
WBA va IBF chempioni Murodjon Ahmadaliev Tapales bilan jangi, Fulton va Inoue bahsi haqida katta intervyu berdi
122 funt vazn toifasida (55,3 kg) WBA va IBF chempionlik kamari egasi Murodjon “MJ” Ahmadaliev raqibi Marlon Tapales bilan turlicha darajada ekanligiga ishonadi. Ahmadaliev mutlaq chempion bo‘lish uchun Stiven Fulton-Naoya Inoue jangi g‘olibiga qarshi jangga umid qilmoqda.
Ahmadaliev (11-0, 8KO) o‘tgan yili iyun oyida San-Antonioda Ronni Rios ustidan muddatidan oldin g‘alaba qozongan edi. U 8 aprel kuni o‘ta engil vazn toifasida WBO chempionlik kamari uchun bo‘lib o‘tadigan Jessi “Bam” Rodriges va Kristian Hernandes jangi oqshomi ikkinchi asosiy bahsida Marlon Tapalesga qarshi (36-3, 19KO) o‘ziga tegishli bo‘lgan kamarlarini himoya qilish uchun yana San-Antonioga qaytadi.
Ahmadaliev 2017 yil 53 kgda WBO chempionlik unvonini qo‘lga kiritgan va birinchi himoya jangida uni boy bergan Tapales haqida quyidagicha fikrda:
“U chapaqay. Tez, kuchli va og‘ir zarbaga ega. Ammo men ringga birgina niyat bilan chiqaman - kamarlarimni himoya qilish. Kim eng yaxshi jangchi ekanligini faqat ring ko‘rsatadi. Biroq to‘g‘risini aytsam, men boshqa darajadagi bokschiman. Umuman olganda, eng yaxshi jangchiman deb o‘ylayman”, - deya ta’kidladi Ahmadaliev.
Ahmadaliev 2016 yildagi o‘zbek boks muxlislari uchun afsonaga aylangan Olimpiada o‘yinlarida bronza va 2015 yilgi jahon chempionatida kumush medalni qo‘lga kiritgan yorqin havaskor karerasidan so‘ng 2018 yilda professional boksga qadam qo‘ydi. Uning aytishicha, bu tajriba professional yo‘nalishdagi muvaffaqiyatiga ham ulkan hissa qo‘shgan. Uning ta’kidlashicha, atrofida to‘g‘ri va aniq yo‘l ko‘rsatadigan odamlarning bo‘lishi juda muhim hisoblanadi.
“Men hali ham o‘rganyapman, kerakli tajribani yig‘ib boryabman, men eng zo‘r bo‘lish uchun qo‘limdan kelgan barcha ishni qilyabman. Havaskor boksda 300 dan jang o‘tkazganman, shundan 200 tasi xalqaro darajadagi musobaqalardir. Menda haqiqatdan ham shunday tajriba bor. Bundan tashqari mashg‘ulot lagerlarida jarohat olish va boshqa holatlar bo‘yicha ham tajribaga egaman. Bularning hammasidan saboq olishga harakat qilaman. Jangdan jangga o‘sib borayotganimni, kuchayib borayotganimni, jismonan chiniqqanimni his qilyapman va 12, 15 raund jang olib borishga tayyorman. Bunday holatlar uch-to‘rt yil oldin jiddiy muammolar keltirib chiqargan edi, endi esa unday emas. Murabbiylarim va menejerlarim tufayli, hozir eng yahshi sport formamdaman. Professional boksga o‘tganimdan keyin Allohdan menga yaxshi jamoa berishini, meni yaxshi odamlar bilan yuzlashtirishini so‘ragan edim. Xudoga shukur, men ulardan juda xursandman, lekin bularning barchasi jarayonning bir qismi ekanligini takidlab o‘tmoqchiman. Mening jamoam, mening menejerim, murabbiylarim, havaskor murabbiylarim - bu bo‘g‘inlardan qaysi biridir bo‘lmasa, butun zanjir buzilardi”, - deydi Ahmadaliev tarjimon orqali ProBoxTV News portaliga.
Uning so‘zlariga ko‘ra, muvaffaqiyatlari kaliti sifatida do‘st va hamkasblari, Ahmadaliev kabi o‘zbekistonlik bo‘lgan bokschilar Isroil Madrimov va Bektemir Meliqo‘ziev, shu bilan birga asli qirg‘izistonlik yarim og‘ir vazn qiroli Dmitriy Bivol ham muhim rol o‘ynaydi. Barcha bokschilar hozirda Kaliforniyaning Indio shahrida mashg‘ulotlarni olib borishmoqda. Ahmadalievning aytishicha, bu mashg‘lotlar uchun eng yahshi joy hisoblanadi.
“Kaliforniya biz uchun eng yaxshi joy. Butun jamoa bilan shu erda mashg‘ulot olib boramiz. Bektemir shu erda, Isroil va Bivol ham shu erda. Biz ular bilan bolalikdan do‘st bo‘lganmiz va bir uyda yashab mashg‘ulotlar olib borganmiz. Shuning uchun har doim bir-birimizni qo‘llab-quvvatlashga harakat qilamiz. Doim janglardan oldin birga bo‘lishga va jang taktikalari bo‘yicha maslahatlarimizni berishga harakat qilamiz. Har doim qo‘limdan kelgan barcha maslahatlarni beraman va ular ham doim menga yordam berishga harakat qilishadi. Kaliforniyada qolish sizni avtomatik rejimga solib qo‘yadi, oziq-ovqat, uyqu, jismoniy mashqlar va yana ovqatlanish, uyqu, jismoniy mashqlar. Biz qilgan ishimiz shu”, - deya qo‘shimcha qiladi u.
Ahmadaliev 2020 yil yanvar oyida Daniel Roman ustidan g‘alaba qozonib WBA va IBF chempionlik kamarlarini qo‘lga kiritgan edi. Tapales bilan bo‘ladigan jang uning uchun to‘rtinchi himoya janggi hisoblanadi. Qolgan ikkita kamar esa Stiven Fultonga tegishli bo‘lib, u 25 iyul kuni o‘ta bitta pastki vaznda sobiq mutlaq jahon chempioni Naoya Inoue bilan jang olib boradi. Bo‘lajak bahsda Inoue fovorit hisoblanmoqda.
“Albatta. Hozirda mening maqsadim Tapales ustidan g‘alaba qozonish. Men uni oson raqib deb o‘ylamayman. Ammo professional bokschi sifatida maqsadim - mutlaq chempion bo‘lish va men bu uchun bor kuchimni ishga solaman. Demak, Fulton va Inoue jang qiladigan bo‘lsa, mening keyingi “nishonim” shubhasiz ulardan biri hisoblanadi. InshaAlloh, albatta undan oldin kamarlarimni himoya qilishim kerak.
Rostini aytadigan bo‘lsam ularning qaysi biri g‘alaba qozonishini bilmayman chunki men ularni ikkisini ham janglarini ko‘pam ko‘rmaganman. Adashmasam, men Fultonni Figeroa bilan va ukrainalik (Arnold Hegay) bilan jangni ko‘rdim holos. Inouening bir nechta janglarini ko‘rganman va menga uning janglarini tomosha qilish yoqadi. Lekin hech qachon ularni o‘rganish uchun bu ishni qilmaganman va shuning uchun jangda kim yutishini aytish qiyin. Inoueni janglarini ko‘rib uni har qanday aspektda juda yahshi bokschi deb o‘ylayman. U ancha rivojlangan bokschi va jang Yaponiyada bo‘layotganligi uchun bu unga qulaylik yaratishi mumkin deb bilaman. Ularga mashg‘ulotlarda omad va sihat-salomatlik tilayman. Umid qilamanki, tez orada kim eng zo‘ri ekanligini aniqlashtirib olamiz. Bashorat qilmagan holda ayta olamanki, oldinda ajoyib jang kutib turibdi. Hudo ularni omadini berib mashg‘ulotlarda o‘zi asrasin”, - deya takidlaydi Ahmadaliev.
Ingliz tilidan Ziyodulla Abdikarimov tarjimasi
Fikrlar