Noxush seriyaga barham berilgan o‘yin yoxud "Andijon" nihoyat uddaladi

  • 27 sentabr, 09:36
  • Shuhratbek Jo’rayev
  • 0
  • Futbol
CHERY AUTO

“Andijon” ushbu turda turnir jadvalida 3-o‘rinda borayotgan OKMK klubini qabul qildi. Tabiiyki, o‘yin qiyin o‘tishi oldindan ma’lum edi. Shunga yarasha maydonda ikkala jamoa ishtirokida haqiqiy kurash, haqiqiy jangni ko‘rdik.

Tecno

Uchrashuv taqdirini birgina gol hal qildi va bu “Andijon” tomonidan kiritildi. 30-daqiqa o‘tib borayotgan mahalda “Burgutlar” chiroyli kombinatsiya uyushtirishdi va Damir Temirovning ajoyib pasidan so‘ng Usmonali Ismonaliev raqib darvozasini ishg‘ol qildi. O‘tgan turda “So‘g‘diyona” darvozasiga ham gol urgan Ismonaliev ketma-ket ikkinchi o‘yindirki, maydonni golsiz tark etmayapti.

Bellashuv mobaynida ikkala klubda golli imkoniyatlar yuz berdi. Ayniqsa, birinchi bo‘limda “Burgutlar” qator vaziyatlarga ega bo‘ldi. Bir vaziyatda Ismoil Akinadening bosh bilan yo‘llagan aniq zarbasini darvozabon mahorat ko‘rsatib muqarrar goldan saqlab qoldi. O‘z navbatida “Andijon” posboni Erjan Tokotaev ham uchrashuvni jamoadoshlari kabi yuqori darajada o‘tkazdi. U bir necha bor o‘zining seyvlari bilan jamoasini gollardan saqlab qoldi. Bu esa muxlislarning alohida olqishlariga sazovor bo‘ldi.

OKMK ikkinchi bo‘limda bor e’tiborini hujumga qaratib, vaziyatdan chiqib ketish payida bo‘ldi. Biroq “Andijon” mudofaada tartibli o‘yin namoyish qilgan holda raqibni zararsizlantira oldi.

Aytish lozimki, “Andijon” xarakter namoyish qila oldi va bu g‘alabaning asosiy omili bo‘ldi. OKMKga qarshi o‘yinlarda oxirgi yillarda noxush seriya davom etayotgani va turnir jadvalidagi holatdan kelib chiqib g‘alaba suv va havodek zarurligini yaxshi his qilib turgan futbolchilar maydonda mardonavor o‘yin ko‘rsatdilar va haqli ravishda g‘alabani qo‘lga kiritdilar.

Endi "Andijon" 1 oktyabr kuni Osiyo Chempionlar ligasi 2 doirasida ikkinchi turni o‘z maydonida Qatarning “Al-Ahli” klubiga qarshi o‘tkazadi.

“Andijon” - OKMK - 1:0 (1:0).

26 sentyabr. Andijon. “Bobur arena” stadioni. 6083 tomoshabin.

Hakamlar: Ravshan Abduvohidov, Ruslan Serazetdinov, Baxtiyorxo‘ja Shavkatov

Zaxira hakami: Salohiddin Akramov

VAR: To‘rabek Suyunov

AVAR: Shoxruh A’zamov

Nazoratchi: Baxtiyor Tog‘aev

Komissar: Shoxruh Said

“Andijon”: Erjan Tokotaev, Abubakir Ashurov, Sunnatilloh Hamidjonov, Sardor Azimov, Kristian Novak, Muhammadkarim Toirov, Damir Temirov (Muhammadyusuf Mirqodirov, 88), Usmonali Ismonaliev (Bektemir Abdumannonov, 85), Doniyor Abdumannopov (Abdurahmon Abdullaev, 85), Saidumarxon Saidnurullaev (Otabek Jo‘raqo‘ziev, 71), Ismoil Akinade.

OKMK: Javohir Ilyosov, Avazbek O‘lmasaliev, Dilshod Ahmadaliev, Islom To‘xtaxo‘jaev, Giorgi Papava (Oybek Rustamov, 46), Arixiro Sentoku (Ali Abdurahmonov, 70), Nodir Abdurazzoqov (Saidafzalxon Axrorov, 46), Naoaki Senaga (Asad Sobirjonov, 62), Aziz Xolmurodov, Ruben Sanches (Sardor Mirzaev, 85), Xurshid G‘iyosov.  

Gol: Usmonali Ismonaliev, 30 - 1:0.

Ogohlantirishlar: Sardor Azimov, 45+3 - Dilshod Ahmadaliev, 27. Aziz Xolmurodov, 40. Islom To‘xtaxo‘jaev, 59. Asad Sobirjonov, 90+2. 

Fikrlar

Fikr qoldirish uchun avtorizatsiyadan o'ting!