
"Ularda legionerlar bor, bizda-chi? Faqat qora ko‘zlar" yoxud katta futbolga qaytgan Bahrom Hakimovni qanday sarguzashtlar kutmoqda?
Qo‘qonlik tajribali murabbiy Bahrom Hakimovni muxlislar juda yaxshi bilishadi. O‘z vaqtida bir qator klublarni boshqargan. Ayniqsa, uning “Nasaf”dagi muvaffaqiyatli faoliyatini ko‘pchilik yaxshi eslab qolgan.
Oxirgi paytlarda Hakimovni biror-bir klubda faoliyat olib borayotganini ko‘rmayotgandik. So‘nggi marta 2019 yilda “Turon” jamoasiga bosh murabbiylik qilgani yodimizda edi. Endi bo‘lsa, tajribali mutaxassis Farg‘onaning “Istiqlol” jamoasini boshqarishga kirishdi.
Shunday qilib, mutaxassis bor e’tiborini ushbu klubga qaratmoqda. To‘g‘ri, uning yangi jamoasidagi debyuti omadli chiqmadi. O‘z maydonida “Dinamo”ga qarshi bahsda 1:2 hisobida yutqazib qo‘yishdi. Shunga qaramay, Hakimov “Istiqlol”ning o‘yinini kuchaytirishi taxmin qilinmoqda. Sports.uz muxbiri esa Bahrom Mamajonovich bilan bog‘lanib bir qator savollarga javob oldi.
- Bahrom aka, yana katta futbolga qaytganingiz bilan tabriklaymiz. Bungacha ish faoliyatingizni qaerda davom ettirayotgandingiz?
- Eshitgan bo‘lsangiz, Qo‘qonda “Axmadxon” nomli shaxsiy futbol maktabi bor. Bungacha o‘sha erda ishlab kelayotgandim. Bahrom A’zamov, Rustam A’zamov, Ravshan Tursunov va yana boshqa murabbiylar bilan birga ishladik. “Turon”dan keyin ushbu futbol maktabida edim. U erda 120 dan ziyod bolalar tahsil oladilar. Futbol maktabida o‘z maslahatlarim bilan ham o‘rtoqlashdim. O‘zimning guruhimdan tashqari, boshqa guruhlarga ham yordam berib keldim. 5-6 nafar tarbiyalanuvchimizni “Odil Junior”ga olib ketishdi. Aytmoqchi bo‘lganim, men futboldan ketmagandim.
“Istiqlol” rahbari Muxtor Yuldashev meni jamoasiga taklif qildi. Bir-ikki kun o‘ylab ko‘rishimni aytdim va so‘ng yana qo‘ng‘iroqlashdik, uchrashib gaplashib oldik. Birgalashib “Istiqlol”ni ko‘tarishga harakat qilamiz. Lekin bu oson bo‘lmaydi. Qishki yig‘inda jamoa “Hokim Kubogi” finalida o‘ynadi. Shundan keyin bir qator futbolchilarni boshqa klublar olib ketishdi. Lekin tarkibda yaxshi yigitlar bor. “Dinamo” bilan bahsga kelsak, o‘zimizning individual xatolar evaziga yutqazdik. Yigitlarning harakati bor. Biroq hali o‘yin uslubi yaxshi shakllanmagan. 1:2 hisobida yutqazayotgan paytimizda ham futbolchilarga pas orqali o‘ynashlarini tushuntirib bordim. “Istiqlol”ga kelgach, to‘rt kun jamoa bilan tanishishga vaqt ketdi. Hattoki, o‘yin chog‘ida ham ayrim o‘yinchilarning ismlari yodimdan chiqib qolib, yordamchilarimdan so‘rab turdim. Rahbariyatdan sabrli bo‘lishini so‘rayman. Ko‘ryapsiz, pro-ligada ham yaxshi jamoalar yig‘ilgan.
- Oldingizga qanday maqsad qo‘yildi?
- Maqsad? Men qaerga borsam albatta o‘z oldimga maqsad qo‘yaman. Ishlaganingizdan keyin bitta vazifa bo‘ladi: faqat oldinga qarab intilish.
- Pro-ligani kuzatib kelayotganmidingiz? Saviya o‘sgani sezilayotgandir-a?
- Pro-ligadagi saviya ham ancha o‘sgan. Oldingi yillarga qaraganda, farqi bor. 3-4 ta klub bemalol Superligada ishtirok eta oladi. “Yangier” bilan “Neftchi” bahsini ko‘rdim. “Oq-tepa” – “Buxoro” o‘yinini ham kuzatdim. Qolaversa, pro-ligda qanday murabbiylar ishlayapti? Hakim Fuzaylov, Davron Fayziev, Timur Kapadze, Ilhom Mo‘minjonov...Eldor Sakaev vaqti kelganda “Andijon”ni Superligaga olib chiqqan. Ularda legionerlar bor. Bizda-chi? Bizda faqat qora ko‘zlar (kuladi).
- Umuman aytganda, qachondir katta futbolga qaytish borasida rejangiz bormidi?
- Bosh murabbiy lavozimiga bo‘lmasa ham, maslahatchi sifatida yana ishga qaytish niyatim bor edi. Lekin o‘zimni joyim ham yaxshi edi. Shuni aytishim kerakki, “Istiqlol” rahbari Muxtor Yuldashev bilan bir necha yil ilgari tanishgandik, o‘shanda yaxshi taassurot qoldirgandi. Mana, taqdir ekan, birga ishlash nasib qildi. Birinchi o‘rinda sharoit yaratish kerak, buni o‘ziga ham aytdim. O‘zi ham barchasini yaxshi tushunib turibdi va jamoani har tomonlama qo‘llab-quvvatlashga tayyor. Birga maslahatlashib ish qilyapmiz. Nima aytsam ham yo‘q demaydi. Tadbirkor sifatida ko‘plab ishchilarni boqyapti, savob ish qilishyapti. Futbolda ham yaxshi nom qoldirish maqsadida jiddiy ishga kirishishgan.
- Tarkibdagi bor o‘yinchilardan foydalanishga majbursiz, chunki o‘zingiz istagandek o‘zgarishlarga qo‘l ura olmaysiz. Bu holat ishingizga ta’sir qilmaydimi?
- Har bir o‘yinga oxirgi bahsga tayyorlangandek hozirlik ko‘ramiz. O‘yin uslubimizni yaxshiroq shakllantirish ustida ishlaymiz. Jamoada yaxshi o‘yinchilar jamlangan. Lekin tarkibdagi ko‘p futbolchilar bir-biri bilan o‘ynashmagan. Ularga jaxl qilib gapirishning foydasi bo‘lmaydi. Faqat yaxshi gapirib, o‘yinimizni kuchaytirib borishimiz lozim. Qaysidir o‘rinni olamiz desam noto‘g‘ri bo‘ladi. Rahbar bilan gaplashganimda ham unday yoki bunday qilib beraman, degan gapni aytmadim. Muhimi, biz barchamiz birgalashib jamoani kuchaytirish yo‘lida jiddiy ishlashda davom etamiz. Qolganini vaqt ko‘rsatadi.
- Navbatdagi turda “Neftchi”ga qarshi muhim o‘yin kutib turibdi. Bahs oldidan nima degan bo‘lardingiz?
- O‘yindan oldin nima deyish mumkin? Hammaga omad! Mana bunday o‘ynaymiz deya olmayman. Ikkala jamoani muxlislari bor. Ular uchun ham qiziqarli uchrashuv bo‘ladi. Bitta narsani bilamanki, har bir uchrashuvga jiddiy tayyorgarlik ko‘rib chiqamiz. Oxirigacha kurashamiz. Yigitlarga nimaga qodir bo‘lsanglar, maydonga chiqib ko‘rsatinglar deyapman. To‘g‘ri yoki noto‘g‘ri qilganini o‘yinni tahlil qilish jarayonida o‘rgatib boramiz. “Neftchi” kimlarni oldi? Tarkibini ko‘rdingiz, kuchli. Lekin biz shunchaki taslim bo‘lmaymiz. Futbolchilarimizga maydonda faqat o‘z ishini bajarishini, tartibli o‘yin ko‘rsatishini uqtiryapman. Mana, “Dinamo” bilan bahsda ham yigitlarimiz hakam bilan ortiqcha tortishishmadi. Bir vaziyatda o‘yinchimiz hakam bilan tortishmoqchi bo‘lgandi, shu zahoti unga ovozini o‘chirishini, faqat o‘z o‘yinini ko‘rsatishini aytdim. Asta-sekin har tomonlama tarbiyalab boramiz. Hamirni men qilmagan bo‘lsam ham nonni asta-sekin yopamiz (kuladi). Biz har doim oxirigacha kurashamiz.
Fikrlar