
Vitaliy Levchenko: "Yashirmayman, Xebayga qiziqishimiz bo‘ldi, lekin..."
“Neftchi” – “Nasaf” (2:1) ishtirokidagi uchrashuvdan keyingi matbuot anjumanining ikkinchi qismida mezbonlar ustozi Vitaliy Levchenko jurnalistlarning savollariga javob qaytardi.
- Bugun biz ligadagi eng kuchli jamoalardan biriga qarshi maydonga tushdik. Nomdor klubga qarshi biz uchun qiyin uchrashuv bo‘ldi. Doimiy o‘yin amaliyotiga ega bo‘lgan jamoa bilan o‘ynash og‘irligini bilardik. Ularga qarshi ochiq futbol namoyish etish ancha murakkabligini ham bilardik. Shu sababli kerakli joylarda o‘zimizni taktikamizni qo‘llab ko‘zlangan maqsadga erishdik. Ba’zi vaziyatlarda ko‘zlangan maqsadimizga to‘liq erisha olmadik. Eng asosiysi, muxlislarimizga uzoq kutilgan g‘alabani olib keldik.
- Vladimir Nazarovni o‘zingiz tanlab olgansiz va asosiy tarkibda tushyapti. Endilikda u asosiy tarkibdan muqim joy oladimi?
- Bu erda hech qanday mubolag‘a yo‘q, o‘rtada raqobat bor. Kim kuchliligini isbotlsa va yaxshi tayyorlansa o‘sha futbolchi maydonga tushadi. Hammaga ma’lum, qaerdadir xato qilsa raqobatda yutqazib qo‘yadi. Shuning uchun Vladimir ham xato qilmaslikka harakat qilyapti, o‘z ustida ishlayapti. Buni men to‘g‘ri qabul qilaman. Futbolda raqobatsiz taraqqiyotga erishib bo‘lmaydi. Bizda bunday sog‘lom raqobat borligidan mamnunman.
- U birinchi uzatmalardan xatolikka yo‘l qo‘yyapti...
- Bunday holat texnik xato hisoblanadi. Futbolda ba’zida bunday holatlar uchrab turadi. Buning ustida ko‘proq ishlaymiz. Mashg‘ulotlarda yana ko‘rib chiqamiz. Bu erda hech qanday xavotirga o‘rin yo‘q. Yosh yigit o‘z ustida ishlayapti. Yanada ko‘proq ishlasa etuk darvozabonlar qatoriga kirib oladi.
- Rubing Xebayga “Neftchi”dan qiziqish bo‘layotganligi qanchalik rost?
- Albatta, matbuotni hamma kuzatib borayotgan bo‘lsa kerak. “Andijon” klubi direktori uni sotilmasligini e’lon qildi. Narxini baland aytdi va kimni shu summaga qurbi etsa, marhamat olishi mumkinligini ta’kidladi. To‘g‘ri, yashirmayman qiziqishimiz bo‘ldi. Lekin bunchalik katta summaga sotib ololmaymiz deb hisoblayman. O‘z imkoniyatimiz, byudjetimizdan kelib chiqib ish ko‘ramiz. Agar qimmat narxga sotib olsak, balki keyingi mavsumda buncha gol urolmas, mablag‘ osmonga uchib ketadi. Shu bois hozircha imkoniyatimizdan kelib chiqib, ish tashkil qilyapmiz. “Andijon” jamoasini o‘zining kuchli futbolchisining narxini baland qo‘ygani albatta bu o‘zlarining ishi. Saudiya Arabistoni, BAA, Qatar kabi mamlakatlarning boy klublari bunday o‘yinchini sotib olsa balki to‘g‘ri bo‘lar.
- “Ural” bilan o‘yin rejalaringizga qanday ta’sir ko‘rsatadi? Chunki u vaqtda aksariyat o‘zbek jamoalari ta’tilga chiqqan bo‘ladi.
- Barcha jamoalar qisqa tanaffusga chiqishadi. Bu o‘yinlar bizning tayyorgarlik jarayonimizni belgilab beradi. Muxlat davomida reja tuzib chiqqanmiz va shu reja bo‘yicha tayyorgarlik ishlarini olib boramiz. O‘ylaymanki, Rossiyaning “Ural” klubi bilan o‘rtoqlik uchrashuvlari “Neftchi”ga har tomonlama foyda bo‘ladi, deb o‘ylayman. Rossiya premer-ligasi vakiliga qarshi o‘yin farg‘onalik muxlislarga haqiqiy sovg‘a bo‘ladi.
- Muxlislar haqida fikringiz?
- Ular haqida ijobiy fikrdaman. Qachonki, seni to‘xtamay qo‘llab-quvvatlashsa bunday atmosferada maza qilib o‘ynaysan. Bunday muhit har qanday o‘yinchi uchun adrenalin bo‘ladi. Ishqibozlarning tinimsiz olqishi natijasida futbolchilarga qo‘shimcha kuch qo‘shiladi. Shu bois g‘alabalarda muxlislarning o‘rni beqiyos. Ular boshidan oxirigacha qo‘llab turishsa yigitlar charchoq nimaligini bilishmaydi. Bunday muxlislar oldida to‘p surish futbolchilarni g‘alabaga bo‘lgan ishonchini oshiradi. Ishqibozlarga respekt! Qancha ko‘p kelsa, jamoamizning g‘alaba qozonish imkoniyati ko‘proq bo‘ladi.
- “Neftchi” ortiqcha shov-shuvlarsiz mavsumga kirishdi. Hozirda sovrinlar uchun kurashyapti. Ikkinchi davrada qanday o‘zgarishlar bo‘ladi?
- Albatta, harakat qilamiz. Hali chempionat tugamadi. Yuqori o‘rinlar uchun kurashamiz. Bu borada bizga yangi qonlar ham kerak deb o‘ylayman. Yangi futbolchilar kelsa, jamoaga yangi qon quyiladi. Bu borada ham tegishli ishlarni olib boryapmiz. Ikkinchi davraga yaxshi kayfiyatda kirib kelamiz.
Fikrlar