
"Bunyodkor"ni asrash kerak! Bugungi kontsertdan so‘ng qadrdon o‘yingohga jiddiy zarar etgan
Jahonga mashhur qo‘shiqchi va aktrisa Jennifer Lopes 7 avgust kuni O‘zbekistonda ilk bor kontsert berdi. Kontsert "Bunyodkor" stadioni sahnasida uning "Up All Night — Live in 2025" jahon turnesi doirasida bo‘lib o‘tdi.
Mazkur kontsert Madaniyat va san’atni rivojlantirish jamg‘armasi tomonidan tashkil etildi. Tashrif buyurganlarning ta’kidiga ko‘ra, kontsert ajoyib atmosferada va ancha muvaffaqiyatli o‘tgan. Biroq bizni, ya’ni futbolga yaqin tomonni boshqa savol qiziqtiryapti. "Bunyodkor" stadionining chimi ayni vaqtda qanday ahvolda?
Bilasiz, stadion chimi ko‘pchilikka oddiy maysa kabi tuyulsa-da, biroq buning ortida katta mehnat, ayniqsa, katta harajat yotadi. Shou biznes yulduzlari esa dunyoning mashhur stadionlarida kontsert berishi esa odatiy hol. Biroq bizning stadionlar bu kabi katta massshtabli kontsertlarni o‘zida qabul qilib o‘rganmagan.
Misol uchun, jahonga mashhur "Uembli" stadionida ham bu kabi shoular tez-tez o‘tkazib turiladi. Biroq e’tibor bering, "Uembli"da chimlar har yili ko‘p marotaba almashtiriladi. Jumladan, kontsertlardan so‘ng ham rulonli chimlar olib tashlanadi va yangilari qo‘yiladi. Bizning stadionlarda ham bu kabi amaliyotlarni o‘tkazish mumkin, ammo tabiiyki byudjet ancha kichkina.
Biroz oldin mutaxassis bilan bu borada fikr almashdim. Uning ta’kidlashicha, maydonning holati ayni vaqtda juda yomon. Kontsert uchun o‘rnatilgan konstruktsiya, ya’ni Jennifer Lopes uchun tayyorlangan maxsus sahna stadionning o‘sha qismini cho‘ktirgan. Bundan tashqari, stadiondagi poliv (sug‘orish) hamda drenaj (yomg‘ir suvi va ortiqcha suvlarni chiqarib yuborish) sistemasiga jiddiy zarar etkazilgan.
Yaqin kunlarda "Bunyodkor" stadionida chimni yangilash jarayoni boshlanadi. Biroq to‘liq emas. Mutaxassisning fikriga ko‘ra, chimni to‘liq yangilagan ma’qul. Sababi, aynan shikastlangan qismigina yangilansa, chimning rangi ikki xil (maydonning ma’lum qismida boshqacha, qolgan qismida esa boshqacha) bo‘lib qolish ehtimoli yuqori.
O‘zi "Bunyodkor" stadioni so‘nggi vaqtlarda juda ko‘p uchrashuvlarni o‘zida qabul qilmoqda. Bu erda "Bunyodkor" klubi, Milliy terma jamoamiz, ayrim katta o‘rtoqlik o‘yinlarida Olimpiya terma jamoamiz harakat qiladi. Shuningdek, yaqinda bo‘lib o‘tgan Ayollar o‘rtasida Osiyo kubogiga saralash bahslarini ham aynan "Bunyodkor" stadioni o‘zida qabul qildi. Bu stadion sharoitlari nuqtai-nazaridan boshqalaridan farqli va mamlakat futbolining ko‘rki. Shunday ekan, u ko‘proq uchrashuvlarni o‘zida qabul qilishi tabiiy hol.
Shunday bo‘lsa-da, "Bunyodkor"ni asrash kerak. O‘zi bu stadion chimi yaqindagina muammolardan forig‘ bo‘ldi. Bu erda jahonning mashhur yulduzlari kontsert berishiga ham qarshi emasmiz. Shunchaki, tayyorgarlik va kontsertdan keyingi amallar shunga monand bo‘lishi kerak. Zero, kontsertlar ortidan futbol jabr ko‘rmasin. Axir, bu o‘yingoh qurilishidan bosh maqsad ham aynan futbol.
Karim Xudayqulov
Fikrlar