Xush kelibsiz, janob Sekeyra! Bu er - O‘zbekiston…

  • 10 mart, 2021, 12:08
  • 1
  • Futbol
CHERY AUTO

Xabaringiz bor, kecha O‘zbekiston Superligasining 2021 yilgi mavsumiga start berildi. Ilk kundanoq, futbolimiz ixlosmandlari super qarama-qarshilik va shiddatli bellashuv guvohiga aylandi. Joriy mavsum xalqaro maydonda yurtimiz sharafini himoya qiladigan Olmaliqning AGMK jamoasi mavsum oralig‘ida butkul yangilangan va o‘z oldiga ulkan maqsadlar qo‘ygan “Lokomotiv”ni qabul qildi. 

Tecno

O‘yin kartinasi xususida, hamkasbim Yahyoxo‘ja Ulug‘xo‘jaev ancha to‘liq ma’lumot berdi va uning qarashlariga ko‘p jihatdan qo‘shilish mumkin. Quyida ushbu maqola linkini qoldiramiz va o‘zingiz baho berishingiz mumkin bo‘ladi:

Olmaliqni «yondirgan» Fortes yohud Qosimov Sekeyrani «uyg‘otib yubordi»!

Mikael Sekeyra avval boshidanoq, portugalcha jozibali o‘yinni targ‘ib qilishi kutilgandi va mavsum avvalidagi intervyulari orqali ham o‘zbek futboliga yangicha uslub bilan kirib kelmoqchiligini bildirib o‘tdi. Yaxshi, futbolimiz rang-barangligi uchun mana shu kabi turfa g‘oya egalarining bo‘lishi foydali. Ammo masalaning boshqa tarafi ham bor. Mikael Sekeyra o‘z futbolini qisqa paslar ustiga qurishni reja qilganini ko‘rdik. “Temiryo‘lchilar” kecha bo‘lib o‘tgan bellashuvda hadeganda to‘pni tepib yuborishmadi. Qanotlarda o‘ynagan futbolchilar o‘z pozitsiyalarida turgan ko‘yi, markaziy hujumchilarga to‘p uzatishdan o‘zini tiydi. Javohir Sidiqov o‘zi harakat qilgan chap qanotda to‘pni egallar ekan, maksimal ravishda jarima maydoni ichigacha kirib bordi. Ammo futbolimizda ijrochilarning etishmovchiligi kundek ravshan bo‘lgan muammoku, to‘g‘rimi?! 

IMG_0306

Uchrashuv avvalidagi 3 daqiqada “Lokomotiv” futbolchilarining kamida 4 tasi maydon sirpanchig‘ligidan yiqilib tushdi. Dastlabki daqiqadan kichik uzatmalar bilan o‘yinni nazorat qilishni maqsad qilgan klub futbolchilari uchun bu o‘ta kutilmagan holat bo‘ldi. E’tiborlisi, Sekeyra shogirdlari bahs startidayoq, aynan uzun pas tufayli gol o‘tkazib yubordi. O‘sha vaziyatda olmaliqliklarning niderlandiyalik futbolchisi Elvin Fortes tanasining qaysi qismi bilan to‘pga zarba berganini to‘liq anglamay ham qoldik.

Biroq muhimi, to‘p darvoza to‘ridan o‘rin oldi va Fortes yangi mavsumimizni ochib bergan golga mualliflik qildi. O‘sha vaziyatda “Loko”ga darvozabonning joy tanlashda amalga oshirgan xatosi ham pand berdi. Fortesga uzatib berilgan to‘p ancha uzoqdan oshirilgandi va legioner ham unga to‘liq moslasha bilmadi. Javohir Ilyosov esa, shu kuni o‘ziga umuman o‘xshamadi. Sekeyra eng so‘nggi himoya chizig‘ida ham futbolchilaridan to‘pni tepib yubormaslikni va birinchi pasni aynan darvozabon berishini talab qilayotgan ko‘rinadi. Bir emas, bir nechta vaziyatda Ilyosov ochiq sherigini axtarib, to‘pni yo‘qotishga yaqin keldi. AGMK futbolchilari darvozabonning beqaror o‘yinini o‘z vaqtida fahmlab, uzoq masofadan ketma-ket zarbalar yo‘llay boshladi. Bu samara berdi, deb ayta olamiz. Sababi, juda ko‘plab oddiy va darvozabon ushlab olishi mumkin bo‘lgan vaziyatlarda Javohir to‘pni qo‘lidan chiqarib yubordi va keraksiz burchak zarbalariga sababchi bo‘lib qoldi. Ilyosovning to‘pga chiqishdagi ishonchsiz harakatlarini ham ta’kidlab o‘tishga majburmiz, bir nechta vaziyatda “konchilar” markaziy hujumchisi Aleksandr Kasyan golga yaqin keldi. Faqatgina omad “Lokomotiv”ni qo‘shimcha gollardan saqlab qoldi. 

IMG_0364

Kimdir aytishi mumkin, futbolimizga aynan kichik kvadratlardagi kombinatsiyalar etmayotgandi, Sekeyra ushbu futbolni davom ettirishi kerak. Ha, to‘g‘ri fikr - bizga shunday chiroyli, jozibali futbol kerak. Biroq, kecha “temiryo‘lchilar” chim sifati bo‘yicha Superligada ancha yuqori o‘rinda turadigan OKMK stadionida o‘yin o‘tkazdi. Vaholanki, mamlakatimizdagi barcha maydonlarda ham maysa sifati Olmaliqdagidek emas. Bunday maydonlarda portugalcha yuqori ijro mahoratiga ehtiyoj sezadigan kombinatsion o‘yinni shakllantirish og‘ir. Demak, xorijlik mutaxassis futbolimizga moslashishga majbur. 

IMG_0372

“Lokomotiv” o‘yinining kamchiliklari haqida ko‘p gapirdik, ammo aslida jamoadagi o‘zgarishlarni ancha ijobiy baholash mumkin. Boisi, birinchi o‘yindayoq, O‘zbekistonning bayroqdorlaridan biriga nisbatan bu qadar shiddatli qarama-qarshilikni yuzaga keltirish yuksak salohiyatni talab etadi. 

Yodingizdami, Shota Arveladze ham “Paxtakor” bosh murabbiyligiga kelgan dastlabki davrlarda qanday qiyinchiliklarni boshdan kechirgandi. Yakuniy mavsumida OChLda ko‘rsatgan o‘yini esa ko‘pyillik mehnat nima uchun olib borilganini ko‘rsatib qo‘ydi. Biz juda tartibli va chiroyli futbol namoyish etadigan “Paxtakor”ning o‘yinidan to‘liq qoniqish hosil qildik. 

Mikael Sekeyraning murabbiy sifatida kuchli shaxs ekanligi shogirdlarining u bergan ko‘rsatmalarni og‘ishmay bajarishga intilganidan ko‘rinib turibdi. Ha, hozircha kichik xatolar mavjud. Biroq, bu vaqt o‘tishi bilan to‘g‘rilanishi mumkin bo‘lgan jihat. Bundan tashqari, portugaliyalik murabbiy qo‘l ostida etarli zaxira imkoniyatlari mavjud. Ulardan oqilona foydalana olgan taqdirda, “Lokomotiv” uzoqqa boradi. Ayniqsa, ispaniyalik himoyachining tarkibga jalb etilishi murabbiyning maqsadlari ancha jiddiy ekanini bildiradi. Kechagi bellashuvda Diego Bardankaning yaqqol xatolariga guvoh bo‘lmadik. Ammo u bilan mudofaa ishlarida harakat qilgan Islom Qobilov va Shuhrat Muhammadiev juda ko‘plab vaziyatlarda ispaniyalik futbolchini tushunmay qoldi. Ikkinchi golda sun’iy ofsayd hosil qilishda Islom Qobilovning orqada qolib ketgani pand berdi, Muhammadiev esa qanotidan o‘tib ketayotgan futbolchini to‘xtatib qolishga ojiz edi. Balki, til masalasida futbolchilar qiyinchilikka uchragandir. O‘yin vaqtida muloqot bo‘lmas ekan, o‘zaro tushunmovchilik oqibatida gollar qo‘yib yuborilaveradi. Bellashuv mobaynida Bardanka muntazam ravishda qo‘l harakatlari bilan himoya liniyasini boshqarib turdi. Sun’iy ofsayd holatlarini yuzaga keltirishda esa, bizning futbolchilarimizdan biri orqada qolib ketmoqda. 

IMG_0275

Yana bir jihat e’tiborimni tortdi: o‘yindan keyingi matbuot anjumanida jurnalistlar tomonidan berilgan savollarning aksariyatiga portugaliyalik murabbiy mavhum javoblar taqdim etdi, qaysidir ma’noda, javob bermadi, desak ham bo‘ladi. Bu biz, jurnalistlarni ranjitishi tabiiy. Biroq, Sekeyra o‘z rejalariga ega ekanligi ko‘zlaridagi ishonch va qat’iyatdan ko‘rinib turgandi. Yuqoridagi fikrlarimiz orqali uning tanlagan yo‘li mutlaq noto‘g‘ri, deyishdan yiroqmiz. Bu shunchaki, birinchi o‘yindan keyingi fikrlar. Har holda, “Lokomotiv” mavsumoldi o‘rtoqlik uchrashuvlarining barchasini yopiq tarzda o‘tkazdi va ularning uslubi haqida ma’lumotga ega emasdik. Oldinda kutib turgan bellashuvlarda jamoaga omad tilaymiz va ularni diqqat bilan kuzatishda davom etamiz. 


Abdulvosid Valixonov tayyorladi

Fikrlar

Fikr qoldirish uchun avtorizatsiyadan o'ting!
&
Shaymardonov Nurbek Nasimovich
10/03/2021 12:38
Pas uynash buyicha. Nasafka ting keladigani yuq.