"Turon" prezidenti "Andijon"ga qarshi o‘yinning Namanganda o‘tishi jamoasiga nega ustunlik berishi, Superligada qolishga shubha qilmayotgani va tarkibdagi oxirgi o‘zgarishlar haqida

  • 26 iyul, 2021, 18:21
  • Shuhratbek Jo’rayev
  • 0
  • Futbol
CHERY AUTO

Superliga debyutanti – “Turon” klubi kutilganidek, yozgi yig‘inni faol tarzda o‘tkazyapti va shunga yarasha selektsiya ishlarini ham jadallik bilan olib boryapti.

Tecno

Qanday bo‘lmasin, klubni ilk urinishdayoq, Superligada saqlab qolishni maqsad qilgan rahbariyat jamoa uchun barcha sharoitlarni muhayyo qilyapti.

Shu maqsadda “Turon” klubi prezidenti Abduvahob Ahmadaliev jamoadagi oxirgi o‘zgarishlar borasida sports.uz saytiga o‘z fikrlarini bildirdi.

“Andijon” – “Turon” o‘yiniga Namangan mezbonlik qilishi haqida

Ma’lumki, musobaqa jadvalida oxirgi ikki o‘rinni bo‘lishib turgan mazkur klublar o‘rtasidagi o‘yin Namangandagi “Navbahor” stadionida o‘tkaziladi. Aslida bellashuv Andijondagi “Bobur arena”da bo‘lib o‘tishi lozim edi. Biroq stadion yoritgichlari bilan bog‘liq muammo sababli, bahs Namangandagi stadionga ko‘chirildi. Xo‘sh, o‘yinning boshqa shaharda o‘tkazilishi “Turon”ga qanday ustunlik beradi? Klub prezidenti shu masalada fikr bildirdi.

- Menimcha, “Andijon” jamoasiga qarshi o‘yinning Namanganda o‘tishi bizga ustunlik beradi. Nimagaki, “Andijon”ni muxlislari jamoasini o‘zida juda yaxshi qo‘llab-quvvatlaydi. To‘g‘ri, endi o‘yinlar ishqibozlarsiz bo‘lyapti. Ikkala jamoa ham betaraf maydonda o‘ynaydi. Namangandagi stadionda ortiqcha bosimlarsiz, chiroyli futbol bo‘lsa kerak, deb o‘ylayman. Ammo yana qaytaraman: uchrashuvning Namanganda o‘tishi bizga ustunlik berishi bor gap.

axmadaliev5_1

Selektsiyadan qoniqish hosil qildimi?

Kutganimizdek, “Turon” jamoasi yozgi transfer vaqtida tarkibga bir qator yangi o‘yinchilarni qo‘shib oldi. Ayrimlarini esa sotib olish orqali qo‘lga kiritdi. Yaxshi saviyadagi ijrochilar evaziga jamoa tarkibi ancha raqobatbardosh holatga keltirildi, desak adashmaymiz. “Turon” rahbari selektsiya ishlaridan qanchalik qoniqdi?

- Shu paytga qadar Sardor Abduraimov, Humoyun Murtazoev, Sunnatilla Abdullajonov, Firdavs Chakalov, Nizomiddin Ziyovutdinovni qo‘shib oldik. Doniyor Ismoilov “Andijon”da ijarada o‘ynayotgandi, yana o‘zimizga qaytdi. Hozircha shular. Yashirmayman, selektsiya ishlarimiz yana davom etyapti. Balki bir-ikki kunda yana kimnidir qo‘lga kiritarmiz yoki shu holatda ham qolishimiz mumkin. Buni ko‘proq murabbiylar aytadi. Ammo selektsiya ishlaridan ko‘nglimiz to‘ldi. O‘zimiz xohlagan pozitsiyalarga futbolchilarni taklif qila oldik. Tajribali, nomdor o‘yinchilar bilan ham muzokaralar o‘tkazib ko‘rdik. Ularni klubi bilan bir-ikki yillik shartnomalari borligi uchun qo‘lga kiritish qiyin bo‘ldi. Jamoamizga taklif qilingan futbolchilar bosh murabbiyning tavsiyasiga ko‘ra olindi. Biz ham rahbariyat bilan maslahatlashdik, o‘yinchilarning statistikalarini ko‘rib chiqdik. Ketganlarga kelsak, har bir futbolchi bilan do‘stona xayrlashdik. Ularning har biri “Turon”ga ozmi-ko‘pmi, hissasi qo‘shilgan. Biz uchun futbolchilar hamma narsadan birinchi o‘rinda turadi. Shu bois doim o‘yinchilarga barcha sharoitlarni yaratib beramiz. Murabbiyning tanlovi bo‘yicha ish qildik. U o‘ziga kerakli futbolchilarni tanladi va taktikasiga mos kelmaydiganlari almashtirildi.

turon6  

Yangi futbolchilarni ko‘ndirish oson bo‘lmadimi?

Aslida yozgi davralar oralig‘i paytida futbolchilarni qo‘shib olish oson ish emas. Chunki bunday paytda aksariyat o‘yinchilarning klublari bilan amalda shartnomalari mavjud. Shu o‘rinda, klub prezidentidan qaysi o‘yinchilarni ko‘ndirish qiyin bo‘ldi, deya murojaat qilganimizda quyidagicha javob berdi.

- O‘ylaymanki, har qanday futbolchini taklif qilish va jamoaga o‘tishiga ko‘ndirish uchun ma’lum vaqt talab etiladi. Klubning o‘zi va o‘yinchi bilan kelishib olish uchun ham qandaydir vaqt kerak bo‘ladi. Shartnoma tuzish, o‘zaro kelishib olish ham o‘z-o‘zidan bo‘lib qolmaydi. Lekin o‘ylaymanki, yangi o‘yinchilarni “Turon”ga taklif qilish o‘ta murakkab kechmadi. Qo‘lga kiritgan barcha o‘yinchilarimiz uchun qilgan sa’y-harakatlarimiz birdek bo‘ldi. To‘g‘ri, kimnidir ko‘ndirishda o‘ziga yarasha qiyinchiliklari bo‘ladi. Axir futbolchini chaqirsangiz yugurib kelavermaydi-ku! Ularni javobini biroz kutasiz, o‘zlari ham maslahatlashadi.

turon4

Shartnomalar bir yillik emas...

E’tibor bersangiz, klublar yangi futbolchilar bilan shartnoma tuzayotganida uning muddati nari borsa bir yillikni o‘z ichiga oladi. Lekin “Turon”da vaziyat boshqacharoq. Mavsumning ikkinchi yarmi bo‘lishiga qaramay, Superliga debyutanti taklif qilgan yangi o‘yinchilar bilan kamida ikki yillik kelishuvlarga erishdi. Abduvahob Ahmadaliev masalaning shu tomoniga ham e’tibor qaratdi.

- Klubning oldiga qo‘ygan maqsadi, ambitsiyalari, futbolchilarga bo‘lgan katta e’tibor, ta’sischilar tarafidan barcha sharoitlarning yaratib berilayotgani ham muhim rol o‘ynayapti. Jamoada qilinayotgan ishlardan kelib chiqib aytish mumkinki, “Turon” bir-ikki yillik jamoa emas. “Turon” futbol klubi – uzoq yillik loyiha hisoblanadi. Bosqichma-bosqich rivojlanib boramiz. Barchasiga birdaniga erishib bo‘lmasligini ham bilamiz. Maqsad “Turon”ni OFK va Osiyo Chempionlar ligasiga olib chiqish. Duradgor bir ishni sifatli yakunlaguncha unga ancha ishlov beradi. Biz ham hozirgi holatda shundaymiz. Infratuzilmaga katta e’tibor berdik. Eng yaxshi yoritish tizimi bo‘yicha O‘zbekistonda uchta bo‘lsa, bittasi bizda. Maydonimiz ham xuddi shunaqa. Futbolchilarga yangi o‘quv-mashg‘ulot bazasi qurilyapti, zamonaviy uslubda. O‘ylagan ushbu ishlarimizni amalga tatbiq etsak, oldimizga katta maqsadlarni qo‘ysak bo‘laveradi. Klubning mana shunday istiqbolli loyihalarini ko‘rib turib futbolchilar uzoq yillik shartnomalarimizga qarshi emas. Ularda klubimizga nisbatan ishonch uyg‘ondi. Moddiy tomondan qarasak, oylik maosh va mukofot pullari o‘yinchilarga o‘z vaqtida berib boriladi. Biz yangi o‘yinchilar bilan 2 – 2,5 yillik shartnomalar tuzganmiz.

turon7

“Turon”ning Superligada qolishi aniq...mi?

Jamoada qilinayotgan bu o‘zgarishlar avvalo “Turon”ni Superligada saqlab qolishga qaratilgan. Shu bois tarkibning etakchilari saqlab qolindi va ularga bir qator iqtidorli o‘yinchilar qo‘shildi. Klub prezidenti esa “Turon”ni Superligada jon saqlab qolishiga to‘liq ishonch bildiryapti.

- Birinchi davrada ham 100 foiz ishonch bilan harakat qilganmiz, Superligadan tushib ketamiz, degan o‘y-xayol bo‘lmagan va hozir ham. Biz maksimal darajada harakat qilyapmiz. Bilmagan narsalarimizni Superliga orqali o‘rganyapmiz. Qaerdadir xatolarga yo‘l qo‘ydik va bu qilingan xatolar qaytarilmaydi. Klubni bu yil Superligada qolishiga ishonamiz va barqaror o‘yin namoyish etishiga shubhamiz yo‘q, - dedi “Turon” prezidenti.

Fikrlar

Fikr qoldirish uchun avtorizatsiyadan o'ting!