
To‘pni bering, golni ko‘ring!
Zamonaviy futbolda eng murakkab nuqta bu markaziy himoyada to‘p surish. Jahon futbolida yulduz darajasiga ko‘tarilganlarga e’tibor qaratsangiz, ularning aksariyati hujumkor futbolchilardir. Ularning vazifasi aniq – gol urib, jamoasining g‘alabasini ta’minlash. Hujumkor charm to‘p ustalarining mehnati o‘z samarasini darrov yaqqol namoyon qiladi.
Mudofaa vakillarida unday emas. Garchi bir o‘yinda bartaraf etilgan hujumlar soni golli vaziyatlardan bir necha barobar ko‘p bo‘lsa-da, himoyachilarning mahorati ko‘pincha hujumchilar soyasida qolib ketaveradi.
Biroq, futbol olami himoyadagi ishlarini do‘ndirib, gol urishda hujumchilarga o‘rnak bo‘ladigan mudofaa vakillarini ham ko‘rgan. Albatta, bunaqa himoyachilar barmoq bilan sanagulik.
Ana shunday to‘purar himoyachilarni asosan Ispaniya La Ligasida uchratamiz. Yakunlangan mavsumda La Liga g‘olibi - "Real" sardori Serxio Ramos ayrim jamoalar hujumchilaridan ko‘p gol urdi. Xususan, Antuan Grizmann, Kevin Gameyro, Joau Feliks, Karlos Bakka, Aleksandr Isak, Roberto Soldado kabi taniqli hujumchilar ham o‘z vazifasini bajarishda madridliklar himoyachisidan ortda qolib ketdi.
Serxio Ramos yakunlangan mavsumda jami 11 ta gol urdi. Uning primeraning so‘nggi turida “Leganes” darvozasidan joy olgan aniq zarbasi Ramosning klublar miqyosidagi gollari sonini 100 taga etkazdi. Bu himoyachilar orasida eng yaxshi natija. Ramos 2005 yilgacha “Sevilya” sharafini himoya qilgan va 39 ta uchrashuvda ikkita gol urgan.
Shu o‘rinda, “Real”ning sobiq himoyachisi Fernando Yerro faoliyati davomida 105 ta gol urgani ko‘rsatilgan. Lekin u bu gollarning aksariyatini yarim himoyachi ampluasida o‘ynagan o‘yinlarda kiritgan. Himoyaga o‘tganidan keyin raqib darvozasini 51 marta nishonga olishga erishdi.
Serxio Ramosning o‘ziga xos xususiyatlaridan biri u aksariyat gollarni hujumchilar singari o‘yindan uradi. U "Real" tarkibida La Ligadagi 71 ta golidan atigi 14 tasi 11 metrlik nuqtadan kiritgan. Shunday qilib, Serxio Ramosning terma jamoadagi gollarini qo‘shib hisoblaganda umumiy soni 121 taga etdi.
To‘purar himoyachilar reytingida ikkinchi pog‘onadagi Ronald Kuman esa 67 ta golidan 46 tasini penaltidan urgan.
Ispaniya chempionatining eng kuchli to‘purar himoyachilar reytingi bilan tanishing:
Serxio Ramos («Real») — 71 ta gol (14 tasi penaltidan)
Ronald Kuman («Barselona») — 67 ta gol (46 tasi penaltidan)
Fernando Yerro («Real») — 51 ta gol (19 tasi penaltidan)
Roberto Karlos («Real») — 46 ta gol (2 tasi penaltidan)
Pirri («Real») — 45 ta gol (16 tasi penaltidan)
Ko‘rib turganingizdek, to‘purar himoyachilarning deyarli barchasi “Real” vakili va faqatgina Ronald Kuman “Barselona” sharafini himoya qilgan. Bu holat jamoalarning o‘yin uslubiga bog‘liqligini ham ko‘rsatadi. Qolaversa, reytingdagi himoyachilardan faqatgina Serxio Ramos futbolchilik faoliyatini davom ettirmoqda va buyog‘iga uning har bir goli yangi rekord sifatida qayd etilaveradi.
Fikrlar