"Terma jamoamizda futbol tibbiyoti Kupergacha abgor ahvolda edi" - MTJning bosh shifokori Abror Pirriev endi nega kerak bo‘lmay qoldi?

  • 6 oktabr, 2021, 06:40
  • Shuhratbek Jo’rayev
  • 0
  • Futbol
CHERY AUTO

Yurtimizda ko‘zga ko‘ringan ko‘plab futbol kishilarini bilamiz. Ularning orasida Abror Pirriev ham bor. Ushbu shifokor o‘z ishining ustasi sifatida doim yaxshi taasurot qoldirib keladi.

Tecno

Futbolda tibbiyotning o‘rni benihoya katta ekanligini barchamiz bilamiz. Shuning uchun ham futbol shifokorlarining qadri baland. Ular doim o‘yinchilarning sog‘ligi haqida qayg‘uradilar.

Abror Pirrievni nafaqat etuk shifokor, balki serqirra inson sifatida tanilgan. U uzoq yillar mobaynida O‘zbekiston milliy terma jamoasida bosh shifokor bo‘lib ishlab keldi. Ammo bosh murabbiylikka Srechko Katanets kelgach, negadir Pirriev u erda ko‘rinmay qoldi. Aynan shu sababli tufayli u bilan suhbatlashishni lozim topdik. O‘z o‘rnida “Lokomotiv” shifokori Sports.uz muxbirining taklifini rad etmadi.

- Abror aka, sizni ancha yillardan beri bilamiz, aniqrog‘i "Mash’al"da faoliyat olib borgan paytlaringizdan. Adashmasam, o‘sha vaqtlarda siz o‘z kasbingiz bo‘yicha Ukrainada ham o‘qib kelgandingiz. Shifokorlikka yoshlikdan qiziqqanmisiz, bunga nima turtki bergan? Umuman olganda, o‘zingizni futbolchi sifatida ham sira tasavvur qilganmisiz?!

- Taqdir-ki, avvalboshidan faoliyatim faqat sport tibbiyoti sohasi bilan bog‘lanib kelmoqda. To‘g‘ri, Ukrainada “UEFA” litsenziyasini olish uchun uzoqroq o‘qidim, ammo shu qatorda Yaratganning inoyati ila yaxshi insonlar ko‘magida Qatar, Germaniya, Rossiya, Gonkong, Tailand, Hindiston, Malayziya kabi o‘nga yaqin mamlakatda aynan futbol tibbiyoti bo‘yicha malakani oshirdim. Xudoga shukr, mana qariyb o‘n etti yildir-ki, shu sohada xizmat qilib kelmoqdaman.

Yoshlikdan ko‘p sohalarga qiziqqanman, shu jumladan shifokorlikka ham. Fizika-matematikaga ixtisoslashgan litseyning so‘nggi sinflarida diplomatiya yoki xalqaro jurnalistika sohasini mo‘ljal olganman. Chunki tarix, siyosat, matematika, adabiyot, falakiyotni yaxshi ko‘rardim. Shu bilan birga yoshlikda juda ko‘p sarguzasht kitoblar o‘qishni yoqtirardim va dunyo bo‘ylab sayohat qilish eng katta orzum edi. Orzularim ro‘yobi padari buzrukvorimning duosi bilan ota kasbi – shifokorlikda mujassam ekanligini ko‘nglimga tukkan Allohga hamdlar bo‘lsin.

Sport borasida esa yoshlikdan basketbol, tennis va shaxmatga qiziqardim. Barcha bolalar qatori ko‘chada koptok tepib yurardim, ammo o‘zimni futbolchi sifatida hech tasavvur qilmaganman.

abror4

- Shu bilan birga siz uzoq vaqt milliy terma jamoamiz bosh shifokori sifatida ham ishlab keldingiz. Biroq Katanets kelgach, o‘rningizda boshqa shifokor ishlayotganini ko‘rdik. Aslida nimalar ro‘y berdi?

- Hech nima ro‘y bergani yo‘q, shunchaki chaqirishmadi xolos (kuladi). Bilishimcha, Katanets kelishi tayin bo‘lib, unga mahalliy murabbiylardan ko‘makchi qilib Ravshan Haydarov belgilangach, u o‘zi bilan U-23 jamoasida birga ishlagan tibbiy shtabini olib kelishga qaror qilgan. Boshqalar ma’qullashgan. Katanets men yoki hozirgi shifokor haqida qaerdan bilsin? Kuperga o‘xshab qiziqqani nomzodlar bilan suhbat quradi, kimgadir esa ko‘rsatishgani ham bo‘laveradi. Bu ularning tanlovi: hurmat qilamiz va omad tilaymiz. Imkoniyatdan foydalanib, termadagi faoliyatim mobaynida menga ishonch bildirgan va qo‘llab-quvvatlagan barcha-barchaga tashakkurimni aytib qolmoqchi edim.

- Bungacha terma jamoada sharoit qanday edi? Masalan, vitaminizatsiya, tibbiy muolajalar uchun sizlarga barcha imkoniyat va sharoitlar muhayyo qilinardimi? Yoki siz aytadigan jiddiy kamchilik bormi?

- Terma jamoada futbol tibbiyoti Kupergacha abgor ahvolda edi. Kuper kelishi bilan vitaminizatsiya, tibbiy davolash anjomlari, profilaktik bog‘lov materiallari, xullas barchasi yangi va zamonaviy pog‘onaga ko‘tarildi. Ilgari ham etarli imkoniyat bo‘lgan, ammo har qancha so‘ramang, bunga e’tibor qaratilmagan. Kuper esa shifokorni jamoada o‘zidan keyingi shaxs, tibbiy shtab faoliyatini esa bevosita natijaga ta’sir qiluvchi omil sifatida ko‘rardi. Shunga yarasha mutasaddilardan tibbiy shtab uchun zarur barcha sharoitni muhayyo qilishlarini talab qilardi va nazorat qilardi; ammo hech qachon ishimizga aralashmasdi. U haqiqiy professional edi va boshqalardan ham shuni talab qilardi. Kuperdan keyin ham tibbiy ta’minot o‘sha darajada anchagacha ushlab qolindi. Hozir bilmadim, chunki jarayonning ichida emasman.

abror1

- Terma jamoadagi faoliyatingiz davomidagi ish jarayonida qaysi murabbiy bilan ishlash siz uchun og‘ir kechgan? Masalan, injiqligi, qaysarligi vahokazo...

- Barchasi bilan yaxshi ishlaganmiz. Chunki, birinchidan, o‘z sevimli ishim bilan shug‘ullanganman, qolaversa, barcha murabbiyga o‘z ishingizni qoyilmaqom qilib qo‘ysangiz bo‘ldi.

- Abror aka, bugungi kundagi o‘zbek sportining tibbiyoti qay darajada? Masalan, chempionatimizdagi shifokorlar o‘z vazifalarini qanchalik ado etyaptilar? Shunday xabarlarni eshitamanki, boshqa klublarning futbolchilari davolanish uchun sizga murojaat qilisharkan....

- Sport tibbiyotidagi asosiy muammo kadrlar – mutaxassis muammosidir. Afsuski, hali ham sportchi organizmiga oddiy insonlarnikidek qaraydigan, har bir sport turidagi sportchi organizmida kechadigan jarayonlardagi o‘ziga xos jihatlarning mohiyatini tushunmay faoliyat yuritayotgan shifokorlar anchagina. Chempionatimiz misolida esa, futboldagi shifokorlarimiz baholi qudrat mehnat qilib kelmoqda. Bu masalada shuni aytish kerak-ki, ular faoliyati uchun ko‘proq zarur sharoitlarni yaratib, o‘z ustida ishlashlari uchun imkoniyat berish kerak. Qolaversa, klub va futbol mutasaddilari ularga etarli e’tibor qaratishlari kerak. Oddiygina misol: yurtimizda pandemiya davom etmoqda. Shu davrda klub shifokorlari jamoa sog‘ligi uchun ozmuncha ter to‘kishdimi!? Ammo futbolimizdagi yil yaxshilari orasida birorta shifokorni ko‘rmaysiz. Murabbiy, futbolchi, hakam, muxlis (muxlissiz o‘tgan chempionatda ham), faqat shifokor yo‘q. Go‘yo bizning futbol tibbiyotdan holi. Faqat legioner murabbiylar ishlaganda bu e’tibor seziladi xolos.

Ikkinchi masala. To‘g‘ri, menga boshqa klublardan ham futbolchilar murojaat qilishadi. Ammo bu o‘sha jamoa shifokori uchun haqorat emas. Jiddiy jarohatlarda maslahat ortiqchalik qilmaydi. Zarur hollarda o‘zim ham maslahatlashaman. Qolaversa, futbolchilar gohida o‘z shifokoriga bildirmay, qo‘shimcha mutaxassislar maslahatini ham olishga harakat qilishadi. Ammo muammo boshqa tomonda – mutaxassis. Yomon tomoni yosh shifokorlarni shu ishga jalb qila olmayapmiz.

abror5

Men sizga bir narsani aytaman. Juda ko‘p jamoa mutasaddilari menga yaxshi sport shifokori topib berish masalasida murojaat qilishadi. Bir necha yoshlarni futbol tibbiyoti sohasida tarbiyalamoqchi bo‘ldim, ko‘maklashaman dedim, ishlashni taklif qildim. Muammo shunda-ki, hozirgi yoshlar kelaturib mablag‘ so‘raydi. O‘rganish, ilm izlash emas, asosiysi pul va hech biri Toshkentdan nari chiqishni istamaydi. Bunaqa bo‘lmaydi, axir. O‘zimiz ham avvaliga 5 yil vohada ishlab kelganmiz.

Biroz oldinga o‘tib sizga bir narsani aytmoqchiman. Hozir yana shu ishga qayta qo‘l urmoqchiman. Faqat boshqacha ko‘rinishda. Yaqinda telegramm sahifam orqali e’lon qilib, konkurs asosida iqtidorli yosh shifokorlarni tanlab, ularga nazariy bilim va amaliy ko‘nikmalar berib, so‘ngra viloyatlarimizdagi turli jamoalariga oylik olib ishlash asnosida malaka oshirtirib, yaxshi kadrlar tayyorlashni niyat qilib qo‘yganman. Buni puxta o‘ylab, amalga oshirib, shogird tayyorlab, biroz bo‘lsa ham futbol tibbiyotidagi kadrlar etishmovchiligi muammosini echishda ko‘maklashish maqsadim bor.

- Siz telegram tarmog‘ida shaxsiy kanalingizga egasiz va u erda terma jamoa hamda klub hayotiga doir qiziqarli voqealarni, shu bilan birga sohangizga oid kerakli maslahatlarni ham yozasiz. Bunday ishga qo‘l urishingizga kim yoki nima turtki bo‘lgan?

- Ko‘pchilik maslahat so‘rab, menga turli savollar bilan murojaat qilishadi. Juda ko‘p savollar takrorlanadi va bir xil javobni ko‘p bora aytishimga to‘g‘ri keladi va vaqt yo‘qotaman. Shu sababli, barcha mavzulardagi maslahatlarni ketma-ket berib borishni, bu orqali foydam tegishi mumkinligini o‘ylab, ularni mujassamlashtirishni niyat qilgandim. Bu niyatim Davron Fayziev maslahati va ko‘magida, telegram sahifa ochish bilan amalga oshdi.

abror

- Shuningdek, Mikael Sekeyra bilan bog‘liq qiziqarli voqealar ham ko‘pchilikni qiziqtiryapti. Uni yaqindan bilasiz va yaxshi taniysiz. U qanday inson?

- Ajoyib inson! O‘z ishining professionali. Ishiga qunt va mehr ila yondashadi hamda atrofidagilardan ham shuni talab qiladigan mutaxassis. Futbol tashqarisida ham ajoyib do‘st va dilkash suhbatdosh. Bunday mutaxassislar har qanday klub uchun noyob topilma! U butun jamoaga ko‘p narsada o‘rnak bo‘la oldi va ancha narsani o‘rgatdi deb o‘ylayman. Shunday murabbiy bilan birga ishlayotganimdan xursandman.

Mavridi kelgan aytay. Terma jamoa yig‘inlariga jalb qilinmayotganimdan eng mamnun odam Sekeyra. (kuladi). U bot-bot menga: Doktor, ko‘nglingizga olmang-u, termaga chaqirilmayotganingizdan ich-ichimdan xursandman. Siz bo‘lmasangiz jamoa nimasinidir yo‘qotganday, shtabimning yarmi yo‘qday tuyulaverardi. Xudoga shukr, endi doim yonimizdasiz. – deb qo‘yadi xursand jilmayib.

- Ishingiz yuzasidan hayotingizdagi eng qiziq voqeani aytib bera olasizmi?

- Uch-to‘rt yil avval “Nasaf” bilan o‘ynash uchun Qarshiga ketayotib tibbiy jomadonimni unutib qoldirganman. Poezdda Samarqandga etganda, nimadir kerak bo‘lib bilib qolganman. Yaxshi, manzilga borishga qadar hamkasblarim menga anjomlari bilan sumka tayyorlab qo‘yishgandi.

abror2

- Darvoqe, siz kitob ham nashrdan chiqardingiz. Buni effekti qanday ko‘rinish berdi? Bunga qo‘l urishga nima sabab bo‘lgandi?

- Bilasiz, juda ko‘p mamalakatlarda safarda bo‘lamiz. Sayohat va tarixga qiziqqanim uchun borar manzilimizdagi e’tiborga loyiq joylarga, jamoa kun tartibini buzmagan holda albatta, imkon qadar borishga harakat qilaman. Men ularni boshqacha nazar, e’tibor va qiziqish bilan kuzataman va bundan olam-olam zavq-shavq, taassurot olaman. Buning ustiga jamoada ham juda ko‘p qiziqarli voqea-hodisalar ro‘y berib turadi. Shularni muxlislarga, kitob ixlosmandlariga etkazish niyatim bor edi. Pandemiya davrida ortiqcha vaqt paydo bo‘ldi va bundan foydalanib kitob yozishni boshladim. Ikkitasi chop etildi, bittasi nashrga tayyor va yana biri ishlov jarayonida. Kitobim endi chiqqanda juda ko‘pchilik kelib o‘zimdan olib ketishgan. Kitob do‘konlariga ham tarqatganman, ammo bundan manfaat ko‘rish niyatim bo‘lmagan, shuning uchun qaysi viloyatga jamoa tarkibida bormay, kitoblarimni muxlis va mutolaa ixlosmandlariga tekin taqatishga harakat qilaman.

- Sizga sira xorij klublaridan ham takliflar bo‘lganmi?

- Ha bo‘lgan. Kuvayt va Iordaniya jamoalaridan. To‘g‘rirog‘i, chet eldagi o‘qishlarda qadrdon bo‘lib qolgan hamkasblarim o‘z yoniga yoki o‘rniga tavsiya qilishgan. OFK tashkiloti musobaqalarda tibbiy komissarlik bo‘yicha ko‘p bora taklif qilgan. Ham klub, ham termadagi tig‘iz faoliyatim sabab rad etganman. Balki, endi buning mavridi kelgandir. Vaqt ko‘rsatadi...

 

Fikrlar

Fikr qoldirish uchun avtorizatsiyadan o'ting!