eldor Shomurodov Ronaldudan to‘pni olib qo‘ygan epizodi katta voqelik sifatida qabul qilindi. Siz qanday reaktsiya bildirdingiz?

- O‘sha vaziyatni ko‘rib ular bilan ham o‘ynasa bo‘lar ekan dedim. Chunki Eldor ham ulardan qolishmayapti-da. Tez fikrlash kerak, to‘pni olib qo‘yish uchun ham bir qadam oldin yugurish kerak. Unda chopishi ham yaxshi. Agar to‘pni xotirjam qabul qilib olsa, istalgan raqibidan o‘ta oladi.

eldor3

- O‘g‘lingiz Italiya hayotiga moslashib bo‘ldimi? Til masalasida qiynalmayaptimi?

- Yaqinda O‘zbekistonga uch kunga kelib ketgandi. O‘shanda hammasini gaplashgandik. Aytishi bo‘yicha hammasi yaxshi, o‘zini qoniqtiryapti. Jamoadoshlari bilan bir-birinikiga mehmonga ham borib turishar ekan. U erga ko‘nikyapti.

- “Jenoa”da bosh murabbiy almashib, Rolando Maranning o‘rniga Ballardini kelganidan keyin bu Shomurodovga imkoniyatlarini ko‘rsatish uchun yaxshi ta’sir ko‘rsatayotgani haqida ham eshitib turibmiz...

- Ballardini “Jenoa”ga qaytgach, birinchi uchrashuvda uni qo‘ymaganidan keyin Eldor mashg‘ulotlarda yanada qattiq va chin yurakdan ishladi, jiddiy tayyorlandi. U erda ham raqobat kuchli, murabbiyning mehrini qozonishi kerak bo‘ladi. Shundan keyin yana maydonga tushirishni boshladi. Bu o‘g‘limning mehnati samarasi. Oddiy qilib aytganda, o‘zini isbotladi. Maydonga tushib o‘yinchilarning orqasida yashirinib yurmayapti, bor kuchi bilan ishonchni qozonishga harakat qilyapti. Eldor esa menga murabbiyning farqi yo‘q, kim kelsa ham o‘z o‘yinimni ko‘rsatishda davom etaveraman deyapti. Maqsadi ham shu. Italiyaga shunchaki choy ichib kelish uchun ketmagan, mehnat qilib, o‘z ustida ishlab, yanada yangi marralarni zabt etish uchun ketgan. Bu erni sog‘inma, bizda hammasi joyida, o‘g‘illik bo‘lding, endi o‘sha erda butun e’tiboringni o‘yinga qaratib, ishlagin deb uqtiryapman. Faqat oldinga intil, keyinchalik dam oladigan paytlar keladi deyapman. Telefon orqali gaplashganimizda doim mehnat qilishini takrorlayman. Muomalasi ham joyida. Klubida hamma bilan iliq munosabatda.

Eldor Shomurodov1

- Shunday bo‘lsa ham “Jenoa”da eng yaqin do‘sti kim ekan?

- Nomlari esimdan chiqibdi, xorvatiyalik futbolchilar bor. Aslida-ku, barcha o‘yinchilar bilan munosabati zo‘r. Faqat xorvatlar bilan gaplashishi, rus tilida so‘zlashishi osonroq, nazarimda. Lekin italyan tilini ham o‘rganib boryapti. Kim unga yomon gapirsa ham, tabassum bilan javob qaytaradi. Darrov achchiqlanib, to‘nini teskari kiyib olmaydi. Kvartirasida ham bir o‘zi yashab hamma narsani o‘rganib olgan. Klub mashina bergan, hamma sharoitlari yaxshi. Rossiyadan ham ko‘ra, bu erda professionalizm ancha kuchli ekan, deyapti. Hamma joyda saviyaga qarab ketadi. Eldorga, jamoam oxirgi o‘rinda yuribdi deb siqilmagin, muhimi o‘z o‘yiningni o‘ynashda davom etaver, agar “Jenoa”ni saqlab qolishga katta hissa qo‘shsang ham qahramonga aylanasan deb tushuntiryapman. Baribir u erda hamma kimning nima qilayotganini ko‘rishadi-ku. “Jenoa”ning oxirgi o‘rinlarda yurishi bu Eldorning aybi emas-da. Maydonda necha daqiqa o‘ynasang ham, yaxshi pas ber, ochil, imkoniyat yarat, kimdir senga pas bermasa jaxling chiqmasin, faqat o‘ynagin, deb maslahat beraman. Baribir ko‘proq o‘ziga bog‘liq. Bu gaplarni mendan ham ko‘p murabbiylari aytadi.

- “Jenoa”ning har bir o‘yinini kim bilan va qanday xissiyot bilan ko‘rasiz?

- Aka-ukalarim bilan ko‘raman. Ochig‘i, o‘yinni ko‘rishni boshlagach, ichim siqiladi. Ayniqsa, gol o‘tkazib yuborsa asabiylashib ketaman. Yana o‘zimga shuncha joyga borib o‘ynayapti-ku, deb tasalli beraman. Baribir o‘yinni ko‘rayotganimda qayg‘urib o‘tiraman. Agar yutadigan joyida durang o‘ynab qo‘ysa, kerakli ochkolarni qo‘ldan chiqarib yuborsa, yarim soatcha o‘zimga kela olmayman. Ko‘pincha yaqinlarimiz bilan ko‘raman. Eldorning hatti-harakatlarini kuzatib, maslahatlashib o‘tiramiz. O‘yindan keyin gaplashganimda aytaman, o‘sha vaziyatda qattiqroq tepishing kerak, zarbalaring kuchsiz, darvozabonlar bemalol qaytaryapti, shularni ustida ham ko‘proq ishla deb aytaman. Axir u erdagi darvozabonlar bizdagi kabi emas-da. Shuning uchun qattiqroq tepish kerak.

Eldor Shomurodov

- O‘g‘lingiz “Jenoa” safida ikkita gol urdi, “Parma” hamda “Sassuolo” darvozalariga. Biroq ikkala uchrashuvda ham uning jamoasi 1:2 hisobida yutqazdi...

- Men ham aytyapman, nimaga sizlarda xato qilgan himoyachini yana maydonga tushiraveradi? Gol urgach, hamma himoyaga o‘tib oladi, nima uchun, deb undan so‘rayman. Axir hujum qilmasa gol ham bo‘lmaydi-ku, to‘g‘rimi? Eldor ham, bilmasam, goldan keyin hamma orqaga chekinadi, o‘zim ham xavotirda bo‘lib turaman deydi. Shuncha mehnat qilsangu, ammo natija bo‘lmasa alam qiladi-da. “Rostov”da ham g‘alaba qozonayotgan paytida uch daqiqa ichida “Krasnodar”dan uchta gol o‘tkazib yuborgandi. O‘shanda juda alamli bo‘lgan. Bu erda duo qilib turamiz. Italiya A seriyasiga borishni o‘zi katta gap.

- O‘g‘li Mustafo yaxshimi?

- Ha, ko‘z tegmasin yaxshi. Men ham Toshkentga kelganman, hammamiz birgamiz. Mustafo Eldorning o‘zi.

Fikrlar

Fikr qoldirish uchun avtorizatsiyadan o'ting!
&
Usmonov Jaloliddin
11/01/2021 04:30
Zo‘r eldorga gap yo‘q
Дилшод Даврлнов
10/01/2021 10:03
Элдор яхши уйин курсатеапти Бизлар хам оилавий куриб борамиз Элдорни уйинини Элдор тупни олишда сал аниклик билан олиб ёки тухтатмасдан дарвозага тепиш керакми Менинг фикрим Элдорга ОМАДОМАДОМАД ГООГОЛГОЛ
Анвар Жовлиев
09/01/2021 21:32
Спортс уз номер 1
Футбол сайтлари ичида хозирча
Анвар Жовлиев
09/01/2021 21:23
Спорт уз номер 1
Футбол сайтлари ичида хозирча
solijon bobokulov
09/01/2021 20:01
intervyu uchun rahmat!