
Yangilik: O‘runovning “ketmoni uchdi”...
Transferlarga ixtisoslashgan Transfermarkt portalida aksariyat mamlakatlarda chempionatlari qatori Eron Professional ligasida ishtirok etgan futbolchilarning mavsumdagi ishtiroki asosida ularning yangi narxlarini e’lon qildi.
Eron chempionatida mazmunli o‘yinlari va muhim gollari bilan “Persepolis”ning chempionga aylanishiga katta hissa qo‘shgan Oston O‘runov ushbu mamlakat professional ligasida transfer narxi eng ko‘p ko‘tarilgan futbolchi bo‘ldi.
O‘tgan mavsumni “Nabahor” chempionatida yakunlagan hujumkor futbolchining narxi bir million evroga baholangandi. Fevral oyida yana legionerga aylangan hamyurtimizning forslar zaminida o‘yini yana ochilib ketdi.
Transfermarkt portalida ekspertlari Oston O‘runovning transfer summasida keskin o‘sish kuzatilgani va narxi 1,5 million evroga oshganini qayd etdi.
Eron chempionati vakillari orasida eng katta o‘sishga erishgan Ostonning transfer summasi bundan buyon 2,5 million evroni tashkil qiladi. 23 yoshli futbolchimiz faoliyati davomida hali bu qadar o‘sish bo‘lmagandi.
O‘runov Rossiya Premer-ligasida “Ufa” safida o‘zini ko‘rsatib, “Spartak” klubiga transfer qilinida eng yuqori ko‘rsatkich – 1,5 million evroga baholangan edi.
Oston O‘runov Eron chempionatida 13 ta uchrashuvda maydonga tushib, raqiblar darvozasini olti marotaba ishg‘ol qildi. Shuningdek, Hafzi kubogida ikkita bellashuvda bittadan gol va assist muallifi bo‘ldi.
Eron chempionati kumush medal sovrindori Jaloliddin Masharipovning transfer summasi ham o‘zgardi. Tajribali hujumkor futbolchi narxi oshgan o‘yinchilar ro‘yxatidan joy oldi.
“Istiqlol”ga o‘tganidan keyin o‘yinida ijobiy o‘sish kuzatilgan 30 yoshli legionerimiz narxiga 200 ming evro qo‘shilib, ayni paytda 1,7 million evroni tashkil qilyapti.
Masharipov Eronga ko‘chib o‘tganidan keyin 14 ta bahsda bir juft to‘p kiritdi va bitta golli pas uzatdi. Hafzi kubogida bir marotaba maydonga tushdi.
Nihoyat, Eron Pro-ligasidagi uchinchi vakilimiz Doston Tursunovga etib keldik. Xuzistonning “Istiqlol” klubiga mavsumning ikkinchi yarmida qo‘shilgan legionerimiz jamoasining yuqori diviziondagi o‘rnini saqlab qolishiga katta hissa qo‘shdi.
Biroq 12 ta bahsda ishtirok etgan hamyurtimizning transfer narxida o‘zgarish bo‘lgani yo‘q. Doston Tursunov ayni paytda 500 ming evroga baholanmoqda.
Eslatib o‘tamiz, Oston O‘runov va Jaloliddin Masharipovning Eron etakchi klublari bilan shartnomasi yana bir yil davom etadi. Doston Tursunovning xuzistonliklar bilan hamkorligi 30 iyun kuni yakunlanadi.
Fikrlar