"U bilan ishlashni shunchaki orzu qila olasan, vaqti kelib yana O‘zbekistonga qaytish imkoniyatim bo‘ladi" yoxud Superligamizda ishlagan mutaxassis Inestaga murabbiylik qilyapti

  • 19 avgust, 2023, 12:30
  • Shuhratbek Jo’rayev
  • 0
  • Futbol
BEPUL PROPAN

Migel Alvarez Sanches. 41 yoshli ispaniyalik mutaxassis o‘zbek futboli bilan yaxshi tanish. O‘tgan yili “Surxon”da ishladi. Avvaliga murabbiy yordamchisi bo‘ldi, keyin bosh murabbiyga aylandi.

Ayni paytda Migel Alvarez BAA chempionatida “Emireyts” klubida faoliyat olib bormoqda. Bosh murabbiyga yaqindan yordam berayotgan Alvarez endi jahon yulduzlaridan biri Andres Inesta bilan birga ishlamoqda.

Kuni kecha Sports.uz sayti jurnalisti Shuhratbek Jo‘raev Migel Alvarez bilan bog‘landi.

- Janob Alvarez, sizni “Surxon”dagi faoliyatingiz orqali yaxshi eslaymiz. Yaqinda BAAning “Emireyts” klubida ish boshladingiz. Sizga yangi qiyinchiliklar va sarguzashtlar yoqadimi?

- Yo‘q, bu pul bilan bog‘liq emasdi. Men allaqachon 11 yildan, hattoki 12 yildan beri futbol sohasidagi ilmda faoliyat olib boryapman. Ya’ni, futbol bilimini o‘rganish bilan bandman. Saudiya Arabistonida, AQSh, Maldiv Orollarida ishlab, u erda Liga va Kubok bahslarida g‘alaba qozonishga muvaffaq bo‘lgandik. Shu qatori katta klublarda faoliyat ko‘rsatib kelyapman. O‘zimga qolsa ham Yaqin Sharqda qolgan bo‘lardim. Chunki men ligalarni juda yaxshi bilaman. Ushbu davlatlarning madaniyati ham menga yaxshi tanish. Shuning uchun bu borada menga osonroq ham bo‘lardi. Hattoki, mart oyida menda Germaniya klubi bilan shartnoma imzolash imkoniyati ham bor edi. Lekin qizim kelishi va bu erda operatsiya qilinishi kerak edi. Shu bois qolishga qaror qildim. Bundan tashqari, fevral oyida O‘zbekiston klubi bilan ham shartnoma imzolashimiz mumkin edi. Bunga yaqin kelgandik. Lekin hammasi boshqacha ketdi. Shaxsiy muammolar sababli keta olmadim. Qizim va oilam bilan qolishim kerak edi.

- Kuni kecha Inesta ham “Emireyts” klubiga o‘tdi. Bunday jahon futboli yulduzi bilan qachondir ishlash haqida o‘ylaganmisiz?

- Men bu yulduzni juda ham yaxshi ko‘raman. Inesta kabi futbolchilarning murabbiyi bo‘lishni shunchaki orzu qila olasan. Xudoga shukr, bu ro‘yobga chiqdi. Uning jamoamizda ekanligidan va qo‘llab-quvvatlashdan xursandman. Hattoki, bunday o‘yinchidan ko‘p narsalarni o‘rganishim mumkin. Chunki bunday katta darajadagi yulduz senga o‘z tajribalari orqali yordam berishi ham mumkin. Bu juda ham muhim. Biz nafaqat unga murabbiylik qilamiz, hatto undan o‘rganishimiz muhim. Chunki Inesta dunyo darajasidagi futbolchi.

alvarez3

- “Surxon” va yurtimizdagi faoliyatingiz haqida ko‘proq nimalarni eslaysiz?

- Har doim ushbu davrlarni eslab turaman. “Surxon” ajoyib klub. Odamlaringiz juda ajoyib. Bizga Superligada qolish vazifasi qo‘yilgandi va bunga erishgandik. Barcha yigitlar bilan bir maqsad yo‘lida birlasha olgandik. Ular menga va o‘zlariga ishonishgandi. Biz buni amalga oshira olgandik. Bu esa murabbiy sifatida men uchun ham katta ahamiyatga ega edi. Bu ulkan tajriba. Katta imkoniyatlar sizga kelgusida faoliyatingizni yanada yaxshi yo‘lga qo‘yib olishingizda zamin hozirlaydi. Hozirgi “Surxon”ning Superligada o‘z mavqeiga ega bo‘lib borayotganini ko‘rishdan xursandman. Xudo xohlasa, kun kelib yana qaytish imkoniyati bo‘lishiga umid qilaman.

Men O‘zbekistonni doimo Osiyoning eng kuchli ligalaridan biri deb hisoblab kelganman. Albatta, ushbu qit’ada Yaponiya, Saudiya Arabistoni kabi gigant ligalar bor. Lekin O‘zbekistonni ulardan keyingi eng yaxshi ligalar qatorida deb aytishim mumkin. So‘nggi yillarda futbol tashkilotchiligi, futbol assotsiatsiyasi, hakamlari birlashib yaxshiroq ishlab, liga mavqeini yanada oshirish yo‘lida katta ishlarni qilishyapti. Umid qilamanki, ular xuddi shu yo‘lda va shu tempda davom eta olishadi.

- Demak, “Surxon”ni faol tarzda kuzatib boryapsiz-a?

- Ha, men doimo O‘zbekiston Superligasini kuzatib boraman. Kelajakda nima bo‘lishini bilmaysiz. Biz balki yana O‘zbekiston Superligasiga qaytib qolarmiz. Shu jihatdan men hamma vaqt Superligani ko‘rib boraman. O‘zim birga ishlagan futbolchilar bilan hamisha aloqada bo‘lib turaman. Ularning faoliyatini yaxshi yo‘lga qo‘yib olganligidan xursandman. “Surxon” muxlislari ham jamoaning hozirgi holatidan xursand bo‘lishsa kerak. O‘ylashimcha, o‘z jamoasidan yanada ko‘prog‘ini kutishga haqlilar. Ularga omad tilab qolaman.

alvarez6

- Imkoniyatingiz bo‘lsa yana O‘zbekistonga qaytasizmi?

- Doim aytib o‘tganimdek, mening xohishim davom ettirish edi. Biroq barchasi boshqacha kechdi. Ta’kidlab o‘tganimdek, shu yilning fevral oyida menda yaxshi taklif bor edi. Bir qadam qolgandi, ammo men tarafimdan shaxsiy muammolarim sababli bora olmadim va shartnomani imzolamadik. Lekin men kun kelib yana O‘zbekistonda ishlash imkoniyatiga ega bo‘lishimga ishonaman. Bu davlatni, madaniyatini, xalqini yaxshi ko‘raman. Liga ham juda raqobatbardosh. Ishlash imkoniyati paydo bo‘lsa, xursand bo‘ladigan birinchi odam o‘zim bo‘laman.

- “Surxon”da siz bilan birga ishlagan Anxel Lopes hozir Kiprda faoliyat olib boryapti. Nega bu safar ham u bilan birga bo‘lmadingiz?

- Avvalo, bu imkoniyatni taqdim bo‘lishida sababchi bo‘lgan Anxelga rahmat aytgan bo‘lardim. Aynan u sababli men O‘zbekistonga kelgandim. Yakunda u ketgach, bir muddat jamoani boshqarish imkoniyaga ega bo‘ldim. Biz yaxshi natijaga erisha oldik. Anxel klubdan ketganidan keyin men bilan gaplashgani yo‘q. Baribir unga O‘zbekistonga borishimga sababchi bo‘lgani uchun rahmat aytaman.

alvarez5

- O‘zbekistondagi faoliyatingiz davomida sizga ko‘proq qaysi murabbiyimizning ishi yoqdi?

- Bu savolga javob berish biroz qiyin. Chunki murabbiy sifatida boshqa murabbiylarning ishlarini qanday qiyinligini va ularning o‘yin uslubi har xilligini, xar kimning o‘ziga xos uslubi va qarashlari borligini yaxshi bilaman. Ularni juda ham hurmat qilaman. Shuning uchun kimnidir alohida ajratib ko‘rsatish, kuchli va kuchsiz jihatlarini farqlash men uchun qiyin. Ammo ismini eslay olmadimu, “Olimpik” jamoasi ustozi yaxshi o‘yin qurgandi (Temur Kapadze.muallif). U 21 va 23 yoshdagi futbolchilar bilan yaxshi jamoa shakllantirgandi. Uning o‘yin uslubi ham o‘ziga xos bo‘lgandi. Yaxshi murabbiyligini o‘zim uchun kashf qilgandim. Ammo ligadagi boshqa mutaxassislar ham o‘ziga yarasha kuchli jihatlarga ega. Har birining o‘ziga xos ustun tarafi bor.

- Faoliyatingizda Inestadan tashqari yana qaysi mashhur futbolchi yoki murabbiylar bilan ishlagansiz?

- Ko‘p futbolchilar bilan ishlaganman. Lekin, albatta Inestaga o‘xshagani bo‘lmagan. Bilamizki, Inesta tarixda yagona bo‘lgan. Faoliyatim davomida shuningdek. Alvaro Negredo bilan ishlaganman. Bundan tashqari, Valensiya, Romarino, Markinos, Tyago kabi futbolchilar bilan ham birga faoliyat olib borganman. Saudiya Arabistoni mundialda Argentina bilan o‘ynagan va ularni mag‘lub etgan jamoadan ko‘plab futbolchilar bilan ishlashga muvaffaq bo‘lganman. Argentinalik Ximenes va katta murabbiylardan Erve Renar bilan ham birga ishlaganman. “Bolivar”, “Ittixod” klublarida ishlashga muvaffaq bo‘lganman. Ularning hammasidan ko‘p narsalarni o‘rganganman. “Nasaf”da o‘ynayotgan Marko Stanoevich bilan ham ishlaganman. U hozir ham “Nasaf”da to‘p suryapti. Inestadek futbolchi bilan ilk bor ishlayapman, u birinchisi. Lekin Inesta darajasini solishtirish uchun Messi yoki Ronalduni olasan to‘g‘rimi?

alvarez1

- Sizningcha, Inesta shu yoshida ham kuchlimi yoki...

- Uning mashg‘ulotlarda ishlashi aqlbovar qilmas. Nafaqat futbol, balki inson tomonlama ham tabiati ajoyib. Jamoaga yaxshi ta’sir qiladigan o‘yinchi. Albatta, 38 yoshli futbolchidan 20 yoshli futbolchining o‘yinini kuta olmaysiz. Lekin, baribir unda ham o‘ziga yarasha ustunlik jihatlari bor. Baribir mashg‘ulot jarayonida uning o‘ziga xos o‘yinchi ekanligini sezib turasiz. U bizga ko‘p yordam beradi, deb o‘ylayman. Inesta jamoamizda bor ekan, xuddi bir kishi ko‘p o‘ynab turgandek harakat qilsak kerak. Mashg‘ulotlar jarayonida uning harakatlaridan shunchaki rohat olishingiz mumkin. To‘pga qay tarzda tegishi, qanday yugurishi yana qay tarzda futbol o‘ynashi sizni aqldan ozdirishi mumkin. Men murabbiy sifatida unga yordam berishga, qo‘llab-quvvatlashga doim tayyorman. Murabbiyman va yakunda unga ko‘rsatmalar berishim kerak. O‘z ishimni bajarishga harakat qilyapman. Undan ham ko‘p narsalarni o‘rganyapman.

Shuhratbek Jo‘raev.    

 

Fikrlar

Fikr qoldirish uchun avtorizatsiyadan o'ting!