
“US Open - 2020”: Baxtsizlikning cheki bormi?
AQSh ochiq chempionatining erkaklar o‘rtasidagi finalida avstriyalik Dominik Tim germaniyalik Aleksandr Zverevga qarshi kortga chiqadi.
Yarim final bosqichida Tim rossiyalik Daniil Medvedevni 6:2, 7:6, 7:6, Zverev esa ispaniyalik Pablo Karreno-Bustani 3:6, 2:6, 6:3, 6:4, 6:3 hisobida mag‘lubiyatga uchratdi.
Bo‘lajak uchrashuv Dominik Tim uchun “Katta dubulg‘a”dagi to‘rtinchi final bo‘ladi. Hal qiluvchi bellashuv oldidan avstriyalik tennischi o‘z fikrini bildirdi.
- Biz Sasha bilan hayotda do‘st, kortda raqibmiz. Agar g‘olib chiqsam, bu men uchun birinchi “Katta dubulg‘a” sovrini bo‘ladi. Yutqazsam, darrov mashhur tennischi Endi Marreyga qo‘ng‘iroq qilaman, - dedi Dominik Tim.
Gap shundaki, “Katta dubulg‘a” turnirlarining uch karra g‘olibi Endi Marrey ham bu musobaqalarda ketma-ket to‘rtta finalni boy bergan. Dominik Tim hozirgacha “Rolan Garros” superturnirida ikki marta Rafael Nadalga, Avstraliya ochiq chempionatida bir marta Novak Jokovichga yutqazib qo‘ygan.
Fikrlar