
"Futbolchilar o‘z kuchiga ishonmayapti, hamma aybni o‘z bo‘ynimga olaman" - "Mash’al" ustozi alamli mag‘lubiyat haqida
Superliganing 17-turida “Mash’al” G‘uzorda “Dinamo”ni qabul qildi. Dastlabki 5 daqiqada ikkita gol urgan muborakliklar yakunda 2:4 hisobida mag‘lubiyatga uchradi. Uchrashuvdan so‘ng “Mash’al” bosh murabbiyi Otabek Narzullaev matbuot anjumanida ishtirok etdi.
- Hisob 2:0 edi, himoyadagi xatolarimiz bizga qimmatga tushdi. Individual xatolar evaziga birinchi bo‘limda hisobni saqlab qola olmadik. Ikkinchi taymda yigitlarda ruhiy tushkunlik sezildi, biz buni ustida ishlashimiz kerak. Futbolchilar o‘zini va jamoani kuchiga ishonmayapti. Ishonch qo‘shish kerak, jamoani potentsiali yaxshi. Yana g‘alabalar keladi, degan umiddaman.
- Jamoada yangi qon ko‘rinyapti. Lekin ruhiy jihatni aytib o‘tyapsiz. “Dinamo” bunday startni kutmagandi. Jamoani asosiy xatosi qaerda bo‘ldi?
- 2:0 dan keyin ushbu natijani ushlab qolish! O‘ylaymanki, 2:0 – bu natija emas. Yana hujumlarni ko‘paytirishimiz kerak. Futbolchilarimiz hisobni ushlash uchun himoyaga “yotishdi”. “Paxtakor” bilan o‘yinda ko‘rgan bo‘lsangiz himoyaga o‘tirganimiz mag‘lubiyatga olib keldi. Futbolda 90 daqiqa himoyalanib yutib bo‘lmaydi. Buning uchun muvozanat, yigitlarga jismoniy kuch yaxshi bo‘lishi kerak. Jarohatdagi o‘yinchilar endi qo‘shilishyapti. Shu bois ularni majburan qo‘yyapmiz. Xohlaymizmi-yo‘qmi, ularni jismoniy tayyorgarligi a’lo darajada emas. Shu sababli ikkinchi taymda qiynaldik.
- Oblaqulovni o‘zingiz kashf qilgansiz. Bugun “Mash’al”ni jazoladi...
- Bu – futbol. Xursand qilayotgani u “Mash’al”dan chiqqan. Kim qaerda bo‘lishidan qat’iy nazar futbolchi ham, murabbiy ham o‘z ishini qiladi. Futbolchini ishi maydonga chiqib jon-jahdi bilan o‘ynash, o‘zini ko‘rsatish. Behruz Oblaqulov uchun xursandman. Bu – futbol, bir kun yutasiz, bir kun yutqazasiz. Mag‘lubiyatdan xulosa chiqaramiz, qaerda xato qilayotganimizni tahlil qilamiz. Futbolchilarni yana ruhan tayyorlaymiz. Avvalo, mag‘lubiyatga murabbiy aybdor. Hamma aybni o‘z bo‘ynimga olaman. Mag‘lubiyatlar murabbiyni ko‘proq ishlashga undaydi. Keyingi o‘yinda ruhan yanada yaxshiroq tayyorlab, bundan ham kuchli bo‘lib qaytishimiz kerak. Jamoamiz yaxshi shakllangan. Futbolchilarga ozgina o‘ziga bo‘lgan ishonch etishmayapti. Ishonishsa ko‘p narsalarga qodir. Ikkinchi taymda ham ko‘p vaziyatlardan chiqib ketdik, imkoniyatlar bor, oxiriga etmayapmiz. Bu ruhiy holatga bog‘liq.
- Humoyun Murtazoev qachon qaytadi?
- Keyingi uchrashuvlarga qaytishi kerak. Lekin u mashg‘ulotga qo‘shilmayapti. Shifokorlarimiz hali ruxsat berishmayapti. Oyog‘ida biroz jarohati bor. Bu ham bizga ta’sir qilyapti, katta yo‘qotish. Asosiy hujumchimiz va to‘purarimiz. Keyingi uchrashuvlarda Xumoyundan tashqari hamma qo‘shiladi. Keyingi turda bizni “So‘g‘diyona” bilan yaxshi o‘yin kutyapti. Muxlislardan uzr so‘raymiz. Yana ishlashda davom etamiz, qo‘limizni tushirmaymiz, oxirigacha kurashamiz.
Fikrlar