Tokio-2020 chiptalarini endi Toshkentdan xarid qilishingiz mumkin

  • 7 fevral, 2020, 16:01
  • Baxtiyorjon Toshtemirov
  • 0
  • Olimpizm
CHERY AUTO

Ma’lumki, ayni paytda O‘zbekiston Milliy olimpiya qo‘mitasi hamda Jismoniy tarbiya va sport vazirligi tomonidan yaqinlashib kelayotgan Tokio Olimpiadasiga katta tayyorgarlik ishlari olib borilmoqda. Bugun “Humo arena” muz saroyida Tokio-2020 yozgi Olimpiya va Paralimpiya o‘yinlarida O‘zbekiston sport delegatsiyasini qo‘llab-quvvatlash uchun muxlislar guruhini shakllantirish va ularni turistik yo‘llanmalar bilan ta’minlash bo‘yicha shtabning ochilish marosimi va mazkur tadbirga bag‘ishlangan matbuot-anjumani bo‘lib o‘tdi. Mazkur ofis orqali yurtimizdagi sport ishqibozlari Tokio-2020 Olimpiya va Paralimpiya o‘yinlariga chiptalarni buyurtma qilishlari va sotib olishlari mumkin bo‘ladi. Mazkur ofisning tantanali ochilish marosimida MOQ prezidenti Rustam Shoabdurahmonov, Yaponiyaning O‘zbekistondagi elchixonasi vakili Atsushi Suda, Turizmni rivojlantirish davlat qo‘mitasi rahbarining o‘rinbosari Ulug‘bek A’zamov, Jismoniy tarbiya va sport vazirligi vakillari, Respublikamizdagi etakchi sayyohlik komaniyalari, katta sport jamoatchiligi va OAV xodimlari ishtirok etishdi.

Tecno

Yana bir ahamiyatli jihati, O‘zbekiston Respublikasi Turizmni rivojlantirish davlat qo‘mitasi bilan xamkorlikda Tokioga safarlarni tashkil etish ishlariga «Radiuss Travel», «Asia Tour Elite», «Mega Tour» va «Trip Group» kabi yurtimizdagi etakchi sayyohlik kompaniyalari jalb etilgan. E’tiborlisi, bugungi tadbirning o‘zida Shahnoza Rahimova mazkur ofisning dastlabki mijoziga aylandi.

Biz oilamiz bilan sportga qiziqamiz. Rioda o‘tgan Olimpiada uchun O‘zbekistonda bunday imkoniyatlar yaratilmagani bois Braziliyaga bora olmagan edik. Mana endi yaratilgan bunday fursatdan unumli foydalanib, oilamiz uchun 4 kishilik paket sotib oldim. Oilamiz bilan suzish, boks, qilichbozlik va tennis musobaqalarini ko‘rishni xohlaymiz. Muxlislar uchun bunday imkoniyat yaratib bergan tashkilotchilarga o‘z minnatdorchiligimni bildirib qolaman”, – dedi Shahnoza Rahimova.

Ofisning tantanali ochilish marosimi yakunlangach mazkur loyihada faoliyat olib boradigan sayyohlik kompaniyalarining mutasaddilari va jurnalistlar uchun matbuot-anjumani bo‘lib o‘tdi.

Dastlabki rejamizga ko‘ra mazkur paket 380 kishiga mo‘ljallangan. Agar talab yanada ortib borsa, biz buni 600 kishigacha ko‘paytira olamiz. Har bir paketimiz 7 kunga mo‘ljallangan bo‘lib, uning ichida muxlislarimiz istagan 4 ta sport turi uchun chiptalar, Toshkent-Tokio-Toshkent yo‘nalishi bo‘yicha aviachipta va aeroport-mehmonxona yo‘nalishlari bo‘yicha transport, 7 kunlik yashash, nonushta, viza harajatlarini o‘z ichiga oladi. Shuningdek, mijozlarimizga o‘zlari uchun qulay vaqtda Tokio shahri va uning atrofidagi diqqatga sazovor joylari bo‘ylab sayyohlik turlari tashkil qilinadi. O‘ylaymanki, bu 4 yilda 1 marotaba bo‘ladigan Olimpiya o‘yinlarini tomosha qilish uchun eng qulay imkoniyatlardan biri”, – dedi “Asia Tour Elite” sayyohlik kompaniyasi rahbari Akmal Qosimov.

Ta’kidlash joiz, O‘zbekiston Milliy olimpiya qo‘mitasining maqsadi yozgi Olimpiya o‘yinlarida, xususan, yaqinlashib kelayotgan Tokio Olimpiadasida ko‘p sonli o‘zbek muxlislarining ham ishtirokini ta’minlashdir. Shuningdek, Yaponiyadagi Olimpiya o‘yinlari mobaynida Tokio shahrida “O‘zbekiston kunlari” madaniy tadbirlarini ham o‘tkazish rejalashtirilgan. Tokio Olimpiadasiga tayyorgarlik doirasida ilk bor O‘zbekistondan tashrif buyuradigan muxlislar jamoasini shakllantirish ham ko‘zda tutilgan.

Fikrlar

Fikr qoldirish uchun avtorizatsiyadan o'ting!