
UEFA vakili O‘zbekistonda. U 20 kun futbolimizdagi vaziyatni o‘rganadi (Foto)
Xabaringiz bor, O‘zbekiston futbol assotsiatsiyasi UEFA bilan o‘zaro tajriba almashish bo‘yicha hamkorlikni yo‘lga qo‘ygandi. Mana shu hamkorlik doirasida UEFA texnik konsultanti Rojer Meyxri yurtimizga tashrif buyurdi. Bu haqda O‘FA matbuot xizmati xabar berdi.
Tashrif davomida UEFA vakili O‘zbekistondagi hududiy futbol assotsiatsiyalarining har bir yo‘nalish bo‘yicha olib borayotgan faoliyatini atroflicha o‘rganish, yurtimizdagi murabbiylar ish faoliyati va tajribasini tahlil qilish hamda tajriba almashish, texnik direktor lavozimiga nomzodlarga qo‘yiladigan talab va tavsiyalar bo‘yicha ma’lumot berish kabi vazifalarni maqsad qilgan.
Bugun kunning birinchi yarmida Rojer Meyxri O‘zbekiston futbol assotsiatsiyasida bo‘ldi. O‘FA rahbariyati bilan uchrashuvda O‘zbekistonda UEFA bilan hamkorlikda amalga oshirilishi rejalashtirilgan ishlar dasturi muhokama qilindi.
UEFA konsultanti O‘zbekistonda deyarli 20 kun davomida mamlakatimizning barcha viloyatlarida bo‘lib, joylardagi futbol bilan bog‘liq vaziyatni o‘rganib chiqish hamda o‘z xulosa va takliflarini taqdim etishni reja qilgan.
Fikrlar