"Taklif ko‘pligidan qay birini tanlashni bilmay turibman". Temurxo‘ja Abduxoliqovga qaysi klublar qiziqyapti?

  • 17 dekabr, 2021, 20:15
  • Shuhratbek Jo’rayev
  • 0
  • Futbol
CHERY AUTO

“Lokomotiv” hujumchisi Temurxo‘ja Abduxoliqovning bozori chaqqon. Boisi, gol urishni yoqtiradigan futbolchiga qiziqarli takliflar tushyapti. “Loko” ham uni qo‘yib yuborgisi kelmayapti. Abduxoliqov Sports.uz muxbiri bilan suhbatda ko‘p masalalarga oydinlik kiritdi.

Tecno

- 2021 yilgi futbol mavsumi siz uchun doimgidek ruhda o‘tdimi yoki faoliyatingizda bu safargisi nimasi bilandir farq qildimi?

- Farq qilmadi. Bu yilgi vazifani bajara olmadik. Men uchun farqi bo‘lmadi. Doimgidek, sovrindorlar qatoridan joy olishni istagandik. Umuman qoniqarsiz o‘tdi.

- Sekeyrani qay darajada tushundik, deb ayta olasiz?

- U biz uchun yangi murabbiy edi. Boshqa yurtga kelib ishlaydigan har qanday murabbiyga birinchi yili qiyin bo‘ladi. Masalan, Mikael Sekeyra O‘zbekistonga ilk bor kelgandi. Biz futbolchilar ham uning qo‘li ostida birinchi marta o‘ynadik. Dastlabki mavsumida barqaror o‘yin ko‘rsatish qiyin. Ikkinchi yilida natijalar yaxshiroq bo‘lardi. U “Lokomotiv”da qolganida yaxshiroq bo‘lardi, ammo qolmadi. Debyut mavsumida istalgan jamoa bilan shunday natija bo‘lishi tabiiy. Bunday holatni Evropada ham ko‘ryapmiz. Birinchi yil ishlagan murabbiylardan kamdan-kami nimadir yutishi mumkin. Bu moslashish yili bo‘ladi. Biz portugaliyalik murabbiy boshchiligida yaxshi o‘yin ko‘rsatdik. Faqat ko‘p vaziyatlarda ochko yo‘qotdik.

abduxolikov1

- Bu murabbiy ko‘proq nimasi bilan sizga yoqdi?

- Yangi taktika olib kirdi. Portugaliya futbolida foydalaniladigan uslubni joriy etdi. Asta-sekin uning taktikasiga moslashgandik. Sekeyra taktik jihatdan juda kuchli ekan. Bu ko‘p o‘yinlarda yaqqol bilindi. Ayniqsa, birinchi bo‘limdan keyin taktikada burilishlar qila oldi va ikkinchi bo‘limda boshqacha o‘yin ko‘rsatdik. Tanaffus vaqtida kerakli ko‘rsatmalarni, o‘zgarishlarni amalga oshirib, taktika bo‘yicha tegishli qo‘llanmalarni berardi va shu bilan o‘yinni o‘zgartirardi.

- Sekeyraning ketganidan xafamisiz?

- Qolsa yaxshi bo‘lardi. Hammaning qarorini hurmat qilish kerak. Shu jumladan, uning qarorini ham. Albatta, qolganida “Lokomotiv”ga yaxshi bo‘lardi.

- “Lokomotiv”ga Denis Korostichenko bosh murabbiy sifatida e’lon qilindi. Bu tayinlovga qanday munosabat bildirasiz? Kutganmisiz?

- Bunday bo‘lishini oldinroq bilganman. Yosh murabbiy. Yoshlarga imkoniyat beryapti, bu to‘g‘ri. Anchadan beri bir-birimizni bilamiz. Yaxshi va umidli murabbiylardan biri. Unga omad tilayman.

abduxolikov_1

- Uch yildan beri chempionatimizda Dragan Cheran to‘purar bo‘lyapti. Siz ham bu borada kurashdingiz va birinchi o‘ringa bir nechta gol etmay qoldi. Cheranning uch mavsumdan beri eng yaxshi to‘purarlikni o‘zida saqlab kelayotgani nima bilan bog‘liq yoki bizda yaxshi hujumchilar etishmaydimi?

- Cheran kuchli bo‘lgani uchun ham uch yildan beri to‘purarlar poygasida birinchi o‘rinni olyapti. O‘zbek hujumchilarida muammo bor, deb o‘ylamayman. Bizda har doim – oldin ham bo‘lgan, hozir ham va keyin ham bo‘ladi. O‘zbek futboli hech qachon hujumchisiz qolib ketmagan. Faqat joy-joyiga qo‘yishni bilish kerak. Shaxsan o‘zimga kelsak, yil boshida futbol o‘ynamoqchi emasdim. Meni ishontirishdi. Yana o‘ynashni boshladim. Bu bahona bo‘la olmaydi. Lekin men mavsumga to‘liq tayyorlanmadim. Shunisiga ham shukr qilaman. To‘purarlar ro‘yxatida yuqori o‘rinlarda yurishning o‘zi oson emas. Dragan uch yildan beri to‘purar bo‘lyapti, unga qoyil. Demak, boshqalardan kuchli. O‘zi ham kuchli klubda o‘ynayapti va tajribasini ko‘rsatyapti. Cheran chempionatning yaxshi o‘yinchisi.

- Keyingi rejangiz bizga qiziq. Negaki, oxirgi paytlarda siz haqingizda turli gap-so‘zlarni eshityapmiz. Bu eshitayotganlarimiz rostmi?

- Takliflar ko‘p. O‘ylayapman, bir qarorga kelganim yo‘q. Ko‘ramiz.

abduxolikov2_1

- “Lokomotiv”ni tark etdingizmi?

- Yo‘q. Hali ketmadim. Taklif ko‘pligi uchun bosh og‘riyapti. Qaysi birini tanlashni bilmay turibman.

- “Lokomotiv” sizga yangi shartnoma taklif qildimi?

- Ha, taklif qilgan. Bu klub bilan shartnomam hali tugamadi, shu oy oxirigacha.

- Chetdan ham variantlaringiz bormi?

- Chetdan ikkita chiqdi. Superligadan 5-6 ta klubdan bor.

abduxolikov3

- Xorijdan qaysi mamlakatlar?

- Tailand bilan Qatardan. Moliyaviy taraflama kelisha olmadik. Balki chetdan yana boshqa takliflar chiqib qolar.

- Superligamizda qaysi klublar qiziqyapti?

- Sir emas. “Qizilqum”, “Nasaf”, “Metallurg” va boshqalar.

- Qanday jamoada to‘p surishni orzu qilyapsiz?

- Orzuimdagi taklif O‘zbekistondan emas-da (kuladi). Qaerda bo‘lsam ham yaxshi shakllangan va yuqori maqsadlarni qo‘ygan jamoada o‘ynamoqchiman. Ikki tomon o‘zaro kelishuvga erishishi kerak. Hammasi yaxshilikka.

abduxolikov5

- “Nasaf” sizni qanchalik qiziqtiryapti? Har holda Osiyo Chempionlar ligasi saralashida o‘ynaydi, maqsadi ham jiddiy...

- Ha, bu taklif ham qiziq. “Nasaf” yaxshi jamoa, shakllangan. Osiyo Chempionlar ligasida o‘ynaydi, kamida OFK kubogida. Ular ham meni istashyapti. Anchadan beri chaqirishadi. Klub yaxshi murabbiyga va o‘yin uslubiga ega. Menga yoqyapti. Faqat minus tarafi oila a’zolarimdan uzoqda bo‘laman. Meni ham “Nasaf”da o‘ynagim keladi. Muxlislari ashaddiy, qoyil qolaman. To‘g‘ri, ko‘p bora o‘yin paytida ularni xafa qilganmiz. O‘shanda ham qarshiliklarning muxlislik madaniyati yaxshi taassurot qoldirgan.

- Masalan, oilangizni Qarshiga olib kelsangiz bo‘lmaydimi?

- Uyda ota-onam va buvim bor. Baribir odam-odamga g‘animat. “Nasaf”ga o‘tishimning plyus va minuslarini aytyapman.

- Lekin sizni “Qizilqum” bilan kelishib qo‘yganingiz haqida gap-so‘zlar bor...

- Og‘zaki kelishuvlar davom etyapti. Balki rostdan kelisha olsak, “Qizilqum”ga o‘tarman. Klubning o‘z ambitsiyalari va mening talablarim bo‘yicha kelishsak, o‘sha erda o‘ynashim ham mumkin. Yangi top-klub qilamiz, sovrinli o‘rinlar uchun kurashamiz deyishyapti. Minimum vazifa chempionlar ligasiga chiqish ekan.

abduxolikov4

- Uydagilar bilan maslahat qilayotgandirsiz, ularning fikri qanday?

- Ular uyda qolsang yaxshi deyishyapti. Lekin o‘zing hal qil, deb maslahat berishyapti. Oldin har kuni mashg‘ulot o‘tab to‘g‘ri uyga kelardim. Buvim ham bor, umri uzoq bo‘lsin. Faqat takliflar bo‘yicha boshim qotgan. Bir hisobda “Lokomotiv” ham uyim bo‘lgan, bu klubni tashlab ketishga unchalik ko‘zim qiymayapti. O‘zi hadeb yangiliklar qilishga xohishim yo‘q. Misol uchun, yangi telefon chiqsa darhol almashtirib yubormayman, eskisini ishlatib yuraveraman.

- Qachon uzil-kesil bir qarorga kelasiz?

- Bilmayman. Balki erta-indin yoki yangi yildan keyin. Hamma narsa bo‘lishi mumkin.   

 

Fikrlar

Fikr qoldirish uchun avtorizatsiyadan o'ting!