
Yorqin Nazarov: "Navbahor"ning bizdan kuchli ekanligi aniq edi"
Soca Cola Superligasi 20-turidan o‘rin olgan “Navbahor” – “Turon” (5:0) uchrashuvidan keyingi matbuot anjumanining birinchi qismida mehmonlar bosh murabbiyi Yorqin Nazarov qatnashib, OAV xodimlarining savollariga javob berdi.
Quyida yaypanliklar ustozining fikrlarini e’tiboringizga havola etamiz. - Assalomu alaykum! Avvalambor, “Navbahor”ni g‘alaba bilan tabriklayman va jamoaning keyingi o‘yinlarida omad tilayman.
Bellashuv to‘g‘risida gapiradigan bo‘lsam, mezbonlarning bizdan kuchli ekanligi ayon edi. Ular chempionlik, biz esa Superligada jon saqlab qolish uchun kurashyapmiz. Bugun yaxshi o‘yin ko‘rsata olmadik, raqib kuchlilik qildi. Lekin shuni ta’kidlashim joizki, shu paytgacha hech qachon hakamlar borasida gapirmaganman. Ammo bugungi uchrashuvni boshqargan hakam Superliga darajasidagi ishlaydigan toifada emasdi.
Superligamiz Osiyodagi kuchli beshlikka kiradi. Hakamlarning ham saviyasi shunga yarasha bo‘lishi kerak.
Jumanqo‘ziev jarohat oldi va shu sababli uni zaxiraga oldim. Bugun yangi futbolchilarga ham imkoniyat berdik. “Turon”da vaziyat qiyin, ammo umid qilamanki, barchasi o‘tib ketadi. Chempionatning oxirgi turigacha kurashishga harakat qilamiz.
“Turon” kelgusida yosh futbolchilarni tarbiyalab, kuchli jamoalarga etkazib berishni reja qilmoqda. Hozirdan yosh futbolchilarni ko‘rib chiqishni boshlaganmiz.
“Navbahor” PFK matbuot xizmati.
Fikrlar