
Transferlar oynasining so‘nggi kunlarida sodir bo‘layotgan voqealar!
Transferlar oynasining so‘nggi kunlarida har doim kutilmagan voqealar sodir bo‘ladi. Bu safar ham shunday bo‘lish ehtimoli yuqori. Sababi, hali ham o‘z maqsadiga eta olmagan jamoalar mavjud va ular faollikni oshirishgan. Tez orada amalga oshishi mumkin bo‘lgan voqealardan biri Felishning "Barsa"ga o‘tishi bo‘lsa, yana biri Verrattining PSJni tark etishidir. "Manchester Siti" ham hali yangi yarim himoyachi bilan shartnoma imzolamadi. Shuningdek, "Manchester Yunayted" himoyachi sotib olmoqchi.
Joau Feliks - "Basrelona"
O‘tgan qishda "Chelsi"ga ijaraga berilgan vinger bosh murabbiy bilan yana kelisha olgani yo‘q va yana klubni tark etmoqda. 120 million evroga sotib olingani bois "Atletiko" portugalga katta narx qo‘ygan. Shu sababli, ayrim jamoalar uni sotib ololmadi. Ammo kutilmaganda "Barsa" Feliksni o‘z tarkibiga qo‘shib olgisi kelib qoldi. Bu futbolchining o‘zi Kataloniya klubiga o‘tmoqchiligini aytganidan keyin sodir bo‘ldi. Laporta ham 23 yoshli vingerning muxlisi va shu transferni amalga oshirgisi kelib qoldi, lekin boshida Xavi bu qarorni ma’qullamadi. Ayni paytga kelib ispaniyalik mutaxassis ushbu transferga rozi. "Atletiko" bilan kelishuvga erishish biroz qiyinroq. Biroq, "Barsa"ni boshqa narsa ko‘proq tashvishga solmoqda. Klub moliyaviy qoidalarni buzmagan holda, Feliksni o‘z tarkibiga qo‘shib olmoqchi va bunga harakat qilmoqda. Aytgancha, vinger Ispan grandini transferlar oynasining so‘nggi soatigacha kutishga tayyor. Unga Saudiyadan ham jiddiy qiziqishlar mavjud. Agarda Feliks Kataloniyaga yo‘l olmasa, Evropani tark etish ehtimoli yuqori. Transfer tafsilotlari bo‘yicha hali aniq ma’lumotlar yo‘q.
Nunes - "Manchester Siti"
"Shaharliklar" mavsumni ko‘tarinki kayfiyatda boshladi. Ayni paytda APLda Gvardiola shogirdlaridan tashqari hech qaysi klub 9 ochko to‘play olgani yo‘q. Ammo ispaniyalik murabbiy ushbu yozda bitta yarim himoyachi sotib olinishini istaydi. Variantlar orasida Florian Virts, Lukas Paketa kabi futbolchilar bor edi. "Manchester Siti" esa Mateus Nunesni tanladi va bu transferga yaqin kelmoqda. Dastlabki taklif "Vulverxempton" tomonidan rad qilindi. "Bo‘rilar" ko‘proq pul xohladi va manchesterliklar taklifni yaxshiladi. Ular 60 million evro to‘lashga tayyor. Shuningdek, tomonlar o‘rtasida muzokaralar davom etmoqda. Yarim himoyachining o‘zi "Siti" bilan shaxsiy shartlar bo‘yicha kelishuvga erishib bo‘lgan. U hozir jamoa mashg‘ulotlarida qatnashmayapti.
Marko Verratti - "Al-Arabi"
PSJni katta yulduzlar tark etganiga qaramay, klubni yana bir asosiy futbolchi ketish arafasida. Marko Verrattini o‘z tarkibiga qo‘shib olish uchun ayni paytda "Al-Arabi" jiddiy harakat qilmoqda. Shu bilan birga, Qatar klubi bu transfer amalga oshishiga ishonmoqda. Avvalroq, yarim himoyachiga "Al-Hilol" qiziqish bildirgandi. Futbolchi bilan kelishuvga erishib ham bo‘lgandi, lekin parijliklar bilan kelisha olmadi. Shundan so‘ng kurashga Qatar jamoalari qo‘shildi. Frantsiyaning bir qator nashrlari xabar berishicha, "Al-Arabi" 45 million evroli taklif jo‘natdi va PSJning javobini kutmoqda. Verrattining o‘zi faoliyatini Evropadan tashqari davom ettirishga qarshi emas, deya ma’lum qilmoqda insayderlar.
Mark Kukurelya - "Manchester Yunayted"
"Manchester Yunayted" Lyuk Shou jarohat olganidan keyin yangi chap qanot himoyachisi bilan shartnoma imzolashga harakat qilmoqda. Avvalroq, klub radariga Markos Alonso, Serxio Regilon va Nikolas Talyafikolar tushgandi. Ular orasida "Chelsi" a’zosi Mark Kukerelya tanlandi va futbolchi bilan kelishib olindi. "Chelsi" va "qizil iblislar" o‘rtasida muzokaralar davom etadi. "Aristokratlar" Kukerelyaning ijarasi uchun 7 million evro istamoqda, manchesterliklar esa 2 million funt to‘lamoqchi. Agarda tomonlar to‘lov bo‘yicha kelisha olsa, himoyachi ijara asosida "Manchester Yunayted"ga o‘tadi.
Fikrlar