Vengriyada sportimiz mutasaddilari FINA rahbari bilan uchrashdi

  • 2 iyul, 2022, 17:18
  • Baxtiyorjon Toshtemirov
  • 0
  • Suv sporti
CHERY AUTO

Shu kunlarda Vengriya poytaxti Budapesht shahrida suv sporti turlari bo‘yicha jahon chempionati bo‘lib o‘tmoqda. Xalqaro suzish federatsiyasi (FINA) prezidenti Husayn Al-Musallamning taklifiga binoan O‘zbekiston Respublikasi sportni rivojlantirish vaziri Adxam Ikramov va Milliy olimpiya qo‘mitasi bosh kotibi Oybek Kasimov rasmiy tashrif bilan Budapeshtda bo‘lishdi. Bu haqda Sportni rivojlantirish vazirligi matbuot xizmati xabar tarqatmoqda.

Tecno

Jahon chempionati dasturiga kiritilgan suv polosi musobaqalari doirasida dastlab mutasaddilarning FINA prezidenti, Osiyo Olimpiya kengashi bosh direktori Husayn al-Musallam bilan uchrashuvi bo‘lib o‘tdi. Kun tartibidan FINA boshchiligida o‘tkazilgan seminarlardagi hamkorlikni yangi bosqichga olib chiqish, o‘zbekistonlik mutaxassislarga grantlar ajratish kabi dolzarb masalalarning ayni kundagi natijalari muhokama qilindi.

Ta’kidlash joizki, may oyida poytaxtimizda yuqori saviyada tashkil etilgan Osiyo Olimpiya kengashi Ijroiya qo‘mitasining 77-yig‘ilishi, shuningdek, MOQ tashkil etilganining 30 yilligini nishonlash arafasida Husayn al-Musallam bilan o‘zaro munosabatlarni rivojlantirish bo‘yicha dastlabki muzokaralar olib borilgan edi. Bugungi uchrashuv ana shu kelishuvning mantiqiy davomi bo‘lib, o‘zbek sportining kelajagi uchun katta ahamiyatga egadir.

Uchrashuvda janob Al Musallam O‘zbekiston, Xalqaro suzish federatsiyasi - FINAda muhim o‘rin tutuvchi a’zolaridan biri ekanligini va mamlakatda suv sporti turlarini rivojlantirishni yangi bosqichga ko‘tarishda hamkorlik qilishga tayyor ekanini ta’kidladi.

Shuningdek, janob Al Musallam FINA Toshkent-2025 yoshlar o‘rtasidagi IV Osiyo o‘yinlari uchun suv sportiga ixtisoslashgan zamonaviy inshootni qurishda ko‘maklashishga tayyor ekanligini ham qayd etdi.

Sportni rivojlantirish vaziri A.Ikramov va MOQ Bosh kotibi O.Kasimovlar ishchi tashrif doirasida yana bir qancha muhim uchrashuvlarda ishtirok etishadi.

Fikrlar

Fikr qoldirish uchun avtorizatsiyadan o'ting!