
"Yuventus" Ronaldu sababli murakkab vaziyatga tushib qoldi(mi)?!
2018 yilda Ronalduning "Yuventus"ga o‘tishi jamoani yangi darajaga ko‘tarilishini ta’minlashi kutilgandi. Afsuski, barchasi boshqacha bo‘lib chiqdi. Krish Turin klubini pastga tushib ketishiga turtki bo‘lgan kuchlardan biriga aylandi. Yaqin o‘tmishda super loyiha, deb baholangan "Yuventus" hozir juda murakkab ahvolda. Tarkib, natija va moliyaviy muammolar "zebralar"ni qaytib chiqish imkonsiz bo‘lgan chuqurga tortib ketmoqda...
1-xato
Aynan shu omil "Yuventus"ning faoliyatidagi ortga tashlagan eng katta qadamga aylanadi, deb kim o‘ylabdi deysiz?!
Avvaliga Andrea Anellining 2019 yilda bergan intervyusidan parcha keltiramiz: "Klubimiz futbol olamidagi eng katta brend! Yana takrorlayman, birinchi raqamli bo‘lish uchun barcha narsaga tayyormiz!" Bu so‘zlar Anellining so‘nggi bir yarim yil davomida amalga oshirgan ishlarini izohlab beradi. Klub 18 oy ichida juda katta janjal markaziga tushib qoldi.
Birinchisi Superliga! Florentino Peres boshlab bergan g‘oyani birinchilardan bo‘lib Andrea Anelli qo‘llab-quvvatladi. Shu tariqa u birinchi navbatda futbol muxlislariga pand berdi. Bu ham etmaganidek, eng yaqin do‘sti, o‘z qizining cho‘qintirgan otasi - Aleksandr Cheferinning "orqasidan pichoq urdi!" Insayderlarning ma’lum qilishicha, Andrea doimo nafaqat Italiya, balki jahon futbolidagi eng kuchli inson bo‘lishni orzu qilgan. Buning uchun birinchi imkoniyat paydo bo‘lishi bilanoq qahramonimiz undan foydalanishga qaror qildi.
Anellining klubi juda katta raqamlar yozilgan chekni qo‘lga kiritishi mumkin edi. Bu maqsad yo‘lida u "Yuventus" singari deyarli barcha italyan klublari qarzga botib ketishiga parvo qilmadi. Afsuski, bu pullar cho‘ntakka kelib tushmadi. Jamoaning qarzi esa, yanada kattalashdi.
Ikkinchi muammo - klub prezidentlarining moliyaviy "o‘yin"lari. Rahbariyat transfer va boshqa ko‘plab pulli "ishlar" chog‘ida soliqlarni aylanib o‘tish maqsadida hujjatlarni soxtalashtirganlikda ayblanmoqda. Italiya prokuraturasi shu ish yuzisidan allaqachon klubning rasmiy ofisida tintuvni amalga oshirgan.So‘nggi ma’lumotlarga qaraganda, "Yuve" rahbarlari bu orqali klubning 400 million evro qarzi bor ekanligini yashirishga harakat qilgan.
2-xato. Boshqa grandlardan andoza olishga urinish
Andrea Anelli 2020/21 yilgi mavsum avvalida o‘tgan yilgi klubning ko‘rsatgan natijalaridan qoniqmaganini oshkora aytdi. Vaholanki, Sarri "keksa senora"ni A Seriya oltin medallarini qo‘lga kiritishini ta’minlagan, ichki birinchilikda barcha asosiy raqiblar ustidan g‘alaba qozongandi. Katta ehtimol bilan, Sarri EChLni juda erta tark etgani uchun ishdan olindi. Vaholanki, Anelli jamoaning butun boshli o‘yin sistemasini buzib tashlaganini sezmay qoldi.
Mauritsio Sarriga qadar jamoa postini egallab turgan Allegri grand klub yaratish uchun kerak bo‘lgan barcha ishni amalga oshirdi. Uning o‘z o‘yin sxemasi, strategiyasi, ishlash printsipi bo‘lishiga qaramay, Andrea Anelli EChL sovrini yo‘lida Massimiliano Allegridan voz kechdi. Uning davrida "Yuventus" yaxlit bir mexanizmga aylanib bo‘lgan edi. Hatto, Krishtianuning kelishi ham bu mexanizmni "sindira olmadi". Murabbiy avval boshidan Ronaldu transferiga qarshi ekanligini ma’lum qildi va oxirigacha o‘z pozitsiyasida qoldi.
Shunga qaramay, Maks Krishtianuni birinchi planga olib chiqdi, ammo uni o‘rnini EChLda g‘alaba qozonish maqsadida egallagan Sarri bu ishni uddalay olmadi. Mauritsioga superyulduzlar bilan ishlash borasida tajriba yo‘q ekanligi pand berdi. Natijada, murabbiy va futbolchi o‘rtasidagi janjal yuzaga keldi. Ronaldu bir necha marotaba Sarri uzatgan qo‘lni havoda qoldirdi. Yakunda, Anelli Ronalduni olib qolib, murabbiyga javob berib yubordi. Shunisi hisob-kitob jihatidan klubga kamroq zarar keltiradi, deb hisobladi, chog‘i.
Uyog‘iga, rahbariyat hali murabbiy sifatida debyut qilmagan Andrea Pirloga imkon berdi. Tan olish lozim, Pirloning kelishi ichki nizolarga barham berdi. Etakchilar rahbariyatga e’tiroz bildirmay qo‘ydi, Ronaldu xotirjam, yoshlar klubda qolishga qaror qildi. Afsuski, natijalarga kelganda Andrea bildirilgan ishonchni oqlay olmadi. "Yuventus"ning chempionlik seriyasi barham topgani-ku mayli, jamoa o‘ziga o‘xshamay qoldi. O‘yin tezligi tushib ketdi, barcha frontlarda birin-ketin alamli mag‘lubiyatlar soni ortdi. Natijada, klub afsonasiga ham chiqish eshiklari ko‘rsatib yuborildi.
3-xato - Odatlar
Ko‘pincha omadsizliklardan so‘ng keladigan qayta qurish jarayoni chog‘ida Andrea Anelli kutilmagan yurishni amalga oshirdi. Hammasini boshidan boshlash o‘rniga, Massimiliano Allegri ortga qaytarildi. Qachonlardir oldiga qo‘yilgan minimal vazifani a’lo darajada uddalagan mutaxassis yana klubda ish boshladi.
Bugungi Turin superklubi Sarri yoki Pirlonikidan kuchliroqmi? Katta ehtimol bilan yo‘q. Ronaldu tarkibda emas, "Transfermarkt" e’lon qilgan eng qimmat futbolchilar ro‘yxatining kuchli o‘nligida "Yuventus"ning birorta futbolchisiga joy topilmadi. Bu ham etmaganidek, zamonaviy futboldagi yangi trendlar asosida ish ko‘ruvchi kuchli murabbiy o‘rnini "eski maktab"ning so‘nggi bitiruvchilaridan biri sanalgan Allegri qutqarib qolishiga ishonish qiyin. Hozirda, "Yuventus" A Seriyada 7-pog‘onada bormoqda. Bundan tashqari, jamoada boshqa muammolar ham bor.
1. "Yuventus" juda ham pragmatik futbol namoyish etmoqda. Yaratilayotgan imkoniyatlar, hujumlarning keskinligi borasida muammolar etarlicha. Shuningdek, turinliklar pressing borasida ham maqtana olmaydi.
2. Oldingi chiziqda o‘yinni o‘ziga olishga qodir hujumkor futbolchi yo‘q. Dibala avvalgidek yorqin emas, Ronaldu ketdi, Keza hali yosh. Morata esa, kayfiyat futbolchisi.
3. Allegrining jamoalari maydon markazidagi kreativ pleymeykersiz o‘z o‘yinini to‘liq namoyish eta olmaydi. Avvallari bu funktsiyani bajargan Pyanich endi tarkibda emas. Uning o‘rnini to‘ldirishi mumkin bo‘lgan boshqa futbolchi ham yo‘q.
Endi nima bo‘ladi?
Vaziyat o‘nglanmasligi mumkin. 1-2 yil ichida Allegri yana o‘z futbolini jamoaga singdirishi katta ehtimol. Boz ustiga, hozirda klub rahbarlari prokuratura olib borayotgan tergov bilan band. Jamoada yangi transferlar uchun pul yo‘q.
"Men tarkibimizni superyulduzlar bilan to‘ldirishga imkonimiz yo‘q, desam, sizlarni hayron qoldirgan bo‘laman. Afsuski, hozir istaklarimiz chegaralangan. Koronavirus sababli Italiyada inqiroz kuzatilmoqda. Bu "Yuventus"ni ham chetlab o‘tgani yo‘q. Shu bois, yaqin yillar ichida katta transfer voqealari haqidagi savollar kun tartibidan olib tashlanadi".
Bir qarashda, "Yuventus" EChL guruh bosqichida birinchi o‘rinni "Chelsi"dan tortib oldi-ku, deyishingiz mumkin, ammo ichki mummollar sekin-asta "zebralar"ni ortga tortishi aniq. Andrea Anellining so‘nggi 5 yildagi noto‘g‘ri qarorlari Italiya futboli gegemoni kelajagi borasidagi savollarning ortib ketishiga sabab bo‘ldi.
Ya . U
Fikrlar