Umuman unutilmaydigan nigeriyalik hujumchi (Erkinjon G‘aybullaev blogi)

  • 8 dekabr, 2019, 16:15
  • 0
  • Futbol
CHERY AUTO

Dide Drogba futbolni o‘zgartirib yubordi desak adashmagan bo‘lamiz. XXI asr boshida maydonga ikkita hujumchi tushirish normal holat hisoblangan. Keyin Drogba paydo bo‘ldi va ikkitalik duet hujumchilar o‘rnini bosdi.

Tecno

To‘g‘ri-da, agarda bitta hujumchi alday olsa, gol urolsa, ikkita hujumchini nima keragi bor? Va faqat Drogba emas bunday ishni uddalay olgan. Jahonga mashhur hujumchilar etishib chiqdi qisqa vaqt mobaynida. Ulardan biri, Obafemi Martins.

Obafemi Nigeriyaning Lagosida tavallud topgan. 16 yoshida akasi Oladipupo Olarotini Martins bilan birga Italiyaga ketishga qaror qiladi. 2001-yilda “Inter” uni yoshlar jamoasiga qo‘shib oladi. Akademiyada u o‘zini har tomonlama yaxshi jihatlarini ko‘rsatadi. 2002/03-yilgi mavsumda asosiy jamoada debyutini nishonlaydi. Dekabr oyida “Parma”ga qarshi o‘yin u uchun “Inter” libosidagi ilk uchrashuvi bo‘ldi.

2 oy o‘tib Chempionlar ligasida “Bayer”ga qarshi o‘yinda asosiy tarkibda maydonga tushdi. Keyin esa “Nyukasl”ga qarshi o‘yinda ham maydonga tushdi. Ektor Kuper yosh futbolchiga ishondi va u ishonchni oqladi. “Bayer” himoyasi Martinsga qarshi hech narsa qila olmadi. Nigeriyalik futbolchi gol urdi va golni salto bilan nishonladi.

“Valensiya”dan o‘tib olgach, “Inter” yarim finalda Don Karloning “Milan”iga qarshi o‘yinga tayyorgarlik ko‘ra boshladi. Raqiblar juda kuchli. Paolo Maldini boshchiligidagi himoya qo‘rg‘oni har qanday hujumchilarni to‘xtatib qolishga qodir edi. Ammo ular ham Obafemiga qarshi hech narsa qila olishmadi. Lekin “Inter”ga final nasib etmadi. Keyingi yil ham musobaqada Martins o‘zini ko‘rsatdi. Arsen Vengerning “yengilmas” jamoasi darvozasiga ham gol urdi. Londonliklarga ham nigeriyalik hujumchini saltosini ko‘rish nasib etdi.

Bir necha hafta o‘tib, gol urdi. Bu safar salto otmadi. Golni derbida, Inzagi, Kaka va Shevchenkosi bor “Milan”ga gol urgandi. Martins muhim o‘yinlarda gol urishni yaxshi ko‘rardi.

Keyingi o‘yin esa “Yuve”ga qarshi bo‘ldi. Unda ham Martins o‘z hisobiga gol yozdirib qo‘ydi. Milanliklar 3-2 hisobida turinliklarni mag‘lub etgandi. O‘sha paytlardan boshlab muxlislar bu akrobatning o‘yinini, gollarini yaxshi ko‘rib qolishdi. Martins endigina 20 yoshga kirgandi.

Shunga qaramasdan, Martins asosiy tarkib futbolchisi emasdi. Holat tushunarli edi, “Inter”da Kristian Veri, Adrian, Alvaro Rekoba va Xulio Kruslar bor edi. Ular turganda Martins hali shunchaki “bola” edi. Lekin 2004-yilda jamoaga Roberto Manchini bosh murabbiy bo‘ldi va hammasi o‘zgardi.

Martins endi tarkibdan o‘rin ola boshladi. Mavsum davomida 31 ta o‘yinda maydonga tushdi,16 tasida asosiy tarkibda. Italiya Kubogida esa to‘purarga aylandi va chempionlikka katta hissasini qo‘shdi. Chempionlar Ligasida ham hammasi yaxshi ketayotgandi, to “Milan”ga mag‘lub bo‘lguncha. Sekin-sekin Manchini uni zahirada ushlay boshladi. Undan “yashirin qurol” maqsadida foydalanmoqchi edi. Undan qanday foydalanilmasin Martins doimo foydali edi. Yanvar oyidagi “Sampdoriya”ga qarshi o‘yin hech kimni yodidan chiqmaydi.

Vitaliy Kutuzov “Sampdoriya”ni 2-0 hisobida oldinda borishini ta’minladi. Butun “San Siro” o‘z jamoasi unchalik kuchli bo‘lmagan jamoaga mag‘lub bo‘layotganini kuzatib turdi. O‘yin tugashiga  5 daqiqa qolganda, Martins maydonga tushirildi. 88-daqiqada Martins “Sampdoriya” himoyasini yorib o‘tdi va Veriga ideal uzatmani amalga oshirdi. Hakam tomonidan qo‘shib berilgan 4-daqiqada esa Rekoba “uyqudan uyg‘ondi”. Jamoa mag‘lubiyatdan saqlab qolindi. Muxlislar o‘z ko‘zlariga ishonmasdi.

Terma jamoa safida esa ishlar uncha yurishmadi. Nigeriya 2006-yilgi jahon chempionatiga chiqa olmadi. Martins Afrika Kubogida maydonga tushdi. Lekin u erda Dide Drogbasi bor Kot-d’Ivuar Nigeriyani musobaqadan chiqarib yubordi. Italiyaga qaytgan Martins darhol Skudetto uchun kurashning markaziga tushib qoldi. Raqib “Yuventus” edi. Afsuski, Zlatan Ibrahimovich va Alessandro Del Pero kuchlilik qildi. “Inter” chempionlik uchun kurashdan chiqdi.

“Inter” 17 yildan so‘ng Skudetto qo‘lga kiritishi mumkin edi. Mamlakatda korrupsiya bo‘yicha tekshiruv o‘tkazildi va “Yuventus”, “Milan”, “Fiorentina” kabi jamoalar jarimaga tortildi. Kutilmaganda chempionlik “Inter”ga berildi.

Va nihoyat chempionlik medali ham bor. Lekin Martinsning “Inter”dagi ahvoli yomonlasha boshladi. Korrupsiyada aylangan “Yuve”ni futbolchilar tark eta boshladi, jumladan, Ibrahimovich ham. Zlatan Milanga keldi. Tumanli Albiondan esa Ernan Krespo olib kelindi. Martinsga esa ishonch bildirishmadi.

“Nyukasl”ga o‘tgandan keyin unga Alan Shirerning 9-raqami berildi. Demak, muxlislar undan juda ko‘p narsa kutishi aniq edi. Jarohatlar va yomon forma uni Tumanli Albionda o‘zini ko‘rsatishga imkon bermadi.

Jamoaga Kevin Kigan murabbiy bo‘lgandan keyin, “Nyukasl” kuchliroq bo‘ldi. Martins-Viduka-Ouen triosi liganing eng kuchli hujumchilariga aylanishdi. Lekin yorqin g‘alabalar, sovrinlar sekin-sekin unutila boshlandi. Alan Shirer murabbiy etib tayinlandi. Shirer ham jamoani yuqori darajaga qaytara olmadi.

Keyinchalik Martins “Volfsburga”, undan so‘ng “Rubin”da to‘p surdi. 2011-yilda Angliyaga qaytdi.”Birmingem” safida 2 oy ichida bor-yo‘g‘I 2 ta gol urdi. Lekin ulardan biri “Uembli”da “Arsenal” darvozasiga urildi. Aynan shu gol tufayli birmingemliklar Liga Kubogini qo‘la kiritdi.

Martinsning Evropadagi oxirgi klubi “Levante” bo‘ldi. Undan keyin esa AQSh va Xitoyda – “Sietl Saunders” va “Shanxay Shenxua” jamoalarida to‘p surdi. Og‘ir jarohatdan so‘ng faoliyatini yakunlashiga oz qoldi. Lekin u chekinmadi. “Men 34 yoshdaman, lekin o‘zimni yosh his qilyapman. Men hali ham yuqori darajadagi jamoalarda o‘ynay olaman” – deydi Obafemi.

Fikrlar

Fikr qoldirish uchun avtorizatsiyadan o'ting!