Yorqin Nazarov: "Andijon"ga ikkita murabbiy qo‘shiladi, tarkibni kuchaytirish uchun futbolchilar bilan muzokaralar ketyapti"

  • 1 iyun, 2021, 23:19
  • Shuhratbek Jo’rayev
  • 0
  • Futbol
CHERY AUTO

Superligada bitta g‘alaba bilan cheklanib turgan “Andijon” klubi ham ayni paytda chempionatda yuzaga kelgan tanaffusdan unumli foydalanib, astoydil tayyorgarlik ko‘ryapti. Chunki jamoani oldinda jiddiy raqiblarga qarshi og‘ir o‘yinlar kutib turibdi. Shu sababli, andijonliklarning taqvimiga havas qilib bo‘lmaydi.

Tecno

Otabek G‘ulomxo‘jaevdan keyin vaqtincha bosh murabbiylikka o‘tgan Yorqin Nazarov imkon qadar jamoani qiyin vaziyatdan qutqarishga harakat qilmoqda. Lekin hozircha natijalar ko‘ngildagidek emas. Shunga qaramay, “Andijon” jiddiy tayyorlanmoqda. Yorqin Nazarov sports.uzga jamoaning holati, tayyorgarlik rejalari, tarkibda yuz berishi mumkin bo‘lgan o‘zgarishlar haqida gapirdi.

Tayyorgarlik rejasi to‘g‘risida

- 27 maydan yig‘inimizni boshladik, birinchi bosqichni bugun tugatdik. Kecha futbolchilarni ikki tarkibga bo‘lib o‘yin o‘tkazdik. O‘rinbosarlar jamoasidan ham ayrim iqtidorli yigitlarni sinab ko‘rdik. Ertaga tayyorgarligimizning ikkinchi bosqichini o‘tkazish uchun Xonobod dam olish maskaniga ketamiz. Mashg‘ulotlardagi asosiy e’tiborni jismoniy tayyorgarlikka qaratganmiz. Ularning orasida ikkita o‘yin gaplashyapmiz. Ulardan biri xalqaro o‘yin bo‘ladi. Qirg‘iziston, Qozog‘iston yoki Tojikiston jamoasi bilan o‘ynaymiz. Agar qirg‘iz yoki qozoq klubi bilan kelishsak, o‘yin Andijonda bo‘ladi. Tojikiston klubi bo‘lsa, u holda safarda bo‘ladi. Xonoboddagi yig‘in 2-12 iyun oralig‘ida bo‘lib o‘tadi. Keyin futbolchilarga bir kunlik dam bergach, so‘ngra “Nasaf” bilan o‘yinga tayyorgarlikni davom ettiramiz.

yorqin3

Futbolchilarning bugungi holati va kayfiyati haqida

- O‘tgan o‘yinlarni esdan chiqarib, bo‘lajak uchrashuvlarga jiddiy tayyorgarlik ko‘ryapmiz. Futbolchilarimizni ruhan ko‘tarishga harakat qilyapmiz. Ularning kayfiyati yaxshi. Mashg‘ulotlar biz istagan darajada ketyapti. Klub rahbarlariga, xususan Jur’atbek Quvvatovga bizga yaratib berayotgan sharoitlari uchun minnatdorchilik bildiramiz. Oldimizda ikkita variant bor edi: Dukent yoki Xonobod. Biz yakunda Xonobodni tanladik. Rahbariyatni uyaltirib qo‘ymaslikka harakat qilamiz. Ular tomonidan bizga ishonch bildirilgan. Oxirgi uchta o‘yindan ikkitasida – “Qo‘qon-1912” va “Lokomotiv” bilan uchrashuvlarda ochkolar olsak bo‘lardi. O‘zimizning xatolarimiz evaziga imkoniyatni boy berib qo‘ydik. Rahbariyat hammasini ko‘rib turibdi, vaziyatni o‘zgartirish uchun ishlayapmiz.

Murabbiylar shtabiga kimlar qo‘shiladi?

- Ertadan jamoamizga jismoniy tayyorgarlik bo‘yicha murabbiy qo‘shiladi. Bundan tashqari, murabbiylar shtabiga yana bir yordamchi murabbiy ham keladi. Oleg Aleksandrovich Normatov – bu jismoniy tayyorgarlik bo‘yicha murabbiy sifatida ishlaydi. Yordamchi murabbiy – Timur Babaxanov. U “Bunyodkor-2”da bosh murabbiy bo‘lib ishlagan. Oleg Normatov esa “Nasaf” akademiyasi hamda “Bunyodkor”ning birinchi ligasidagi jamoasida ishlagan.

“Andijon”ning taqvimi xususida

- “Nasaf”, “Paxtakor”, AGMK...hech kim “Andijon”ning taqvimiga havas qilmaydi. Biz ham bilib turibmiz. Lekin qo‘limizni tushirmaymiz. Raqib kim bo‘lishidan qat’iy nazar ulardan ochkolar tortib olishga harakat qilamiz. Bizda orqaga yo‘l yo‘q. “Paxtakor” bilan o‘ynaymiz deb qo‘rqadigan bo‘lsak, unda qatnashishni nima keragi bor? Aytmoqchimanki, biz har bir raqibga munosib qarshilik ko‘rsatamiz va muxlislarimizni xursand qilishga bor kuchimizni sarflaymiz.

yorqin222

Yangi bosh murabbiy kelishi mumkinligi borasida

- Bosh murabbiy kelishi mumkinligi haqidagi gap-so‘zlarga to‘g‘ri qarayman. Agar natija ko‘rsata olmasam va jamoa o‘yinini yo‘lga qo‘ya olmasam, u holda rahbariyat boshqa mutaxassisni olib kelishi mumkin, bu ularning tanlovi. Men bu borada hech nima deya olmayman. Ammo biz qo‘limizdan kelganicha qolgan uchrashuvlarda ko‘proq ochko olishga harakat qilamiz.

yorqin_1

Tarkibda qanday o‘zgarishlar bo‘ladi?

- Birinchi davradan keyin rejalarimiz katta. Yangi murabbiy kelishi haqidagi xabarlarni eshitgim ham kelmayapti. Balki kimdir kelishi mumkin. Lekin ayni paytda bosh murabbiyman va yangi futbolchilar bilan muzokaralarni boshlab yuborganman. Darvozabondan tortib hujum chizig‘igacha jamoani kuchaytira oladigan o‘yinchilar bilan gaplashyapman. Birinchi davradan keyin yangi murabbiy olib keladi deb kutib o‘tirmasdan o‘zimiz rejamiz bo‘yicha ishlayapmiz. Gaplashayotgan futbolchilarimiz orasida legionerlar ham bor. Tarkibimizda jarohatlanganlar bor. Ular tez orada safga qaytishadi. Ertaga boshlanadigan ikkinchi yig‘inimizga yoshlar terma jamoasidagi o‘yinchilarimiz ham qo‘shilishadi. Martin Boake bilan Plamen Dimov indinga etib kelishadi.   

Fikrlar

Fikr qoldirish uchun avtorizatsiyadan o'ting!