
U "qovun" tushirdi! Agar VAR bo‘lmaganida...
Kecha Superliganing 14-turi doirasida “Mash’al” klubi Olmaliqdagi stadionda “Bundyokor”ni qabul qildi. Mazkur to‘qnashuvni ko‘pchilik ko‘rgan bo‘lsa kerak, jamoalar maydonda murosasiz bahs olib bordilar va yakunda 1:1 hisobi kuzatildi.
Ikkala klubga ham turnir jadvalida egallab turgan o‘rni u qadar qoniqtirmayotgandi. Shu bois “Mash’al”ga ham, “Bunyodkor”ga ham g‘alaba zarurligi ma’lum edi. Eskitdan ayonki, bu jamoalarning infratuzilmasi, o‘yin uslubi va ishga bo‘lgan munosabati ham bir-biriga juda o‘xshash. Natijada, ikkala klub ishtirokidagi uchrashuvlar doim e’tibor markazida bo‘ladi.
Avvalo, shuni ta’kidlab o‘tishni istardikki, “Mash’al” – “Bunyodkor” jamoalari bu safar 24-to‘qnashuvda maydonga tushishdi. Juda katta ustunlik “Qaldirg‘ochlar” tarafida. Negaki, o‘zaro bellashuvlarning 19 tasida “Bunyodkor” “Mash’al”ni taslim qilgan. O‘z navbatida muborakliklar faqat ikki marotaba raqibini mag‘lub eta olgan. Yana uchta uchrashuv durang bilan tugagan. Aynan kechagi o‘yindagi natija tufayli jamoalar tarixidagi uchinchi durangga aylandi. 2016 yilgi mavsumda Toshkentda va Muborakdagi bellashuvlarda 0:0 hamda 1:1 hisoblari kuzatilgan. “Mash’al” “Bunyodkor”ni ilk bor 2015 yili mag‘lub etgan. O‘shanda ikkinchi davrada o‘z uyida 3:2 hisobida g‘alaba qozonib, uch ochkoni qo‘lga kiritgan. 2017 yilning birinchi davrasidagi to‘qnashuvida muborakliklar o‘z maydonida yagona gol evaziga “Bunyodkor”ni mag‘lubiyatga uchratgan. Qolgan bahslarda esa asosan Toshkent vakillarining qo‘li baland kelgan.
Xo‘sh, ushbu klublarning navbatdagi to‘qnashuvi haqida nima deyish mumkin? Boya aytdik, o‘yinni ko‘pchilik ko‘rgan bo‘lsa kerak, chunki televizor orqali to‘g‘ridan-to‘g‘ri namoyish etildi. Aslida “Mash’al” – “Bunyodkor” qarama-qarshiligi yuzasidan nimadir yozish yoki tahlil qilishni oldindan rejalashtirmagandik. Bunga bitta sabab bor! O‘yin davomida turli to‘xtalishlar ko‘p kuzatildi. Shuning uchun uchrashuvni boshqargan Shavkat Nasibullaev birinchi bo‘limga 2 daqiqa, ikkinchi bo‘limga esa 7 daqiqa qo‘shdi. Uchrashuv oxirlarida raqib o‘yinchisi Nurillo To‘xtasinov maydondan chetlatildi. Bizni mazkur o‘yin va hakam haqida yozishga undagan holat o‘sha qo‘shimcha vaqtda sodir bo‘ldi.
“Mash’al” jamoasi hujumga o‘tdi. Mezbonlar a’zosi chap qanotdan jarima maydoniga yaqinlashdi, unga raqib o‘yinchilari qarshilik qilishdi. “Mash’al” futbolchisi harakatlanayotgan mahalda to‘p maydon tashqarisiga chiqib ketdi. Ya’ni, to‘p yon chiziqdan yaqqol kesib o‘tgandi. Ammo o‘yin hech nima bo‘lmagandek davom ettirildi va yakunda o‘sha hujumni Chigozi gol bilan yakunladi, hisob 2:1! “Mash’al” jamoasining xursandchiligini bir ko‘rsangiz edi, bu yoqda esa “Bunyodkor” bosh murabbiyi Shuhrat Maqsudov to‘p maydondan chiqib ketganini hakamlarga tushuntirish bilan ovora va juda asabiylashgan edi.
“Mash’al” to‘p maydondan chiqib ketgan hujum natijasida gol urdi. Lekin bu vaziyatda ayb mezbonlarda emas, balki bosh hakamda edi. U vaziyatni to‘g‘ri baholay olmagan ko‘rinadi. Aks holda bu golni hisobga olmagan bo‘lardi. O‘sha vaziyatni diqqat bilan kuzatib turdim, qarasam Shavkat Nasibullaev go‘yoki hech nima bo‘lmaganidek maydon markazini ko‘rsatdi. Shu paytda “obbo, yana u “qovun” tushirdi-ya”, degan xayolga bordim. Ishoning, agar shu uchrashuvda VAR bo‘lmaganida gol inobatga olingan va katta ehtimol bilan “Mash’al” “Bunyodkor”ni mag‘lub etgan bo‘lardi. Lekin VARdagilar qarasa bosh hakam o‘yinni to‘xtatmadi va golni hisobga oldi. Shuning uchun ishga aralashmasa bo‘lmasligini tushundi va endi o‘yinni maydon markazidan boshlashga ruxsat berayotgan mahalda VARdagi hakamlar Nasibullaevga to‘p maydondan chiqib ketganini ma’lum qilishdi. Shundan keyin u golni bekor qildi. Sal qolsa, bosh hakam yana tanqidlar ostida qolib ketardi, o‘sha “qovun” tushirgani uchun.
Yodingizda bo‘lsa, 12-turda “Nasaf” va “So‘g‘diyona” jamoalari o‘rtasidagi uchrashuvni ham shu hakam boshqargan bo‘lib, ancha bahs-munozaralarga sabab bo‘ladigan qarorlari bilan esda qolgandi. O‘shanda jizzaxliklarning golini bekor qilgani juda tortishuvli vaziyatlarni keltirib chiqargandi. O‘yin tizginini qo‘ldan chiqarib, o‘yin natijasiga ta’sir ko‘rsatuvchi qarorlarga sabab bo‘lgan deyish mumkin. O‘shanda Nasibullaev futbolchilarga ettita sariq va bitta qizil kartochka ko‘rsatgani yodimizda.
Bu safar “Mash’al” – “Bunyodkor” bahsida ham o‘yin tizginini qo‘ldan chiqarib yuborgan vaziyatlar ko‘zga tashlandi. Ayniqsa, Shavkat Nasibullaev ikki jamoa vakillarini orani ochiq qilishga tushib ketishlariga yo‘l qo‘yib berdi. Afsuski, ushbu hakam boshqarayotgan oxirgi o‘yinlarda turli tushunmovchiliklar, bahs-munozaralar va albatta noto‘g‘ri qarorlar qabul qilinayotgani ko‘rinib qolyapti. Faraz qiling, agar VAR bo‘lmaganida “Mash’al”ning ikkinchi goli 100 foiz inobatga olinardi. Keyin nima bo‘lardi? Yana bir jamoa hakamning noto‘g‘ri qarori “qurboniga” aylanardi.
Shavkat Nasibullaev mavsum boshidan beri Superligada 11 ta, O‘zbekiston Kubogi bahslarida 2 ta o‘yinni boshqardi. Ushbu bahslarda hakam 43 marta sariq kartochka ko‘rsatdi. 4 marta futbolchilarga qizil kartochka ko‘rsatib, maydondan chetlatgan.
Yana shuni qo‘shimcha qilish kerakki, Nasibullaev chempionat doirasida “Mash’al” ishtirokidagi dastlabki o‘yinni boshqardi. Bungacha O‘zbekiston Kubogi bahsda “Mash’al”ning “Qo‘qon-1912”ga qarshi o‘yinida hakamlik qilgan va unda muborakliklar mag‘lub bo‘lgan. Shuningdek, Superligada “Bunyodkor”ning uchta o‘yinida ham ishlagan. “Mash’al”ga qarshi uchrashuvidan tashqari “Qo‘qon-1912” hamda “Lokomotiv”ga qarshi o‘yinini boshqardi. O‘sha bahslarda “Bunyodkor” bir durang va mag‘lubiyat qayd etgan. Qolaversa, “Bunyodkor”ning O‘zbekiston Kubogida “Nasaf” bilan kechgan uchrashuvida durang kuzatilgan.
E’tibor bergan bo‘lsangiz, “Mash’al” hamda “Bunyodkor” jamoalari Shavkat Nasibullaev boshqargan o‘yinlarda hali g‘alaba qozonmagan. O‘yindan keyin “Bunyodkor” bosh murabbiyi Shuhrat Maqsudov hakamlar haqida gapirmoqchi emasligini, baribir foydasi yo‘q, deya fikr bildirdi. Agar Shavkat Nasibullaev hakamlik malakasini oshirmas ekan, unga bo‘lgan tanqidlar va salbiy fikrlar yanada avj olib boraveradi.
Fikrlar