
Vitaliy Levchenko: "Bizni ro‘yxatimizda turgan bir qator yaxshi futbolchilar bor"
“Neftchi” klubi Superliganing 25-turida “Qizilqum”ni qabul qildi va 1:0 hisobida g‘alaba qozondi. Shu tariqa, Farg‘onadagi so‘nggi uchrashuvda muxlislarni g‘alaba bilan quvontirdi. Uchrashuvdan keyin “Neftchi” bosh murabbiyi Vitaliy Levchenko savollarga javob qaytardi.
- Juda og‘ir o‘yin bo‘lib o‘tdi. “Qizilqum”ni bu erga ochko uchun kelishini bilardik. Sababi, turnir jadvalidagi holatdan kelib chiqib, 3 ochko olishi zarur edi va bu Superligada qolish imkoniyatini saqlab qolish uchun ham muhim edi. O‘yin jangovar va qiyin o‘tdi. Yaxshiki, biz ijobiy natijaga erishdik. Bu meni xursand qildi. O‘z maydonimizdagi o‘yinda muxlislarni xursand qildik, bu eng asosiysi. Hammani g‘alaba bilan tabriklayman. O‘yin unutiladi, natija esda qoladi.
- Himoyachi Zoir Jo‘raboev yaxshi taassurot qoldirdi. Tojikiston terma jamoasida yana boshqa futbolchilarni ham ko‘z ostingizga olib qo‘yganmisiz?
- Hamma yigitlarni kuzatib boryapmiz. Bizni qiziqtirayotgan bir qancha yaxshi o‘yinchilar bor. Boshqa savol bizdagi vaziyatni kuzatadigan bo‘lsak, kimdir tarkibimizda qolmoqchi, kimdir esa tark etmoq istagi bo‘lsa, qaysidir pozitsiyani kuchaytirgani bizning talabimizga to‘g‘ri keladiganiga e’tibor qaratamiz.
- “Neftchi”da qaysi jihatlardan ko‘nlingiz to‘ldi va aksincha?!
- Yigitlarga tasanno. Ular mavsumni juda yaxshi o‘tkazdilar. Mavsumni qaysidir qismida mag‘lubiyatsiz bordik, bu meni xursand qildi. Xafa qilgani esa qimmatli, muhim bo‘lgan ochkolarni boy bergan o‘yinlarimiz bo‘ldi. Sovrinli o‘rinlardan ayirgani alamli. Lekin mavsumni yomon o‘tkazmadik, deb o‘ylayman.
- Klubdagi legionerlardan yangi mavsumda kimlar qoladi va qaysilariga javob beriladi?
- Shu savol hozir jarayonda. Sifatli va O‘zbekiston chempionati saviyasiga to‘g‘ri keladigan yaxshi legionerlarni taklif etganmiz. Bu savolga javob berish biroz mushkul.
- Farg‘onalik ishqibozlar haqida nima degan bo‘lardingiz?
- Kattakon respekt! Butun mavsum davomida ularni qaynoq qo‘llab-quvvatlaganini his qildik. Ular haqiqiy 12-o‘yinchi bo‘lib berishdi. Shunday ruhda davom etishlarini istayman. Yangi mavsumda ularni ko‘plab g‘alabalar bilan xursand qilamiz.
- Bugungi uchrashuvning ikkinchi bo‘limida G‘ulomhaydar G‘ulomovga e’tirozlar bildirdingiz. Nima uchun?
- Bilasizmi, futbolchida asablari charchaganda unga juda og‘ir bo‘ladi. Biz istagan sifatli futbolni ko‘rsatishga to‘sqinlik qiladi. Qo‘rqinchli joyi yo‘q. G‘ulomhaydar mavsumni juda yaxshi o‘tkazdi. Uning pasportiga e’tibor qaratmadik. Chunki u yosh futbolchi emas, harakat qilyapti. Tabiiyki, charchoq alomatlari bor, unda. Qaerdadir uning harakatlarini tahlil qilib boramiz, faolroq bo‘lishini aytamiz. Bu tabiiy jarayon. Yana bitta o‘yin qoldi, u mavsumni yaxshi o‘yin ko‘rsatib, tugatadi deb o‘ylayman.
- “Neftchi”ga yangi mavsumda Hamrobekov, Norxonov, Mamasiddiqov kabi o‘yinchilarning qo‘shilishi haqida gap-so‘zlar bor. Bunga qanday izoh berasiz?
- Bir qator bizni ro‘yxatimizda turgan yaxshi futbolchilar bor. Qachonki, shartnoma tuzmaguncha, bizni jamoada o‘ynash istagi bo‘lmaguncha biron narsa deya olmaymiz. Hammasi futbolchilarning istak va xohishlariga bog‘liq.
Fikrlar