
Xitoy futbol loyihasi nega “uxladi”? Ëhud futbolsevar Si Tszinpinning uch orzusi haqida
So‘nggi vaqtlarda Saudiya Arabistoni jamoalarining futbolda sarflayotgan milliardlari tez-tez muhokama markazida bo‘lmoqda. Ayrimlar bu vaqtinchalik jarayon ekanligini, yaqin o‘tmishda Xitoy bilan sodir bo‘lgan voqea saudlar bilan ham yuz berishini bashorat qilishmoqda. Xo‘sh, katta transferlari bilan sharqiy Osiyoda "shovqin ko‘targan" xitoyliklarga nima bo‘ldi? Aslida bu "shovqin"ning maqsadi nima edi-yu, nima uchun barchasi to‘xtab qolgani haqida biroz tahlil qilishga qaror qildik.
"APL xavotirga tushishi kerak. Xitoyliklarda ularni ortda qoldirish uchun katta moliyaviy resurs bor"
Arsen Venger 2016 yilning 4 fevralida bergan o‘z intervyusida aynan shunday jumlalar bor edi: "Xitoy barcha Evropa ligalarini ortda qoldirish uchun etarli moliyaviy kuchga ega". Vengerning bu so‘zlari aytilgunga qadar Paulino, Robino, Demba Ba, Asamoa Gyan, Ramires, Jervino, Jekson Martines va Freddi Guarin kabi Evropada ko‘zga ko‘ringan futbolchilar allaqachon "sariq o‘lka"ga yo‘l olgan edi. Intervyudan bir kun o‘tgach, "Tszyansu Tsunin" jamoasi Aleks Teysheyrani "Shaxtyor" (Donetsk)dan 50 mln evro evaziga sotib oldi. Frantsiyalik mutaxassis haq bo‘lib chiqdi: aynan o‘sha yilgi qishki transferlar oynasida Xitoy haqiqatdan ham xaridlarga sarflangan mablag‘lar bo‘yicha Evropaning barcha chempionatlarini ortda qoldira oldi.
Aslida Xitoy kabi iqtisodiy taraqqiy etgan mamlakatlarda futbol ham rivojlanishi tabiiy jarayon. Ammo, evolyutsion rivojlanish o‘rniga revolyutsion sakrashning o‘ziga yarasha sabablari bor edi.
Xitoy Xalq Respublikasi raisi Si Tszinpin mamlakat nomini jahonga tanitishda va rivojlangan dunyo bilan integratsiya qilishda sportning o‘rnini yuqori, deb hisoblaydi.
Tushunarli bo‘lishi uchun barchasini biroz uzoqroqdan boshlaymiz. O‘tgan asrning o‘rtalarida Tayvan oroli bilan yuzaga kelgan siyosiy sabablarga ko‘ra, xitoylik sportchilar deyarli 30 yil davomida Olimpiada o‘yinlarida qatnasha olishmadi. 1980 yildan so‘ng, Xitoy yana MOQ va FIFAga qaytdi va "dzyugo tiji" loyihasini ishlab chiqishni boshladi. Loyihaga ko‘ra, hukumat mamlakat bo‘ylab barcha sport turlarini ommalashtirish va rivojlantirish ustida jiddiy ishlashi, Olimpiada o‘yinlarida g‘alaba qozonib, mamlakat suverenitetini mustahkamlashi kerak bo‘lgan (1956-1976 yillarda jahon hamjamiyati tomonidan Tayvan oroli hududida joylashgan mamlakat Xitoy Respublikasi, deya tan olingan va Olimpiadada qatnashish huquqi berilgan, biz bilgan Xitoy Xalq Respublikasi esa deyarli hech bir mamlakat tomonidan tan olinmagan edi).
XXR raisi - Si Tszinpinning orzulari. . .
Uzoq tayyorgarlik va kurashlardan so‘ng, Xitoy 2008 yilgi Olimpiada mezbonligini qo‘lga kiritadi. Musobaqa yuqori saviyada o‘tadi, oltin medallar soni bo‘yicha xitoylik sportchilar birinchi o‘rinni egallashadi. Ammo, futbolsevar Si Tszinpin bu natijalardan hali ko‘ngli to‘lmaganligini ma’lum qiladi va o‘zining uch orzusi haqida aytadi:
- Xitoyning Jahon chempionatiga chiqishi?
- Xitoyning Jahon chempionatiga mezbonlik qilishi?
- Xitoyning Jahon chempionatida g‘olib bo‘lishi.
O‘z tarixida faqat bir marotaba mundialda (2002 yil) o‘ynagan xitoyliklar oldida yana bir katta missiya turgan edi. Hukumat loyihasiga ko‘ra, barcha investorlarga Xitoy futbol klublarini moliyalashtirish tavsiya qilinadi va buning evaziga ularning kompaniyalariga soliq imtiyozlari berilishi aytiladi. Natijada, multimillioner korporatsiyalar futbolga katta sarmoya bilan kirib keladi.
- Alibaba (AliExpress va Taobao elektron tijorat platformalari egasi) "Guanjou Evergrand"ning 50% aktsiyalarini sotib oladi. Bu jamoada Robino, Paulino va Jekson Martineslar o‘ynashadi.
- Greenland (Xitoydagi yirik qurilish kompaniyasi, jahonning top-500 eng yirik kompaniyalaridan biri) esa "Shanxay Shenxua"ni sotib oladi. Keyinroq Demba Ba, Guarin, Teves va El-Shaaravilar shu erda to‘p tepadi.
- Suning (yirik xo‘jalik texnikalari do‘koni) "Tszyansu Tsunin"ni to‘liq xarid qilib, Aleks Teysheyra, Ramires va Jo kabi futbolchilarni olib keladi.
- China Fortune Land Development (qurilish kompaniyasi, kompaniya rahbarining o‘zida 4 mlrd dollar borligi aytiladi) "Hebey"ni sotib oladi. Klubga Jervino, Lavessi, Maskerano va Ernaneslar olib kelinadi.
- SIPG (Shanxay xalqaro porti) "Shanxay Port" klubini xarid qilib, o‘z nomini beradi. Oskar, Halk, Marko Arnautovich, Asamoa Gyan va hamyurtimiz Odil Ahmedovlar shu jamoada to‘planishadi.
2010 yillardan boshlab jahon futbolidagi eng kuchli mutaxassislar Xitoydan yangi takliflar ola boshlaydi. Nafaqat nomdor futbolchi yoki murabbiylar, balki, eng yaxshi bolalar murabbiylari, massajchilar va hatto, vitaminologlar ham xorijdan chaqiriladi. Eng asosiy maqsadlardan biri - 2050 yilgacha Xitoy jahon chempionatini yutish kerak edi... Umuman maqsadlar ro‘yxati juda keng bo‘lgan:
- 2020 yilgacha - 20 mingta futbol maktabi va 70 mingta futbol maydonchalarini qurish, ularda 30-50 mln o‘quvchilarning shug‘ullanishi;
- 2030 yilgacha - 50 mingta maktab qurish, Xitoy terma jamoasini Osiyoning eng kuchli jamoalaridan biriga aylantirish;
- 2050 yilgacha - Xitoy terma jamoasini FIFA reytingida TOP-20 talikka olib kirish va albatta, jahon chempionati oltin medallari!
2012 yil Xitoy futbolining faxri - "Guanjou" akademiyasi ochildi. Akademiya qurilishi uchun 185 mln dollar sarflangan. Bu jahondagi eng katta futbol akademiyasi hisoblanadi: "Real Madrid"da ishlagan 24 ispaniyalik murabbiy 2 577 o‘quvchi bilan shug‘ullanadi.
Katta xaridlar o‘z natijasini berib, xitoyliklar Osiyo Chempionlar Ligasida ketma-ket zafarli yurishlarni amalga oshirishadi. 2016-2017 yillarda Xitoy futboli o‘zining eng yuqori "pik" nuqtasiga chiqadi. Loyiha natijasini ko‘ra boshlagan ko‘pgina nisbatan yosh iqtidorli futbolchilar ham sekin-asta Xitoyga otlanishadi: Karrasko, El-Shaaravi, Taliska, Vitsel va hokazo. Ammo, umidlar o‘zini oqlamaydi. Hukumatning yaxshi niyati bilan qilgan har biri ishi aksta’sir ko‘rsata boshlaydi.
Inqiroz sabablari: legionerlar uchun limit, o‘zgaruvchan reglament va rasmiyatchilikka aylangan futbol
Hammasi tushunarsiz limitlash siyosatidan boshlangan edi. Xitoy chempionati reglamentiga ko‘ra, jamoalar 4 nafar xorijlik, 1 nafar osiyolik futbolchini ro‘yxatdan o‘tkaza olishar edi. Natijada, osiyolik 1 ta futbolchi pozitsiyasiga to‘g‘ri keladigan futbolchilar uchun kurash juda jiddiy tus olardi, mahalliy xitoylik futbolchilarning narxlari ham keskin oshishni boshladi. 35 yoshida "Shanxay Shenxua"ga kelgan avstraliyalik Tim Kexill barchasini keskin qoralaydi: "Odamlar bu erga avvalgidek futbol uchun kelishmayapti. Bu erda pul hukmronlik qiladi. Bu mamlakatga yordam beradi, lekin futbolchilarning karerasiga emas. Bu o‘ta ketgan ahmoqlik, tez orada Xitoyning o‘zida 100 milionlik transferlar bo‘lsa ham ajablanmang".
Xitoyliklar har yili liga reglamentiga o‘zgartirish kiritishga odatlanib qolishgandi. Mamlakat futbol federatsiyasi rahbariyati 2017 yildan boshlab klublar oldiga yangi talablar qo‘ya boshladi: "4+1" legioner limitidan tashqari, o‘yin qaydnomasida 23 yoshdan kichik bo‘lgan kamida ikkita o‘yinchi bo‘lishi, bittasi esa asosiy tarkibda bo‘lishi zarurligi ta’kidlandi.
Keyingi limit bu - klublarning xarajatlarini cheklash edi. Transferlar uchun 100% soliq joriy etildi. Agar jamoa yangi legioner uchun 7 million dollardan ko‘proq mablag‘ sarflagan bo‘lsa, jamoa xuddi shu mablag‘ni yoshlar futbolini rivojlantirish jamg‘armasiga ham to‘lashi kerak edi.
Yangi tizim ish bermadi. Xorijliklarning kelishi keskin kamaydi, borlari ham norozi kayfiyatda edi. 23 yoshdan kichik futbolchilar o‘yinning 2-daqiqasidayoq almashtirilgan vaqtlar ham bo‘ldi. Futbol shunchaki rasmiyatchilikka aylanib bo‘lgan edi.
2019 yil oxirida qoidalar yana o‘zgartirildi. Endi butun jamoaning maosh chegarasi 142 million evro etib belgilandi. Yangi legionerlar limitiga ko‘ra, 5 tagacha turli qit’alardan bo‘lgan futbolchi xarid qilish mumkin, lekin asosiy tarkibda faqat 4 tasi o‘ynashi mumkin edi. Barchasi inqirozga qarab ketayotgan edi. Buni o‘sha vaqtda Xitoy futbol federatsiyasi prezidenti Chen Syuyuan ham ta’kidlashga ulgurgandi: “Agar o‘z vaqtida chora ko‘rmasak, ko‘plab klublar bankrot bo‘lishidan qo‘rqaman”.
Ammo juda kech edi. 2020 yilning bahorida "Tianjin Tyanxay" bankrot bo‘ldi. Klub 2019 yil oxiridan buyon o‘ziga yangi homiy qidirmoqda, biroq uni hech kim tekinga ham olmadi – 145 million dollar qarz (100 million dollarlik aktivlar) bor edi.
Yangi soliq cheklovlari Evropa va Janubiy Amerika yulduzlarining qochishi bilan tugadi: Halk va Romulo Braziliyaga, Stefan El-Shaaravi va Gratsiano Pelle Italiyaga, Yannik-Ferreyra Karrasko Ispaniyaga, Salomon Rondon Rossiyaga, Sandro Vagner va Obafemi Martins o‘z faoliyatini yakunlashdi.
Umuman olib qaraganda Xitoy chempionati tom ma’noda superyulduzlar ligasiga aylana olmadi. Bu erga xuddi Saudiyada bo‘layotgani kabi "Oltin to‘p" sohiblari kelmadi. Xitoyliklar hatto, o‘z vaqtida jamoasiz qolib ketgan Beyl, Riberi yoki Falkao darajasidagi futbolchilarni ham transfer qila olishmadi. Ësh iqtidorlardan esa faqat Oskarni eslashimiz mumkin. Ayni paytda Xitoy chempionati OFK koeffitsientlari jadvalida ettinchi o‘rinni egallab turibdi (Saudiya Arabistoni, Janubiy Koreya, Yaponiya, Eron, Qatar va O‘zbekistondan keyin) va hozircha yangi loyihalar amalga oshirilishi ko‘zda tutilmagan. Shunday qilib sershovqin Xitoy futbolidan faqat "uning vayronalari" qoldi, xolos. Saudiya-chi? Chin yurti qilolmagan ishni arab diyori qila olarmikan?! Buni endi vaqt ko‘rsatadi...
Ushbu materialni tayyorlashda transfermarkt.com, iffhs.com va sports.ru saytlaridagi ma’lumotlardan foydalanildi.
Xusan Sobitov
Fikrlar