Vadim Abramov: "Birinchi bo‘limdagi vaziyatlardan foydalanganimizda bunday savol bo‘lmasdi"

  • 18 avgust, 2023, 17:06
  • Shuhratbek Jo’rayev
  • 0
  • Futbol
CHERY AUTO

Pro liga 14-turi doirasidagi «Dinamo» - «Navbahor-Farm» (2:1) uchrashuvidan keyin mezbonlar bosh murabbiyi Vadim Abramov o‘yin haqidagi fikrlarini bildirdi.

Tecno

- Bugun o‘z ishimizni o‘zimiz qiyinlashtirdik. Birinchi bo‘limda uchta o‘yinga etadigan vaziyatlar yaratib, gol kirita olmadik. Ikkinchi bo‘lim boshida esa kutilmaganda darvozamizga penalti belgilandi va raqib hisobni ochdi. G‘alaba uchun bor kuchimizni ishlatishga to‘g‘ri keldi va maqsadga erishdik. Yigitlarga rahmat. Ikki haftada 4 ta o‘yin o‘tkazganimizni inobatga olsak, qiyin g‘alabaga erishdik.

- Bugun tarkibda rotatsiyaga qo‘l urdingiz. Bu jamoa o‘yiniga qanchalik ta’sir qildi?

- Agar birinchi bo‘limdagi vaziyatlardan foydalanganimizda bunday savol bo‘lmasdi. Shunga qaramay, zaxirada bo‘lgan aksariyat o‘yinchilarni bugun asosiy tarkibda tushirganimdan afsuslanmayman. Chunki tarkibda tushgan har bir o‘yinchi o‘yinni kuchaytirdi. Zaxiradan tushganlar ham yaxshi kirishib ketishdi.

- Koike Yudai bugun qaydnomada ham yo‘q edi. Bu nima bilan bog‘liq?

- Jarohati bor edi, shu bois tarkibga kirita olmadik. 3-4 nafar o‘yinchimizda jarohat bor. Ular tez orada safga qaytishi mumkin.

- Bugungi bahsda Ulug‘bek Abdullaev ancha faol ko‘rindi...

- Ha, buni e’tirof etish kerak. U birinchi marta asosiy tarkibda o‘ynab, juda yaxshi o‘yin namoyish etdi. Himoyada ham o‘ynab, ko‘plab vaziyatlar yarata oldi. Uning o‘rniga tushgan futbolchimiz ham yaxshi o‘yin namoyish etdi.

-  «Dinamo» navbatdagi o‘yinini 26 avgust kuni o‘tkazadi. Bu orada rejalar qanday?

- O‘rtoqlik o‘yin o‘tkazilmaydi, yigitlarga qisqa dam beramiz. Sababi ketma-ket 4 o‘yinda maydonga tushdik va 26 avgustdan 4 sentyabrga qadar yana 3 ta muhim o‘yinga tayyorgarlik ko‘rish kerak.

“Dinamo” matbuot xizmati.

 

Fikrlar

Fikr qoldirish uchun avtorizatsiyadan o'ting!