Husanov faoliyatida bunaqasi birinchi bor yuz berdi!

  • 19 sentabr, 17:25
  • Zohir Toshxo’jayev
  • 1
  • Futbol
CHERY AUTO

Evropa Chempionlar ligasi klublar miqyosidagi eng nufuzli musobaqa hisoblanadi. Chunki bu turnirda qit’aning eng qudratli klublari g‘oliblik uchun kuch sinashadi.

Tecno

To‘g‘risi, har bir futbolchining orzularida Evropa Chempionlar ligasida muntazam ishtirok etish, o‘z mahoratini namoyish qilish, nufuzli sovrinlarni qo‘lga kiritish istagi yotadi.

O‘zbekistonlik charm to‘p ustalari orasida hozircha faqatgina Abduqodir Husanovda Chempionlar ligasida muntazam qatnashish imkoniyati bor xolos. Shu bois, yurtimizdagi futbol ishqibozlari Abduqodir o‘ynayotgan “Manchester Siti”ning xalqaro turnirdagi ishtirokini alohida qiziqish bilan kuzatib boryapti.

Chempionlar ligasining yangi mavsumidagi ilk uchrashuv Abduqodir Husanov bu gal xalqaro musobaqada jamoasining asosiy figuralaridan biri sifatida to‘p tepishini ko‘rsatdi. Sports.uz portali vaziyatdan foydalangan holda, 21 yoshli markaziy himoyachining hozirgacha “ko‘hna qit’a”ning eng zo‘r turnirida o‘tkazgan o‘yinlarini e’tibor qaratdi.

Professional futbolchilik faoliyatini 2022 yilda Belarusning “Energetik-BGU” klubida  boshlagan Abduqodir Evropa Chempionlar ligasi debyutini nishonlashiga juda qisqa vaqt kifoya qildi. Bir yildan keyin Frantsiyaning o‘sha paytdagi vitse-chempioni “Lans”ga ko‘chib ztgan legionerimiz eski formatdagi oxirgi musobaqada ikkita uchrashuv o‘tkazishga ulgurdi.

2023 yilning 29 noyabr kuni “Lans” Angliyaning qudratli klubi “Arsenal”dan 0:6 hisobida engilgan o‘yinda Husanov 28 daqiqa to‘p tepdi. Demak, nufuzli musobaqadagi debyut Abduqodir uchun unutilmas darajada xunuk boshlandi.

O‘sha yilning 12 dekabrida “Lans” o‘z maydonida Ispaniyaning “Sevilya” jamoasini 2:1 hisobida engdi. Bu bahsda Husanov so‘nggi daqiqada zaxiradan o‘yinga qo‘shildi va xatto terlashga ham ulgurmadi.

2025 yilning yanvarida “Manchester Siti” futbolchisiga aylangan Abduqodir Husanovning bir oydan keyin yangi formatdagi Chempionlar ligasining pley-offida “Real”ga qarshi uchrashuvni to‘liq o‘tkazganini haqiqiy debyut desa bo‘ladi. 19 fevral kuni “Santyago Bernabeu”da “shaharliklar” 1:3 hisobida engilgan bo‘lsa-da, o‘zbekistonlik futbolchining mezbonlar yulduzi Vinisius Juniorga umuman o‘yin bermagani hali hamon keng muhokama qilinadi.

Madriddagi uchrashuvda Xosep Gvardiola Abduqodir Husanov ilk bor o‘ng qanotda o‘ynatdi. Asli markaziy himoyachi bo‘lgan legionerimiz o‘z oldiga qo‘yilgan vazifani to‘liq uddalab, universal himoyachi ekanini yana bir karra isbotladi. O‘sha bahsdan keyin murabbiylar shtabi Abduqodirni zarurat tug‘ilganda qo‘rqmay o‘ng qanotga qo‘yish mumkinligini bilib oldi.

Husanovning bu xususiyati yangi mavsumda qo‘l kelmoqda. Mavsum boshida Mateush Nunesh va Riko Lyuisning o‘ng qanot himoyasida yo‘l qo‘ygan xatolari mag‘lubiyatga sabab bo‘lganidan keyin Gvardiola Manchester derbisida bu pozitsiyani Husanovga topshirdi.

Abduqodir “Manchester Yunayted”ga qarshi bahsda birorta xatoga yo‘l qo‘ymadi, juda yuqori saviyada o‘ynadi, jamoa darvozasi daxlsiz qolishiga hissa qo‘shdi. O‘sha o‘yindan keyin Gvardiola o‘zbekistonlik charm to‘p ustasini Chempionlar ligasida “Napoli”ga qarshi kechgan birinchi tur uchrashuvida o‘ng qanotda maydonga tushirdi.

Bu gal ham Husanov o‘ziga bildirilgan ishonchni to‘liq oqladi. Jamoa yana “quruq” o‘yin o‘tkazdi va bunda himoyachilarning ham hissasi katta bo‘ldi. Qolaversa, ekspertlar Husanov hujum tashkil qilish va oldinga o‘tish kabi vazifalarni ham o‘z zimmasiga ola boshlaganini alohida e’tirof eta boshladi.

Xulosa qilib aytganda, Abduqodir Husanov Evropa Chempionlar ligasida to‘rtinchi bor to‘p tepdi va bu gal birinchi bor jamoaning asosiy figuralaridan biri sifatida g‘alabaga ta’sir o‘tkazdi.

Husanovning butun dunyodagi muxlislari ham Husanov keyingi o‘yinlarda ham muntazam boshlang‘ich tarkibda maydonga tushishi va jamoaga yordam berishidan umid qilyapti.

Husanovning o‘yinini ekspertlar qanday baholadi?

Gvardiola Husanov kelajagiga oydinlik kiritdi: Bu uzoq davom etmaydi!

Fikrlar

Fikr qoldirish uchun avtorizatsiyadan o'ting!
&
Olim
19/09/2025 20:02
Omad tilayman Abduqodirga. Olloh yuzini yorug‘ qilsin.