
Tokio Olimpiadasida koronavirusga necha bor test topshirilishi ma’lum qilindi
"Tokio-2020" Tashkiliy qo‘mitasi va Xalqaro olimpiya qo‘mitasi tomonidan tayyorlangan COVID-xavfsizlik qo‘llanmasi chiqarildi.
Unda Olimpiya o‘yinlari ishtirokchilari Yaponiyaga yo‘l olishdan kamida 72 soat oldin test topshirishlari zarur ekanligi ko‘rsatilgan. Olimpiadada bo‘lgan paytlari esa, eng kamida uch marta test topshirishlari kerak bo‘ladi. Shuningdek, O‘yinlarda rasmiy shaxslar qaysi vazifani bajarishiga qarab, Olimpiada davomida muntazam test topshirishlari ham talab qilinishi mumkin.
Shuningdek, niqoblardan foydalanishda Butunjahon sog‘liqni saqlash tashkiloti tavsiyalariga amal qilishga da’vat qilindi. O‘yinlar ishtirokchilari Yaponiyada bo‘lishlari davomida niqoblari etarli bo‘lishiga ishonch hosil qilishlari kerak, chunki buning uchun ularning o‘zlari mas’uldirlar. Niqoblar eng kamida ikki qatlamli, yaxshisi – uch qatlamli bo‘lishi lozim.
Ushbu Qo‘llanma nashrning birinchi tahriri bo‘lib, u muntazam ravishda yangilanib borilishi rejalashtirilgan.
Fikrlar