Umarali Rahmonaliev Rashid Rahimov bilan munosabati, qaysi klublardan taklif borligi va "Rubin"dagi kelajagi haqida intervyu berdi

  • 3 yanvar, 11:58
  • Shuhratbek Jo’rayev
  • 0
  • Futbol
BEPUL PROPAN

Rossiyaning “Rubin” klubida faoliyat olib borayotgan hamyurtimiz Umarali Rahmonaliev atrofida oxirgi paytlarda turli gap-so‘zlar tarqalmoqda.

Gap shundaki, legionerimiz o‘tgan mavsumda kam o‘yin o‘tkazdi va bu futbolchimizni qoniqtirmasligi tabiiy. Rossiya Kubogida 5 ta, premer-ligada esa 2 ta o‘yinda maydonga tushdi.

Hozirda legionerimizga yangi takliflar bor va uning “Rubin” bilan xayrlashish ehtimoli ortib bormoqda.

Sports.uz jurnalisti esa vaziyatga oydinlik kiritish maqsadida Rahmonaliev bilan suhbatlashdi.  

- Umarali, 2024 yil sizda nimadan qoniqdingiz va nimadan qoniqmadingiz?

- Xudoga shukr, 2024 yil har tomonlama barakali o‘tdi. Tarixda birinchi marta Olimpiada ishtirok etdik. Qoniqmagan narsam har jihatdan yanada yaxshiroq natijaga erishsak bo‘lardi. Nafaqat jamoaviy, balki shaxsiy faoliyatimda ham. O‘ylaymanki, hammasi yaxshilikka. 2024 yilda erishilmagan yutuqlarga bu yil erishishga bor kuch va matonatimni sarflayman.

- Oxirgi paytlarda siz va Rustam Ashurmatovni "Rubin"dagi taqdiringiz muhokama qilinmoqda. U erdan ketishingiz haqiqatmi?

- Bu masala “Rubin” jamoasida o‘yin amaliyotim kam bo‘layotgani uchun yuzaga kelmoqda. Hozircha bir narsa deyish qiyin. Hammasini vaqt ko‘rsatadi.

- Bosh murabbiy Rashid Rahimov bilan munosabatingiz qanday? U sizga imkoniyat berishiga ishonmaysizmi?

- Rashid Mamatqulovich bilan har tomonlama munosabatlarim yaxshi. Lekin uchrashuvlarda buni aksi kuzatilyapti. Odamgarchilik yuzasidan bir-birimizga bo‘lgan munosabat juda yaxshi.

- Sizga Avstraliya, Turkiya kabi chempionatlardan takliflar borligi haqida gapirishyapti. Aslida ham shundaymi? Qaysi klubdan aniq taklif bor?

- Ha, bu gaplar rost. Qiziqishlar bo‘lmoqda. Hamma yaxshi biladi, jamoani o‘zgartirishda faqat menga yoki sotib olmoqchi bo‘lgan klubga bog‘liq emas. Har tomonlama kelishuvga erishish va har jihatdan rozi bo‘lishi kerak. Hozirda Avstraliyaning “Sidney” va Turkiyaning “Bodrumspor” klubidan qiziqish borligini agentlar aytishmoqda. Hozir bu borada ish olib borilyapti. Xudo xohlasa, xayrli bo‘lishini kutamiz. Yana ta’kidlab o‘tmoqchimanki, hozir men “Rubin” futbolchisiman. Bu masalalarni jamoam hal qiladi. Sababi, “Rubin” bilan amalda shartnomam bor.

-  "Rubin" va Rossiya futboliga moslashishda sizni qiynagan jihat nimada bo‘ldi?

- Oxirgi yilda aksincha jamoada o‘zimni har taraflama juda yaxshi his qildim. Ichki muhitda ham va maydonda ham. Faqatgina buni maydonda ko‘rsatishim uchun o‘yin amaliyoti etishmadi.

-  Sir bo‘lmasa, xizmatingizga o‘zimizdan ham takliflar bo‘lyaptimi?

- O‘zimizdan oxirgi ikki yildan beri juda ko‘plab klublar qiziqayotgani barchaga sir emas. Yaxshi niyatda maqsadimizga erishish uchun iloji boricha ortga qaytmoqchi emasman. Bu manmanlik yoki kibr emas. Xudo xohlasa, maqsadlarimizga etishish uchun hamma yaxshi variantlar ko‘rib chiqiladi.

Shuhratbek Jo‘raev.

Fikrlar

Fikr qoldirish uchun avtorizatsiyadan o'ting!