
U Abduraimovga qarshi to‘p surgan, Qosimovni yoshligidan biladi yoxud Samarqandni qo‘msayotgan Syomin o‘zbek futboli xususida
Saytimizni muntazam kuzatib borayotgan o‘quvchilar yaxshi bilishadiki, rossiyalik mashhur murabbiy Yuriy Syomin bilan eksklyuziv suhbat uyushtira olganimiz haqida xabar bergandik. Bu murabbiy ortiqcha ta’rifga muhtoj emas, uning qanday mutaxassis ekanini hamma biladi.
Xo‘sh, aslida Yuriy Pavlovich bilan aloqa o‘rtanishimiz qanday kechdi? Avvalo, shuni aytmoqchimizki, har doim bizda xorijlik ko‘zga ko‘ringan mutaxassislar bilan o‘zbek futboliga doir qiziqarli masalalarda suhbat qurish istagi kuchli. Aynan ushbu istak va ishtiyoqimiz tufayli qachondir Yuriy Syomin bilan ham sports.uz uchun eksklyuziv tarzda intervyu uyushtirishni niyat qilib yurardik.
Natijada mutaxassis bilan aloqa o‘rnatish uchun izlandik. Niyatimiz xolisligi uchun Syominni “topishga” erishdik. U bilan ilk bor o‘tgan yilning dekabr oyida aloqa o‘rnatdik. Ammo Yuriy Pavlovich bilan suhbat uyushtirish oson kechgani yo‘q. Avvaliga mutaxassisga o‘zimizni tanishtirib, nimani istayotganimizni bildirganimizda u yangi yildan keyin gaplasha olishi haqida aytgandi. So‘ngra vaqt o‘tishini kutdik, keyin yana o‘sha gapini eslatgancha, suhbatlashish taklifimizni o‘rtaga tashladik. Murabbiy esa hozir Moskvada emasligini, fevral oyining boshlarida qaytishini ma’lum qildi.
Yana biroz sabr qilishimizga to‘g‘ri keldi va o‘sha kun kelgach, Yuriy Pavlovich bilan aloqaga chiqib, savollarimizni yuborsak bo‘ladimi deya murojaat qilganimizda u “jo‘nating” degan javobni yo‘lladi. O‘zimizni bir qator qiziqtirgan savollarni yuborgach, endi undan qachon javob kelarkin, deya kutishni boshladik. Lekin oradan bir kun o‘tgach, uning o‘zi aloqaga chiqdi. To‘g‘risi, Syominning qo‘ng‘irog‘i biz uchun yoqimli syurpriz bo‘ldi. O‘zaro suhbat davomida uning ancha kamtar inson ekanligiga amin bo‘ldik.
“Futbol orqali nimani yo‘qotgan bo‘lishim mumkin? Hech narsani!"
- Yuriy Pavlovich, avvalo, biz bilan suhbatlashishga, intervyu berishga rozi bo‘lganingiz uchun minnatdorlik bildirmoqchiman. Ayni chog‘da qanday ishlar bilan mashg‘ulsiz?
- Birinchidan, hozirda menda bo‘sh vaqt juda ko‘p. Shu bois, asosiy vaqtimni oiladagi yumushlarni bajarishga ajratmoqdaman. Anchadan buyon bu ish bilan shug‘ullanmaganim uchunmi, oilada erkak kishi bajarishi kerak bo‘lgan yumushlar to‘planib qolgan ekan. Shuningdek, bir qancha tashkiliy ishlar bilan ham mashg‘ulman. Aytishim kerakki, murabbiylar birlashmasida ham ish olib boryapman. Bunday kezlarda turli klublarda ishlayotgan murabbiylarga o‘z maslahatlarim bilan yordamlashmoqdaman. Asosan ikkinchi ligada ishlayotgan murabbiylar va bir qancha futbolchilar bilan muloqotda bo‘lishimga to‘g‘ri kelyapti. Ularga o‘z tajribamdan kelib chiqqan holda kerakli maslahatlarni berishga intilyapman. Umuman olganda, sport bilan shug‘ullanishni ham kanda qilmayapman. Bir so‘z bilan aytganda, faol turmush tarzini kechiryapman.
- Butun umrini futbolga baxshida qilgan inson sifatida bu o‘yin menga ko‘p narsani berdi, shuning barobarida ayrim narsalardan mahrum qildi, deb ayta olishingiz mumkinmi?
- Savolingizning mohiyatini tushundim. Ehtimol, futbol hayotimning asosiy mazmuni bo‘lgani uchunmi, shu kasbni tanlaganimdan zarracha afsuslanmayman. Futbol – bu kasb menga muvaffaqiyat keltirdi, deb baralla ayta olishim mumkin. Negaki, aynan futbol tufayli hamma taniydigan inson darajasiga ko‘tarildim. Ko‘plab do‘stlar va muxlislarni orttirdim. Ular har doim menga iliq va samimiy munosabatda bo‘lib keladilar. Binobarin, aynan shunday holat men uchun eng muhim jihat sanalsa kerak. Ikkinchidan, futbol orqali aytishga, nokamtarlikka yo‘ymangu u orqali ko‘plab muvaffaqiyatlarga erishdim. Savolingizning oxirgi qismiga kelsak, futbol orqali nimani yo‘qotgan bo‘lishim mumkin? Hech narsani! Balki mag‘lubiyatlardan so‘ng, o‘z xatolarimdan o‘ksinib bundan iztirob chekkan bo‘lishim mumkindir. Ammo baribir futbolda yo‘qotganlarimdan ko‘ra, topganlarim juda salmoqli ekanligini aytmog‘im darkor. Shunday naql bor: hech qanday ish qilmagan kishigina xatoga yo‘l qo‘ymaydi.
“Paxtakor”ning o‘sha eski stadionini juda yaxshi eslayman”
- Agar o‘zbek futboli haqida gap ketadigan bo‘lsa, xayolingizga birinchi navbatda nima keladi?
- Birinchidan, o‘zbek futboli haqida gap ketar ekan, Birodar Abduraimovning davri, uning do‘stlari ko‘z o‘ngimda gavdalanadi. Chunki biz yashil maydonda bir necha bor bir-birimizga to‘qnash kelganmiz. Maydon tashqarisida ham ko‘p uchrashganmiz, dildan suhbatlar qurganmiz. Men “Paxtakor”ning o‘sha eski stadionini juda yaxshi eslayman. O‘yinlar chog‘ida stadion muxlislar bilan liq to‘lib, bunday muhitda to‘p surish gashti juda bo‘lakcha bo‘lardi. 50 ming (hayratlangancha) ishqiboz ko‘z o‘ngida to‘p surish qanday bo‘lishini bir tasavvur qilib ko‘ring-a?! Men uchun bu maroq bilan eslashga arzigulik bo‘lgan voqealardir. O‘zbek muxlislari sevimli jamoasini qoyilmaqom tarzda qo‘llab-quvvatlardilar. Toshkent, Samarqand va butun O‘zbekiston bo‘yicha tassurotlarim juda katta. O‘z vaqtida biz tez-tez yig‘in bahonasida yurtingizga tashrif buyurardik. Moskvaning “Dinamo” klubi bunday yig‘inlarni asosan “Dinamo” Samarqandga tegishli bo‘lgan baza va stadionda tashkil etganini katta stajga ega bo‘lgan keksa avlod muxlislari yaxshi eslasalar kerak. Bugun jon deb O‘zbekistonga kelgan va yurtingizning ko‘zga ko‘ringan shaharlarini tomosha qilgan bo‘lardim. Ilojini topib, albatta O‘zbekistonga, Samarqandga borishga harakat qilaman.
- Agar sir bo‘lmasa, oxirgi marta qachon O‘zbekistonga kelgansiz?
- Oxirgi marta yurtingizga tashrif buyurganimdan beri ancha vaqt o‘tdi. Hozircha yangi O‘zbekistonni ko‘rishga muvaffaq bo‘lganim yo‘q. Ehtimol, bahorda bir qancha do‘stlarim bilan O‘zbekistonga tashrif buyurarman. Qolaversa, O‘zbekistonda mening ko‘plab eski tanishlarim, do‘stlarim bor.
“Terma jamoangiz qit’a miqyosida katta g‘alaba qozonishini istayman”
- Yuriy Pavlovich, bugungi futbol, shu jumladan o‘zbek futbolining darajasini qanday baholagan bo‘lardingiz?
- Agar bevosita rus futboli haqida gapiradigan bo‘lsam, biz chet el futbolidan ko‘p jabhalarda ortda qolyapmiz. Bunday ortda qolish ko‘p jihatlarda – klub xo‘jaligini tashkil etish va yuritish, moliyaviy imkoniyat darajasida yaqqol sezilmoqda. Shuning uchun bo‘lsa kerak, chempionatimizda top-maqomdagi futbolchilar barmoq bilan sanarli darajada. Bilasiz, bunday maqomda bo‘lgan futbolchilar o‘z klublarida hammani ortlaridan ergashtira olishadi va natijani ta’minlashda asosiy rolni ijro etib beradilar. Bunday ijrochilar har bir jamoaga kerak. Baxtga qarshi birinchiligimizda shunday futbolchilar soni unchalik ko‘p emas. Shuning uchun bo‘lsa kerak, G‘arb futbolidan ortda qolyapmiz. Qolaversa, o‘zimizda ham xalqaro saviyada bo‘lgan o‘yinchilar ko‘pchilikni tashkil etmaydi. Savolingizning ikkinchi qismiga to‘xtalsam, o‘zbek futbolining bugungi darajasi qanday ekanligini bilmayman.
- Harqalay, o‘zbek futbolchilari orasida kimlarnidir yaxshi bilsangiz kerak?..
- (Kulgancha) Sizlarda Mirjalol Qosimov o‘z davrida juda zo‘r futbolchi bo‘lgan. Bugungi kunda esa, u murabbiy sifatida faoliyat yurityapti. Men uni yoshlik davridan beri juda yaxshi eslayman. Uning futbolchi sifatida erishgan muvaffaqiyatlaridan xabardorman. Yuzaga kelgan fursatdan foydalangan holda Mirjalolga endi murabbiy rolidagi ishlarida ham doim omad yor bo‘lishini tilab qolaman.
- Xayolan bo‘lsa ham tasavvur qilib ko‘ring: sizga O‘zbekiston terma jamoasini boshqarish imkoniyati havola qilindi. Qanday yo‘l tutgan bo‘lardingiz?
- Shu mavzuda gap boshlangudek bo‘lsa, hammasini bafurja hal qilib olishimiz mumkin (kulib qo‘yadi).
- Umuman, Osiyo futboli haqida nima degan bo‘lardingiz, jumladan milliy termamiz haqidagi fikrlaringiz qanday?
- Osiyo futboli haqida nima deyishim mumkin?.. Avvalo, sizlarning milliy terma jamoangizga omad kulib boqishini tilab qolgan bo‘lardim. Jamoangizning qit’a miqyosida katta g‘alaba qozonishini istayman. Ammo Osiyo qit’asida kuchli terma jamoalar etarlicha topilgani uchun buni amalga oshirish o‘ta mushkul bo‘lishini ham bilaman. Yana shuni aytishim mumkinki, terma jamoangizdagi bir qancha futbolchilarning chet eldagi chempionatlarda o‘ynayotganlaridan xabarim bor. Sizlarda bir qancha futbolchilar Rossiya birinchiligida to‘p surishmoqda. Shuningdek, istiqboli ancha porloq baholanayotgan o‘yinchingizning bugungi kunda top-besh ligalaridan biri sanaladigan Italiya A seriyasida munosib ravishda o‘ynayotganidan xabarim bor. Darhaqiqat, Eldor Shomurodov jahonning eng kuchli chempionatlaridan biri bo‘lgan A seriyada juda yaxshi o‘ynayapti. Uning ishtirokidagi bir qator uchrashuvlarni TV orqali tomosha qildim.
“Shomurodov bugungi kunda birinchi raqamli o‘yinchingiz”
- Sizning oxirgi ish joyingiz o‘zingiz uchun juda qadrdon sanaladigan “Lokomotiv” klubi hisoblanadi. Jamoani tark etganingizdan so‘ng, xizmatingizga turli klublardan takliflar bo‘ldimi?
- Ayni chog‘da biror-bir klubni boshqarmayotganim uchun xizmatimga falon-falon jamoalardan takliflar bo‘lgandi, deyishdan nima ma’no chiqardi? Chunki faol murabbiylik faoliyatidan chekinganman. Biror-bir klubni boshqarayotganim yo‘q. Agar xizmatimga o‘zim uchun qiziqarli bo‘lgan takliflar bo‘lsa, ularni albatta ko‘rib chiqishga tayyorman.
- Bilamizki, o‘z vaqtida Kiev “Dinamo”sini boshqargansiz. O‘sha jamoada esa bizning Maksim Shatskix etakchilardan biri sanalgan. Biroq “Dinamo”da ishlagan chog‘ingizda u negadir asosiy tarkibdagi o‘rnini yo‘qotib qo‘ygandi. O‘shanda nima bo‘lganini tushuntirib bera olasizmi?
- Avvalo, shuni aytishim joizki, Kiev “Dinamo”si har doim juda yaxshi ijrochilarga ega bo‘lib kelgan klub hisoblanadi. Darhaqiqat, Shatskixni yaxshi eslayman. U Ukrainadagi faoliyatini qoyilmaqom darajada o‘tkazishga muvaffaq bo‘lgan. Bugungi kunda esa Maksim “Rotor”ning murabbiylar shtabida yaxshi ish olib bormoqda. Shuni aytishim kerakki, klubni boshqarishga kirishgan kezlarimda ham “Dinamo”da boshlang‘ich tarkibdan joy olish uchun raqobat o‘ta yuqori bo‘lgan. Avvaliga Shatskix asosiy tarkibda o‘ynashda davom etgan, biroq negadir keyinchalik boshqa raqobatchilariga o‘rnini bo‘shatib berishiga to‘g‘ri kelgan. Adashmasam, o‘sha chog‘larda Artyom Milevskiy va Andrey Shevchenko (negadir Syomin Shevchenko borasida biroz yanglishdi. Chunki bu paytga kelib Shevchenko klubdan ketgandi, izoh - muallifniki) bor edi. Umuman, bu masala haqida gapirishim qiyin. Lekin Maksim klubni men boshqargan paytlarda ham maydonga tushardi. To‘g‘ri, hamma o‘yinlarda ishtirok etmagani rost.
- Keling, yana bir bor tasavvur qilib ko‘ramiz: siz taniqli klublardan birini boshqaryapsiz. Jamoangizda o‘zbek futbolchilaridan kimni ko‘rishni istagan bo‘lardingiz?..
- (Kuladi) Men ko‘rishni istagan futbolchilarni allaqachon boshqalar ilib ketgan-ku! Shomurodovni “Jenoa” sotib oldi. Keyingisi kim, bilmayman. Bu qanday klubni boshqarishimga bog‘liq. Murabbiy sifatida qaysi pozitsiyalarni kuchaytirish kerak bo‘lsa, o‘sha pozitsiyalar uchun albatta o‘yinchilarni tanlab olgan bo‘lardim. Aynan o‘zbek futbolchilariga kelsak, yuqorida Shomurodovni bejiz tilga olganim yo‘q. Nega deganda, aynan u bugungi kunda birinchi raqamli o‘yinchingiz bo‘lib turibdi. U Italiya A seriyasidagi o‘ta mashhur chempionatda O‘zbekiston sha’nini juda munosib tarzda himoya qilib kelmoqda.
“Oston O‘runovning o‘yinini kuzatish menga yoqqan”
- Sizdan yana bir va o‘zbek muxlislarini juda qiziqtirayotgan mavzulardan biri haqida so‘ramoqchi edim. O‘tgan yili Moskvaning “Lokomotiv” klubi yosh futbolchimiz Jasur Jaloliddinovni sotib olib, u bilan besh yillik shartnoma imzolagandi. Ammo yaqinda “Temiryo‘lchilar” u bilan bitimni bekor qilishdi. Bu xususida nima degan bo‘lardingiz?
- Ha, bundan xabarim bor. O‘yinchingiz xususida fikrim shunday: u atrofidagilarning gap-so‘zlariga quloq solmasdan, avvalo, o‘zi “Lokomotiv”dek klubda o‘ynab keta olishi mumkinligi haqida obdon o‘ylab olishi maqsadga muvofiq bo‘lardi. Biroq vakilingiz yoshlik qilib hali bunga tayyorligini bilmasa ham jamoa bilan bitim imzolashga qaror qildi. Albatta, bu Jaloliddinovning atrofidagi kishilarning tashabbusi tufayli yuz berganiga shubham yo‘q. Ular Jasurga to‘g‘ri qaror qabul qilish imkonini qoldirmagan ko‘rinishadi. Menimcha, Jaloliddinov yakuniy to‘xtamga kelish oldidan bu masalani murabbiy bilan yuzma-yuz uchrashgan holda muhokama qilib olishi maqsadga muvofiq bo‘lardi. Shuningdek, o‘yinchingiz o‘zi to‘p surishi mumkin bo‘lgan yangi jamoadagi vaziyatni o‘z ko‘zlari bilan ko‘rishi kerak edi. Asosiysi, futbolchi bo‘lajak murabbiyning rejasiga to‘g‘ri kelishi, ya’ni – unga asqotishi mumkinligi yoki mumkin emasligini bilib olsa shu ahvolga tushmagan bo‘lardi. Aftidan, unga “Lokomotiv”ni tavsiya qilganlar shoshilinch qaror qabul qilishiga majbur etgan ko‘rinishadi. Menimcha, bu ishni agentlar yoki futbolchingiz atrofida bo‘lgan boshqa kishilar favqulodda juda tez amalga oshirishni ma’qul ko‘rgan bo‘lishlari ehtimoldan holi emas. Shu boisdan ham Jasur Jaloliddinovning “Lokomotiv”ga ko‘chib o‘tishi o‘ta omadsiz transferga aylandi. Yosh, boz ustiga kelajagi porloq deya qaralayotgan o‘yinchi uchun bir yilni shunchaki ovoragarchiliklar bilan o‘tkazib yuborish juda katta yo‘qotishdir. Men futbol sohasini yaxshi bilganim uchun nima deyayotganimni tushunaman. Albatta, har qanday yosh o‘yinchining bunday taklifdan boshi aylanib qolishi turgan gap. Vaziyat uning zarariga ishlar ekan, futbolchi o‘zidagi eng yaxshi xususiyatlarni yo‘qotishga tushadi. O‘yin amaliyoti bo‘lmas ekan, ijrochi bor mahoratini ham yo‘qota boshlaydi. O‘z navbatida, unda ruhiy tushkunlik yuzaga kelmasdan qolmaydi. Shuning uchun ham yoshlarga maslahatim, avvalo bir to‘xtamga kelishdan oldin atrofingizdagilarning emas, balki o‘zingizning yuragingizga quloq soling. Futbolchi atrofidagi kishilar unga u yoki bu klubga ko‘chib o‘tsang yaxshi bo‘ladi, deya turli tavsiyalarni berishlari mumkin. Negaki, ularning ham o‘z manfaatlari bor. Ya’ni, shunday insonlar futbolchi orqali avvalo o‘zlarini o‘ylashlari turgan gap. Bir so‘z bilan aytganda, Jaloliddinovning shoshma-shosharlik bilan “Lokomotiv”ga ko‘chib o‘tishi pirovardida umuman o‘zini oqlamadi. Balki uning ko‘chib o‘tishi atrofidagilar uchun omadli chiqqan bo‘lishi mumkindir. Lekin aynan Jasur uchun bu katta yo‘qotish bo‘ldi, deya baralla fikr bildirsa bo‘laveradi. Hayotda shunaqa ishlar ham yuz berib turadi. Jaloliddinovga maslahatim shuki, u o‘zi tushib qolgan murakkab holatdan chiqib ketishga intilishi kerak. Buning uchun o‘yinchingizga iroda kuchi va qat’iy xarakter zarur. Baxtga qarshi u bir yilni shunchaki o‘tkazib yubordi.
- Eldor Shomurodov Rossiya premer-ligasi orqali Italiyaga yo‘l oldi. Oston O‘runov uning yo‘lini takrorlay olishi mumkinmi?
- O‘runovga “Spartak”ka moslashib olishni tilagan bo‘lardim. Agar u bu ishning uddasidan chiqadigan bo‘lsa, Shomurodovning izidan borishi mumkin. Shaxsan menga Oston O‘runovning maydondagi xatti-harakatlarini kuzatish yoqqan. U Vadim Evseev qo‘l ostida “Ufa” klubida to‘p surgan holda barchada iliq taassurot qoldira olishga erishgan. Oston “Ufa”dagi o‘yinlari orqali “Spartak”dek nomdor klubga ko‘chib o‘tdi. To‘g‘ri, bugungi kunda uning bu jamoadagi ishlari yurishib ketgani yo‘q. Ammo vakilingiz bundan tushkunlikka tushmay o‘z ustida ishlashi, xarakterini namoyish etishi kerak. U faqat shu yo‘l orqali maydonga chiqqan paytda ancha ishlarni amalga oshira olishi mumkinligini isbotlab beradi. Shomurodov haqida gapirish unchalik shart emas, nazarimda. Nega deganda, Eldor allaqachon shakllangan futbolchi darajasiga ko‘tarilgan. Yuqorida aytganimdek, u Italiya A seriyasida O‘zbekiston sha’nini juda munosib tarzda himoya qilib kelyapti. Men uning A seriyada qator o‘yinlarini juda yaxshi o‘tkazganligini ko‘rdim. Aynan o‘yinlar orqali endi mahalliy jurnalistlar va fanatlar ham Shomurodov haqida faqat iliq fikrlarni aytishayotganidan xabardorman. U “Jenoa” foydasiga qaror qabul qilib juda to‘g‘ri yo‘l tutdi. Eldor – juda abjir futbolchi. Vaholanki, chetdan kelgan o‘yinchilarga A seriya bahslariga ko‘nikma hosil qilish juda qiyin ish sanaladi. Chunki Italiya birinchiligida yakkakurashlarga alohida urg‘u beriladi. Shomurodov esa shunday kurashlarga tayyor holda bu erga etib kelgan.
“Cherchesov Rossiya termasida o‘z ishini yaxshi davom ettiryapti”
- Yuriy Pavlovich, o‘z vaqtida milliy terma jamoamizni boshqargan germaniyalik mutaxassis Yurgan Gyode o‘sha chog‘larda bir qancha masala bo‘yicha siz bilan maslahatlashganini e’tirof qilgandi. Keyinchalik sizda yana shunday holat yuzaga kelganmi?
- Adashmasam, o‘shanda Yurgan Gyode mendan Vladimir Maminov hamda Oleg Pashinin bilan bog‘liq vaziyat haqida so‘ragandi. Chunki bu ikki futbolchi “Lokomotiv”da etakchilardan hisoblanishardi. Ular shuning barobarida terma jamoangizda to‘p surgan. Ha, Gyode bilan aynan Maminov bilan Pashininni terma jamoaga chaqirgan paytda qo‘yib yuborish borasida suhbatlashganim yodimga tushdi. Men buni murabbiyning hamkasbi bilan odatiy muloqoti sifatida baholayman xolos. Asosiysi, biz o‘shanda umumiy til topisha olganmiz. O‘z navbatida, men “Lokomotiv” ustozi sifatida Maminov bilan Pashininni O‘zbekiston terma jamoasi ishtirokidagi uchrashuvlarga yuborishda davom etganman. O‘rtamizda hech qanday tushunmovchilik kelib chiqmaganligini alohida ta’kidlamog‘im joiz.
- Rossiya terma jamoasini boshqarib kelayotgan Stanislav Cherchesovning ishini qanday baholagan bo‘lardingiz?
- Futbolda murabbiyning ishiga qayd etgan natijasi orqali baho beriladi. Bilasiz, 2018 yili Rossiya uy mundialini o‘tkazdi. Unda esa Stanislav Cherchesov boshchiligidagi milliy termamiz juda munosib tarzda ishtirok etdi. Stanislav terma jamoani jahon chempionatiga qoyilmaqom darajada tayyorlay olganini isbotlab berdi. Asosiysi, o‘sha musobaqada barcha muxlislarimiz milliy terma jamoamizning o‘yinlaridan huzur olishdi. Ular nafaqat termamiz, balki butun musobaqani munosib o‘tkazgan tashkilotchilar ishidan ham katta qoniqish hosil qilganlar. Bir so‘z bilan aytadigan bo‘lsam, Cherchesov o‘z ishini yaxshi davom ettirib kelyapti. Uning qarshisida intilish uchun yangi sabablar bor: Evropa chempionati, JCh-2022 saralash bosqichi...Agar u Evropa birinchiligi va bo‘lajak JCh saralashi uchun o‘tkaziladigan o‘yinlarda yaxshi natijalar qayd eta olsa, yo‘lida davom etaveradi. Aytmoqchimanki, Stanislav bosh murabbiy sifatida ishlashdan to‘xtamaydi.
- Evropaning top-chempionatlarida rossiyalik futbolchilar juda kam. Buning sababi nimada?
- Yuqorida aytib o‘tgan bir qancha jihatlar buning asosiy sababi bo‘lsa kerak. Bu nafaqat rossiyalik, balki o‘zbekistonlik bo‘lgan futbolchilar uchun ham birdek taalluqli masaladir. Ammo rossiyalik futbolchilarga bo‘lgan talab o‘ta past, demagan bo‘lardim. O‘zingiz ko‘rdingiz, joriy birinchilik arafasida bir qancha vakillarimiz chetdagi chempionatlarga yo‘l olishdi. Masalan, Aleksey Miranchuk “Atalanta”ga yo‘l oldi. RPLdagi o‘yini orqali tanilgan Shomurodov esa “Jenoa”dan qo‘nim topdi. Bu esa RPLning saviyasidan darak beradigan jihatdir. O‘ylaymanki, bundan keyin ham vaziyat shu ruhda davom etaveradi. Ammo bugungi kunda vaziyat juda yaxshi demagan bo‘lardim. Aks holda premer-ligamizdan xorij chempionatlariga yo‘l olgan ijrochilar hozirgidan ancha ko‘p bo‘lishi tayin edi.
“Fyodorov ishlayotgan jamoasiga qanday o‘yinchilar kerakligini yaxshi biladi”
- Yuriy Pavlovich, agar hayotingizda o‘zgarish sodir etish imkoni berilsa, nimani o‘zgartirgan bo‘lardingiz?
- Hech narsani. Bundan keyin ham hayotim shu tarzda davom etishini istayman (kuladi).
- Bundan keyingi rejalaringiz qanday?
- Murabbiyda uzoq muddatga belgilangan rejalar tuzish imkoni deyarli bo‘lmaydi. Ertagalik rejangiz indiniga butunlay o‘zgarib ketishi mumkin. Chunki ertaga do‘stlarim bilan yig‘ilib tennis o‘ynagani boraman, deb reja qilgan taqdirimda hammasi birdaniga o‘zgarib ketishi ehtimoldan holi emas.
- “VAR” tizimi haqida qanday fikrdasiz? Bu futbolga kerakmi?
- “VAR” – bu yangi yo‘nalish, undan voz kechib bo‘lmaydi. Tizimdan to‘g‘ri yoki noto‘g‘ri foydalanishayotgani esa bu butunlay boshqa masala. Yaxshisi, “VAR” bilan bog‘liq savolingizni o‘zingizdan chiqqan va butun jahon taniydigan hakamga (Ravshan Ermatovni nazarda tutyapti) bersangiz maqsadga muvofiq bo‘lardi (kuladi). “VAR”dan qochib qutulib bo‘lmaydi. Bundan keyin ushbu tizim futbolning ajralmas bir qismiga aylanib qoladi. Hammasini borligicha qabul qilish kerak. Faqat tizim bilan bog‘liq ishlarni yanada mukammal darajaga olib chiqish payida bo‘lish juda muhim ahamiyat kasb etadi. Tennisda videotakror bormi, bor. Basketbolda-chi, unda ham bor. Endi “VAR” futbolda ham mavjud!
- Yuriy Pavlovich, agar sizga futbolda nimanidir o‘zgartirish imkoni taqdim qilinsa, qanday yo‘l tutardingiz?
- O‘zgarishlarni qator jihatlarda amalga oshirish mumkin. Ammo hayotda har bir kishi atrofga o‘z qarashi bilan baho beradi. Masalan, men ham shunday. O‘z qarashlarimdan kelib chiqqan holda fikr bildirishim mumkin. Biroq futbolda falon-falon qoidalar borasida o‘zgarishlarni amalga oshirgan bo‘lardim, deb aytishim amrimahol.
- Xabaringiz bo‘lsa, Andrey Fyodorov Moskvaning “Lokomotiv” klubida selektsioner murabbiy sifatida ish boshladi. Bu xususida qanday munosabatdasiz?
- Bunga to‘g‘ri munosabatda bo‘lishim mumkin xolos. Zero, Andrey Fyodorov futbolni ichidan yaxshi biladigan mutaxassis darajasiga ko‘tarilgan. U o‘z vaqtida yaxshi o‘yinchi hisoblangan. Butsalarini mixga ilganidan keyin esa futbolda qolib, boshqa rollarda o‘zini sinab kelmoqda. U hali yosh. Demak, futbolda uzoq yillar ishlashda davom etishi mumkin. Asosiysi, Fyodorov futbol odami bo‘lgani bois ishlayotgan jamoasiga qanday o‘yinchilar kerakligini yaxshi biladi. Fyodorovda bu masalada tajriba borligiga shubham yo‘q. Aks holda “Lokomotiv” rahbariyati uni shu rolda ishlash uchun taklif qilmagan bo‘lardi.
- O‘zbek futboli muxlislari, shu jumladan sports.uz sayti o‘quvchilariga tilaklaringiz?
- Men sobiq Ittifoq davridagi o‘zbek futbolini – “Paxtakor” va uning ishtirokidagi uy o‘yinlarida 50 minglab tomoshabin kelgan davrlarni juda yaxshi eslayman. Tilagim bundan keyin ham chempionatingiz doirasidagi uchrashuvlarda stadionlar muxlislar bilan to‘lsin. Ishqibozlarga sevgan klublariga muxlislik qilishda davom etishlari uchun mustahkam sog‘lik tilayman. Avvalo, O‘zbekiston milliy terma jamoasining kelajakdagi ishlarida omad yor bo‘lishini, qit’a miqyosida maqtanishga arziydigan g‘alaba qozonishini istayman. Saytingiz o‘quvchilariga tilagim shuki, ularning soni bundan keyin ham ortib borsin, sport mavzusida ijod qilayotgan siz kabi jurnalistlarning gazeta yoki saytlardagi chiqishlarini o‘qishda davom etishsin. Chunki o‘quvchilar shu orqali o‘zlari uchun qiziqarli bo‘lgan ko‘plab narsalarni topa olishadi. Asosiysi, futbolni sevishda davom eting, azizlar!
Fikrlar