Timur Kapadze Olimpiada masalasi hal qilinganidan so‘ng: "Endi yurtimizga kubok va oltin medallar bilan qaytish niyatidamiz!"

  • 30 aprel, 2024, 15:07
  • 4
  • Futbol
CHERY AUTO

Kecha  O‘zbekiston U-23 terma jamoamiz Qatar maydonlarida o‘tayotgan qit’a musobaqasining yarim finalida Indoneziya termasini 2:0 hisobida mag‘lub etdi. Vakillarimizni Olimpiadaga olib chiqqan bahsdan so‘ng matbuot anjumani bo‘lib o‘tdi. Unda terma jamoamiz bosh murabbiyi Timur Kapadze quyilagilarni aytdi:

Tecno

"Assalomu alaykum, hammaga. Butun xalq bizning g‘alabamizni kutib turgandi va biz buni sezdik. Finalga chiqqanimizni Prezidentimiz, xalqimiz, millatimizga bag‘ishlaymiz! 

Maqsadimizga, niyatimizga erishdik. Bitta qadam qo‘ydik, ikkinchi qadamimiz finalda bo‘ladi Xudo xohlasa. Ushbu o‘yinga ham yaxshi tayyorgarlik ko‘rib, kerakli natijani qo‘lga kiritamiz. Inshaalloh, hammasi biz o‘ylagandek bo‘ldi, muxlislar oldida ham yuzimiz yorug‘ bo‘ldi. 

Endi yurtimizga kubok va oltin medallar bilan qaytish niyatidamiz. Niyatimiz xolis edi, bu uchun ko‘p yil tayyorgarlik ko‘rgandik. Xudoga shukr, barchasini ijobiy bajara oldik. 

To‘g‘ri, yigitlarni ancha vaqt tayyorlab keldik. O‘rtada "Olimpik" loyihasi vujudga keldi va shu bilan yo‘lga chiqdik. Ancha mehnat qildik, qiyinchiliklar ham bo‘ldi. Ammo ishlashdan to‘xtamadik, tayyorlanishda davom etdik. 

Bundan tashqari, biz ikkita katta musobaqada ishtirok etdik. Osiyo kubogi, Osiyo o‘yinlarida munosib ishtirok etdik. Yigitlardan minnatdorman, xalqimiz va Prezidentimiz bildirgan ishonchni oqlay oldik, menimcha. Bundan xursandmiz va yordam bergan barchaga o‘z minnatdorchiligimni bildirib qolaman.

Ko‘rganingizdek, Indoneziya bilan bahsda ustunlik bizning tarafda bo‘ldi. Gol urishda qiynaldik, vaziyatlardan foydalana olmadik. O‘ylashimcha, bu bosim natijasida bo‘ldi. Agar bosim bo‘lmaganda, futbolchilarim yana bir nechta gol urgan bo‘lardi. 

Yigitlarga bahsdan avval ham bu narsa bo‘lmasligi haqida aytgandim. Raqibning qarshi hujumlarda xavfli ekanini bilardik, ammo ularga imkon bermadik. 

Yaxshi darajadagi tarkib va yigitlarning barchasi ishonchni oqlay olgani uchun rotatsiya qilishdan qo‘rqmadik. Taqvim zich edi, shu sababdan o‘zgarishlar qilishimiz kerak edi. Terma jamoa shunaqa bo‘lishi kerak, 23 ta futbolchi yig‘ildimi, ularning barchasiga imkon berilishi kerak. O‘ylaymanki, ularning barchasi ijobiy xulosa qoldirgani bizning eng katta yutug‘imiz bo‘ldi. 

Hozir futbol faqat 11 kishidan iborat emas, sizning zaxirangiz ham birdek ishonchli va kuchli bo‘lishi lozim. Muhimi, biz o‘yinlarimizda g‘alaba qozonishga muvaffaq bo‘ldik", - dedi mutaxassis.

 

Fikrlar

Fikr qoldirish uchun avtorizatsiyadan o'ting!
Абдухаликов Мухаммад
30/04/2024 15:26
Балли Темур сенинг командангдан олтин медаллар кутамиз
Qurbonov Orifjon
30/04/2024 16:01
Фақат Абдурахматов жуда бўш ўйнади.Хошимов тўпни кўп қизғанди.
Қолганлар аъло.
&
Musajon
30/04/2024 15:57
Темур Копадзе бошчилигидаги О.Т.Ж футболчилари ва техник ходимларни ва Ўзбекистон Халқини олимпиада йўлланмаси билан табриклайман.Япония билан бўладиган финал ўйинида хам ҒАЛАБАга эришасизлар деб сизларга ишонч билдирамиз!!!
. Oxunjon
30/04/2024 15:27
маладси Кападзе зўр таёрлабди болларни финалда ҳам омад ёр бўлсин