
Sergey Lushchan: "Dinamo"da juda yaxshi jamoa shakllanibdi, murabbiylar shtabiga respekt"
O‘zbekiston Superligasining 16-turidan o‘rin olgan “Dinamo” – “Navbahor” (2:2) uchrashuvidan keyingi matbuot anjumanining birinchi qismida mehmonlar bosh murabbiyi Sergey Lushchan ishtirok etib, OAV xodimlarining savollariga javob berdi. Bu xususida klub matbuot xizmati ma’lum qildi.
“Lochinlar” ustozii odatdagidek, o‘z so‘zini o‘yin haqidagi fikrlari bilan boshladi.
- Uchrashuv biz uchun ancha og‘ir kechdi. Ayniqsa, bellashuvning 1-bo‘limida o‘yinimiz unchalik qovushmadi va o‘z darvozamizdan 4-5 ta to‘p olib chiqishimiz ham mumkin edi. Unda uchrashuvda burilish yasay olmasdik. Birinchi bo‘limda yigitlarning o‘yinlari unchalik qovushmaganligiga mazkur uchrashuvga noto‘g‘ri taktika tanlangani ham sabab bo‘ldi, menimcha.
Shuningdek, jamoamizning Belarusdagi o‘quv-mashg‘ulot yig‘iniga 40 foiz futbolchilar so‘nggi kunlarda qo‘shilishdi, uch nafar futbolchi esa yurtimizda mashg‘ulotlar olib borishdi. Balki, uchrashuvning boshlang‘ich tarkibidan Belarusdagi yig‘inda to‘liq qatnashgan o‘yinchilar joy olishlari kerakmidi? Nima bo‘lgan taqdirda ham, biz o‘yinda burilish yasay oldik.
“Dinamo” bilan 1-turda Namanganda bo‘lib o‘tgan o‘yindan (0:0) keyingi matbuot anjumanida bu raqib jamoa chempionlik uchun kurashadi, degan edim. Amalda ham shunday bo‘lyapti. Juda ham yaxshi jamoa shakllanibdi, murabbiylar shtabiga respekt! O‘yinchilar tanlovida adashishmagan, jamoa o‘yiniga mos. Shaxsan menga bu “Dinamo” juda yoqdi. Ular bilan Samarqandda durang natija qayd etish yomon emas. Natijadan qoniqdim. Muxlislarga ham o‘yin yoqqan bo‘lsa kerak. Bugun boshimiz uzra yulduzlar charaqladi.
- Shohmalik Komilov zaxiradan maydonga tushib, “Navbahor”ning ikki golida ham ishtirok etdi. Birinchi gol Shohmalikning faol harakatlari evaziga urilgan bo‘la, keyin u penalti ishladi. Komilov bir paytlari “Dinamo”da o‘ynagandi. Balki, mazkur omil ham uni bugungi bahsda ruhlantirgandir?
- Bilmadim, buni Shohmalikninng o‘zidan so‘rash kerak (kuladi).To‘g‘ri, Komilov jamoamiz etakchilaridan biri, zaxira emas, asosiy tarkib futbolchisi. Ammo biz uning imkoniyatidan 2-bo‘limda zaxiradan maydonga tushirib, o‘yinni kuchaytirib berishda foydalanyapmiz va bunga sabr qilmoqda. Biz tarkibni kuchaytirdik va endi Shohmalik keyingi bahslarda asosiy tarkibda maydonga chiqishi mumkin.
Bugun 2-davraning ilk turi bo‘lganligi bois, maydonga tajribali futbolchilarni tushirgandik. Teydi Belarusdagi yig‘inga ayrim sabablarga ko‘ra bormagandi, Sezar va Gabriellar esa Minskdagi mashg‘ulotlarga kechroq qo‘shilishgandi. Tajriba o‘z so‘zini aytishiga ishongandim. Ammo ushbu uchrashuv kim o‘yinga tayyor bo‘lsa, o‘sha futbolchilarni maydonga tushirish lozimligi, hech narsadan cho‘chimaslik kerakligini isbotladi. Birinchi bo‘limdagi voqeliklar buni ko‘rsatdi. Bundan kerakli xulosalar chiqaramiz. Belarusdagi yig‘inda yuklamalar ancha og‘ir kechdi.
- Futbolchilarning 40 foizi Belarusdagi yig‘inda to‘liq ishtirok etmadi, dedingiz. Unda ushbu o‘yinchilar nima bilan shug‘ullanishdi?
- Buning o‘ziga xos sabablari bor edi. Teydi vizaga bog‘liq muammolar sabablarga ko‘ra, Minskka bora olmagan bo‘lsa, Sezar bilan shartnoma borasida muzokaralar biroz cho‘zilib ketdi. Gabriel esa uyiga 6 oy davomida bormaganligi bois, ruxsat so‘radi. Biz shu bois, unga 3 kun ko‘proq dam berdik. Boltaboev ham yig‘in yakunlanishiga sanoqli kunlar qolganida Belarusga bordi.
Menga Muhammadali G‘iyosov yoqdi. U mashg‘ulotlarda ham o‘zini ko‘rsatdi. Shuningdek, Mirsaidov va Jiyanovdar ham yig‘inga kechroq qo‘shilishdi. Shunday bo‘lsa-da, bugungi bellashuvda o‘yinda burilish yasay olishgani uchun uchun ularga minnatdorchilik bildiraman. Komilov o‘z imkoniyatidan foydalanganida yutishimiz ham mumkin edi. Bu futbol u yog‘ini o‘zingiz tushunasiz.
- Bugungi o‘yinlardan so‘ng, birdanida 4 ta jamoada 30 tadan ochko yuzaga keldi. “Navbahor” 7-o‘rinda bo‘lsa-da, 27 ochkoga ega. Bu borada fikriniz qanday?
- Birinchi davraning so‘nggi o‘yinida “Paxtakor” ustidan g‘alaba qozonganimida, hozir turnir javdvalida 2-o‘rinda borayotgan bo‘lardik. Albatta, jamoalar orasidagi ochkolar unchalik katta emas va 7 ta jamoada sovrinli o‘rinar uchun kurashish imkoniyati bor. Bunday ajoyib holat esa yaqin o‘rtada bo‘lmagandi. Shuningdek, ta’kidlaganimdek, jamoamizda O‘zbekiston Kubogini ham qo‘lga kiritish imkoniyati bor hamda biz undan foydalanishga intilamiz.
Fikrlar