
Yilning oxirgi reytingida O‘zbekiston MTJning o‘rni, "Neftchi"ga jazo, Messi va Ronaldu dueli, MYu va "Inter"ning EChLni tark etishi haqida - Hafta voqeliklari
Hafta voqeliklari
Assalomu alaykum sports.uz saytining kuzatuvchilari. Bugun biz sizlarga “hafta voqeliklari” ko‘rsatuvining navbatdagi sonini taqdim etamiz. Siz unda o‘zbek va xorij futbolida ro‘y bergan eng muhim voqeliklar bilan tanishasiz. Siz tayyor bo‘lsangiz, biz boshladik.
1.FIFA terma jamoalarning yangi reytingini e’lon qildi. Jahon reytingini kim boshqarmoqda? O‘zbekiston milliy terma jamoasi qaysi o‘rinda? Bularga quyida javob olasiz.
2.Pro liganing oxirgi o‘yinidagi voqeani hali hech kim unutgani yo‘q. Farg‘ona viloyati hokimi Xayrulla Bozorov "Neftchi"da yig‘ilish o‘tkazdi. "Turon" bilan o‘yindagi tartibsizliklar uchun “Neftchi” bosh murabbiyi lavozimidan ozod etildi.
3.O‘FA tartib intizom qo‘mitasi “Neftchi”ga qanday chora ko‘rilishini juda uzoq muhokama qilgan ko‘rinadi. 1 dekabr kungi voqelikka 9 dekabrda jazo belgilandi. Xo‘sh, farg‘onaliklar Superliga o‘tish o‘yiniga qo‘yiladimi? O‘zi uchrashuv qachon bo‘ladi? Mavsumning oxirgi bellashuvi bo‘yicha ma’lumotlar.
4.Ushbu haftada butun dunyo kutgan voqelik ro‘y berdi. Ronaldu va Messi to‘qnash keldi. Krishtianu deyarli 3 yillik tanaffusdan so‘ng Messiga qarshi maydonga tushdi va qaytishini 2 ta gol bilan nishonladi.
5.EChLda guruh bosqich o‘yinlari yakunlandi. Eng ko‘p muxlislarga ega jamoalardan biri “Manchester Yunayted” pley-offga o‘ta olmadi. Katta umidlar bilan qaralayotgan “Inter” esa ELdan ham quruq qoldi.
1. FIFA terma jamoalarning yangilangan reytingini e’lon qildi. Kuchli o‘nlikda o‘zgarish sodir bo‘lmadi. 1-o‘rindagi Belgiya qatorasiga 3-yil reytingni peshqadam sifatida yakunlaydigan bo‘ldi. Eden Azar boshchiligidagi jamoa 1780 ochko jamg‘argan. Undan keyin Frantsiya 1755 ochko to‘pladi. Kuchli uchlikni 1743 ochko bilan Braziliya yakunladi.
Milliy terma jamoamiz o‘z o‘rnini saqlab qoldi. 10 dekabr holatiga ko‘ra, O‘zbekiston 85-pog‘onada qayd etildi. Vadim Abramov shogirdlari Osiyoda 12-o‘rinda. Qit’amizdan Yaponiya dunyoda 27, Eron 29 va Janubiy Koreya 38-o‘rinni band etgan.
2. "Neftchi" - "Turon" uchrashuvidagi tartibsizliklar kelib chiqqan holat yuzasidan 5 dekabr kuni "Neftchi" qarorgohida yig‘ilish bo‘lib o‘tdi. Yig‘ilishga Farg‘ona viloyati hokimi Xayrulla Bozorov raislik qildi. Yig‘ilishda shuningdek, viloyatning sportga aloqador vakillari qatnashdi. Bu haqda klub matbuot xizmati xabar berdi.
Viloyat hokimi Xayrulla Bozorov yig‘ilish qatnashchilarini kun tartibidagi masalalar bilan tanishtirib o‘tdi. Yig‘ilishda 2020 yil 1 dekabr kuni o‘tkazilgan "Neftchi" - "Turon" bellashuvida "Neftchi" jamoasi futbolchilarining o‘yinni boshqargan hakamlarga nisbatan qilgan qo‘polliklari tufayli yuzaga kelgan tartibsizliklar natijasida futbolga xos bo‘lmagan holat bo‘lganligi, jamoa mas’ul xodimlari klub futbolchilarini o‘yinga etarlicha jismonan va ruhan tayyorlashda sustkashlikka yo‘l qo‘yganligi, tartibsizlik keltirib chiqargan futbolchilarga nisbatan qonunda belgilangan tartibda tegishli choralar ko‘rilganligi haqida gapirildi.
Shuningdek, kelgusida "Andijon" bilan bo‘lib o‘tadigan o‘yinga etarlicha tayyorgarlik ko‘rish hamda ijobiy natija ko‘rsatish bo‘yicha "Neftchi" futbol klubi mas’ullariga tegishli ko‘rsatma va topshiriqlar berib o‘tdi.
Yig‘ilishda tashkiliy masala ham ko‘rib chiqildi. "Neftchi" FK mas’ul xodimlari futbolchilarini o‘yinga etarlicha jismonan va ruhan tayyorlashda sustkashlikka yo‘l qo‘yganligi uchun bosh murabbiy Abdusamad Do‘rmonov egallab turgan lavozimidan ozod etildi.
3. Xabaringiz bor, “Neftchi” va “Turon” klublari o‘rtasidagi Pro liganing 20-tur o‘yinida futbolga xos bo‘lmagan holatlar sodir bo‘ldi.
“Istiqlol” stadionida o‘tgan mazkur bahsning yakunida hakamlarga nisbatan qo‘pol va tajovuzkor munosabatda bo‘lib, ularga tan jarohati etkazildi.
O‘FA mutaxassislaridan iborat maxsus ishchi guruh Ichki ishlar vazirligi, “Neftchi” – “Turon” uchrashuvining tashkiliy ishlariga mas’ul barcha tashkilotlar bilan hamkorlikda yuzaga kelgan mojaro bo‘yicha surishtiruv ishlari olib bordi va quyidagi qarorlar qabul qilindi. Bu haqda O‘FA Matbuot xizmati xabar berdi.
Unga ko‘ra, “Neftchi” klubi futbolchisi Jamshid To‘raqulov bosh hakam Shavkat Nasibullaevga qasddan tan jarohati etkazgani uchun 10 yil muddatga futbol bilan bog‘liq har qanday faoliyat bilan shug‘ullanishdan chetlatish intizom chorasi qo‘llandi.
“Neftchi” klubi futbolchilari Sherzod Abduraimov, Sanjar Zokirov va Jamshid Qobulov bosh hakamga hujum qilganligi uchun ularning har biri 1 yil muddatga futboldan chetlatildi va 15 million so‘mdan jarimaga tortildi.
“Neftchi” klubi futbolchisi Doston Toshmatov yordamchi hakam Doniyor Saylavovga nisbatan tajovuzkor harakat qilganligi uchun 10 ta rasmiy uchrashuvga diskvalifikatsiya qilindi.
O‘yin yakunlangandan so‘ng, muxlislar futbol maydonida va unga yondosh hududlarda tartibsizliklar keltirib chiqargani, “Neftchi” futbol klubi mas’ullari jamoat tartibini saqlash bilan bog‘liq etarlicha choralar ko‘rilishini ta’minlamagani uchun klubga 3 ta uy o‘yinini muxlislarsiz o‘tkazish va 100 million so‘m miqdorida jarima intizom chorasi qo‘llandi.
Shuningdek, stadionga tashrif buyurgan tomoshabinlar tomonidan futbol maydonida va unga yondosh hududlarda tartibsizliklar keltirib chiqarilishi holatini muhokama qilish hamda “Istiqlol” stadioni ma’muriyatiga chora ko‘rish bo‘yicha Farg‘ona viloyati Ichki ishlar boshqarmasiga taqdimnoma yuborildi.
4. Zamonaviy futbolning eng etuk ikki namoyandasi Messi va Ronaldu yana o‘zaro to‘qnash keldi. Ikki daho deyarli ming kunga (947 kun) yaqin bir biriga qarshi maydonga tushmagandi. Bu ikki futbolchi oxirgi marta 2018 yil 6 may kuni La Liga doirasida to‘qnash kelgandi. 2:2 hisobida yakunlangan o‘sha o‘yinda Ronaldu va Messi bittadan gol urgan.
Seshanba kuni barchaning nigohi Kataloniyaga qaratildi. Unda Krishtianu Ronaldu va Lionel Messi dueli kuzatildi. Portugaliyalik yulduz jamoalarning dastlabki to‘qnashuvini koronavirusga chalingani bois o‘tkazib yuborgandi. Bu safargi bellashuvga Ronaldu optimal formada etib keldi.
“Kamp Nou”dagi uchrashuvni ikki futbolchi asosiy tarkibda boshladi. Krishtianu 13 va 52-daqiqalarda penaltidan ikkita gol urib, azaliy raqibini taslim etdi. Shu kuni “Yuventus” Kataloniyada 3:0 hisobida zafar quchdi. Turnir jadvalida 1-o‘rin bilan pley-offga yo‘l oldi. Krishtianu Ronaldu deyarli 3 yil, ya’ni 947 kundan so‘ng Messiga qarshi maydonga tushdi va qaytishini gollar bilan nishonladi.
“Barselona” bilan bahsda dublni rasmiylashtirgan Krishtianuning klublar miqyosida urgan gollari 650 taga etdi. U “Sporting”da 5, “Manchester Yunayted”da 118, “Real” safida 450, “Yuventus”da esa hozircha 77 gol urgan.
Portugaliyalik hujumchi “Kamp Nou”dagi so‘nggi 13 ta o‘yinda “Barselona” darvozasiga 14 ta gol urdi. Ronaldu 14 goldan 3 tasini penaltidan kiritgan.
Leo Messi esa, o‘yinda “Yuventus” darvozasi tomon 11 bor zarba berdi. Shundan 7 tasi aniq chiqdi va ularni Buffon qaytardi. Natijada argentinalik yulduz bitta o‘yinda shuncha aniq zarba yo‘llab, EChLda so‘nggi 17 yillikdagi antirekordni o‘rnatdi. Ushbu musobaqada 2003/04 yilgi mavsumdan beri bitta o‘yinda shuncha aniq zarb berib, gol urmaslik holati kuzatilmagandi.
Ha aytgancha, bu o‘yinda yana bir afsona bor edi. U ham bo‘lsa, Messining urinishlarini bartaraf etgan Janluiji Buffon. U Krishtianu bilan birga katta o‘yinlarda qatnashishni juda ham xohlashini Ronaldu “Real”daligida aytgandi. Mana Buffonning niyati amalga oshdi. U “Barselona”ni Kataloniyada yirik hisobda taslim etdi.
5. 8-9 dekabr kunlari EChL guruh bosqichida oxirgi tur o‘yinlari bo‘lib o‘tdi. Ayrim guruhlarda hayot-mamot masalasi hal bo‘ldi. Ba’zilar esa, allaqachon keyingi bosqich yo‘llanmasini qo‘lga kiritib bo‘lgandi.
Dunyoda eng ko‘p muxlislarga ega jamoalardan biri “Manchester Yunayted” musobaqa bilan xayrlashdi. 6-turda MYu safarda «RB Leyptsig» (2:3) klubiga imkoniyatni boy berdi.
Germaniyadagi bahsda uchralgan mag‘lubiyatdan keyin Manchester klubi 9 ochko bilan «H» guruhida 3-o‘ringa tushib ketdi va EChL pley-off bosqichi emas, Evropa ligasida yurishini davom ettiradigan bo‘ldi.
MYu Chempionlar ligasi tarixidagi 23 mavsumda 5-marta turnir pley-off bosqichiga yo‘llanmaga ega bo‘lolmadi. Klub bungacha – 1994/95, 2005/06, 2011/12 va 2015/16 yillarda ham guruhdan chiqa olmagandi.
Jamoa avvalgi turlarda kvartetdagi autsayder – “Istanbul”ga imkoniyatni boy bergani uning zarariga ishladi. Manchesterliklar 4 yillik tanaffusdan so‘ng qatnashgan EChLda uzoqqa bora olmadi.
Balki Sulsherga tezroq javob berib, unga tajriba to‘plashi uchun vaqt kerakdir. Chunki murabbiyga tajriba etishmayapti. Muhim o‘yinlarda ochkolar boy berilmoqda. Twitter ijtimoiy tarmog‘i 2020 yil eng ko‘p muhokama qilingan futbol klubi deya e’tirof etgan “Manchester Yunayted”ning borgan sari obro‘sini tushib ketmoqda. Jamoaga yulduzlarni o‘rnini ko‘rsatib qo‘yadigan, qattiqqo‘l murabbiy kerakka o‘xshaydi. Sulsherga esa biroz ko‘ngilchangligi pand beryapti, nazarimizda. Har holda tashqaridan shunday ko‘rinmoqda. Mana shunday klub ikkinchi darajali musobaqada qatnashishi achinarli. Bunday pallada jamoadan alamzada bo‘lib ketganlar qanday kulishini aytmasa ham bo‘ladi. Joze Mourino MYu EChLni tark etib, ELga yo‘l olganiga kesatiq ma’nosida munosabat bildirdi: «Manchester Yunayted» endi Evropa ligasining favoritiga aylandi».
“V” guruhida 6-tur oldidan uchinchi pog‘onani egallab turgan «Real» Karim Benzamaning dubli evaziga «Borussiya Myonxengladbax”ni taslim etib, 1-o‘rin bilan pley-offga yo‘l oldi. «Inter» esa javob o‘yinida ham «Shaxtyor» darvozasiga yo‘l topa olmay, so‘nggi o‘rinda qolib ketdi. Milanliklar Evropa Ligasidan quruq qoldi. Ukraina klubi ishtirokini Evropa Ligasida davom ettiradigan bo‘ldi.
Antonio Konte “Inter”ning yangi davrini boshlashi uchun olib kelingandi. Biroq “Inter” ko‘hna qit’aning eng nufusli turnirini tark etdi. Jamoaning ikki frontda kurash olib borishga kuchi etmadi chog‘i. A Seriyadagi ishlarini to‘g‘rilab olgan Konte shogirdlari aftidan EChLga kuch topa olmagandek. Chunki guruhdagi asosiy raqobatchisi sanalgan “Real”ga ikki o‘yinda yutqazdi. “Shaxtyor”ga esa ikki to‘qnashuvda ham gol ura olmadi. Endi milanliklarning bor e’tibori ichki musobaqalarga qaratiladi.
Fikrlar