
Turkiya va Rossiya klublari "Navbahor" legioneriga jiddiy qiziqib qoldi
O‘tgan yildan beri “Navbahor” sharafini himoya qilib kelayotgan tojikistonlik pleymeyker Exsoni Panshanbe haqida ko‘plab mutaxassislar juda iliq fikrlar bildirishyapti. 22 yoshli yarim himoyachi “Navbahor”dagi o‘yinlari orqali jamoaning etakchilaridan biriga aylandi. Shu sababli, Tojikiston milliy terma jamoasi futbolchisiga xorijdan juda yaxshi takliflar bo‘layotgani haqida ma’lumotlar bor.
Turkiya Superligasining ikkita klubi – “Konyaspor” hamda “Antalyaspor” anchadan beri “Navbahor” legionerining o‘yinlarini diqqat bilan kuzatib kelgan. Natijada ushbu jamoalar Panshanbega jiddiy qiziqish bildiryapti. Ma’lumot uchun aytish kerakki, yakuniga etgan Turkiya Superligasida “Konyaspor” 50 ochko bilan 11-o‘rinni band etdi. “Antalyaspor” esa 44 ochko bilan 16-pog‘onaga joylashdi. Superligada jami 21 ta jamoa ishtirok etadi.
E’tiborlisi, Exsoni Panshanbega ikkala klub tomonidan qiziqish bo‘layotgani xususida Turkiyaning nufuzli nashrlardan biri “Sabah” futbolchining agenti – Kova Tilavpur tomonidan aytilgan ma’lumotga asosan xabar bermoqda. Ma’lumot uchun shuni qo‘shimcha qilmoqchimizki, futbolchining agenti anchadan beri aynan Turkiyada faoliyat olib bormoqda. Demak, turk matbuoti ham “Navbahor” legionerining Turkiya chempionatiga ko‘chib o‘tishi mumkinligi borasida xabarlar tarqatmoqda. Sports.uz ma’lumotiga qaraganda, “Konyaspor” klubi Panshanbega 100 foizli shartnomani ham taklif qilgan.
Bu hali hammasi emas. Exsoniga turk klublaridan tashqari Rossiya tomonlardan ham “sovchi” yuborilyapti. Gap shundaki, Rossiya premer-ligasi vakili - “Ximki” yangi mavsum oldidan amalga oshirilayotgan selektsiya ishlarida aynan “Navbahor” legioneriga ham e’tibor qaratmoqda. “Ximki” jamoasi bosh murabbiyi tojikistonlik Igor Cherevchenko “Navbahor”dagi hamyurtini o‘z jamoasida ko‘rishni istayotgani haqida ham ma’lumotlar bor. O‘tgan mavsumda “Ximki” 8-o‘rinni egallaganini qo‘shimcha qilish darkor.
Ko‘rib turganingizdek, Panshanbe faoliyatida katta o‘sishga erishish uchun yaxshi imkoniyatga ega bo‘lib turibdi. Ammo shuni unutmaslik kerakki, futbolchi ayni paytda “Navbahor”ga tegishli va hali amaldagi shartnomasi yakuniga etgani yo‘q. Shunday ekan, tojikistonlik yarim himoyachini o‘z safida ko‘rishni istayotgan klublar tabiiyki, “Navbahor” klubi bilan ham muzokaralarga kirishishiga to‘g‘ri keladi. Namanganliklar ham uni osonlikcha qo‘yib yubormasa kerak. Chunki yuqorida aytganimizdek, Panshanbe “Navbahor”da o‘z o‘rniga ega bo‘lgan futbolchilardan biri.
Futbolchining joriy mavsumdagi statistikasiga qarasak, u shu kungacha o‘tkazilgan barcha – 12 ta uchrashuvda “Navbahor” tarkibida to‘p surdi. “Lokomotiv” hamda “Qizilqum” jamoalariga qarshi o‘yinlarda bittadan gol urdi. Shuningdek, Panshanbe ikki marta sariq kartochkaga loyiq ko‘rilgan. Namanganlik muxlislar uchun tojikistonlik legioner juda qadrli o‘yinchilardan biri bo‘lib qolgan. Agar Exsoni taqdir taqozosi bilan klubdan ketadigan bo‘lsa, bu “Navbahor” uchun jiddiy yo‘qotishga aylanishi mumkin.
Umuman olganda, bu o‘yinchi nafaqat “Navbahor”, balki Tojikiston milliy terma jamoasining ham muhim o‘yinchilaridan biri hisoblanadi, bunga shubha yo‘q. U 2016 yildan beri mamlakatning bosh jamoasida to‘p surib kelyapti. Yaqinda jahon chempionati ikkinchi saralash bosqichi doirasida Tojikistonning safarda Yaponiyaga qarshi o‘tkazilgan o‘yinida aynan Exsoni Panshanbe mezbonlar darvozasiga gol urdi. Yakuniy hisob esa 4:1 Yaponiya foydasiga. Shuningdek, Tojikiston milliy terma jamoasining sobiq bosh murabbiyi Usmon Toshev ham Panshanbe haqida juda iliq fikrlarni aytgan holda uning kelajagi porloq ekanligiga ishonishini bildirgan.
Darvoqe, Exsoni “Navbahor”ga kelgunga qadar Tojikiston chempioni – “Istiqlol” jamoasi safida besh mavsumni o‘tkazgan. Xullas, mazkur o‘yinchi borasida shunaqa gaplar. “Navbahor”ning eng yaxshi xaridlaridan biriga aylangan Panshanbe klubdan ketadimi yoki yo‘qmi, buni tez orada bilib olsak ajab emas. Lekin futbolchining o‘zi ham faoliyatini Turkiya yoki Rossiya kabi kuchliroq chempionatlarda o‘tkazishga qarshi bo‘lmasa kerak. Axir bunday imkoniyat doim ham bo‘lavermaydi.
Fikrlar