Supernokautchi Bektemir bugun tunda jang qiladi!

  • 30 oktabr, 2020, 07:25
  • Zohir Toshxo’jayev
  • 2
  • Boks
CHERY AUTO

Toshkent vaqti bilan 30 oktyabrdan 31 oktyabrga o‘tar kechasi AQShning Indio  shahrida Bektemir Meliqo‘ziev professional ringdagi oltinchi jangini o‘tkazadi.

Tecno

Bu gal o‘zbekistonlik charm qo‘lqop ustasi meksikalik nokautchi Alan Kampa bilan vakant bo‘lgan World Boxing Organisation Inter-Continental chempionlik kamari uchun ringga chiqadi. Jang o‘n raund qilib belgilangan.

28 yoshli Alan Kampa professional ringda 22 marta jang o‘tkazib, katta tajriba to‘plagan. U o‘zi g‘alaba bilan yakunlagan 17 ta jangdan 11 tasida raqiblarini nokautga uchratgan. Besh marotaba mag‘lubiyat alamini tatib ko‘rgan. Xolis aytganda, meksikalik pancher beshta mag‘lubiyatidan to‘rttasini engilmas bokschilar – Sergey Derevyanchenko, Jessi Xart, Dmitrius Ballard va Erik Bazinyandan qabul qilib olgan. Yana bir alamli natija Xose Pinzon bilan jangda qayt etilgan.

Alan Kampaning Bektemirdan asosiy ustunligi sifatida professional ringdagi boy tajribaga ega ekani aytilmoqda. Shuningdek, meksikalik bokschi kuchli zarba sohibi hisoblanadi va bir paytlar o‘z vaznida eng zo‘r jangchilardan bo‘lgan. U zarbani yaxshi ko‘taradigan bokschilardan. Alan faoliyatida ikki marta texnik nokaut bilan mag‘lub bo‘lgan, lekin hech qachon chuqur nokaut holatiga tushmagan. Belajak bellashuvda uning g‘alabasiga ishonayotganlar ham oz emas.

unnamed_(1)

Professional boksga 2019 yilda o‘tgan Bektemir Meliqo‘ziev shu kungacha beshta jangda zafar quchdi. Tajribali raqiblarga qarshi ringga ko‘tarilgan hamyurtimiz to‘rtta to‘qnashuvni muddatidan oldin yakunlagan va 10 raund davom etgan bitta jangda amerikalik Aleksandr Vauxni ochkolar hisobida engib, vakant turgan World Boxing Association Continental Americas kamarini qo‘lga kiritgan.

Ushbu bahs oldidan aksariyat mutaxassislar o‘zbek bokschisining imkoniyatini yuqori baholamoqda. Ularning ta’kidlashicha, Bektemir baquvvat gavda tuzilishi va tezkorlikka ega. Uning chapaqayligi raqibga noqulaylik tug‘diradi. O‘ng qo‘l zarbasi ham nokautga tushiradigan darajada kuchli. Jismoniy ustunliklari kuchli texnikasi bilan uyg‘unlashib ketgan. Oyoq harakatlari engil va chaqqon. Kutilmagan zarbalari bilan raqibni doviratib qo‘yadi.

Bektemir Meliqo‘ziev xorij ommaviy axborot vositalariga bergan intervyularidan birida jang uslubi raqibning tana qismiga kuchli zarba berishga asoslanganini yashirmadi.

- Bolaligimdan mushtim kuchli ekanini yaxshi bilaman. Turli darajadagi janglar, sparringlar va mashg‘ulotlarda taxminan 500 kishini tana qismiga berilgan zarbalar orqali nokaut qilganman, - deydi Bektemir Meliqo‘ziev.

0jb7OB-scwUTxH3eiT1TNAzoKK7TbsDi

Bektemir 76 kilogramm vazn toifasida eng kuchli professional bokschilardan biri sifatida jahon chempionligini maqsad qilgan. Ma’lumotlarga qaraganda, uning promouterlari kelasi yili WBA yoki WBO yo‘nalishida chempionlik jangini tashkil etishga harakat qiladi. Buning uchun  Meliqo‘ziev reytingda imkon qadar yuqoriga ko‘tarilishi kerak.

Ayni paytda hamyurtimiz jahon reytingida 35-pog‘onada qayd etilgan. Bu vaznda kuchli qirqtalikka kirgan bokschilar orasida Bektemir eng kam jang o‘tkazib, ko‘p reyting ochko qozona olgan yagona charm qo‘lqop ustasi hisoblanadi. Reytingning yuqori qismidan joy olganlarning barchasi 11 tadan 55 tagacha uchrashuvda ringga chiqqan.

Bektemir Meliqo‘ziev havaskor boksda ham muvaffaqiyatli faoliyat olib borgan. U Olimpiya o‘yinlari kumush medali sovrindori, jahon vitse-chempioni va ikki karra Osiyo chempioni bo‘lgan.

Bektemir Meliqo‘ziev va Alan Kampa jangiga doir eng so‘nggi yangiliklar va tafsilotlarni saytimiz orqali kuzatib boring!

Fikrlar

Fikr qoldirish uchun avtorizatsiyadan o'ting!
Kind Prince
30/10/2020 09:23
Омад тилаб коламан
Nodirbek Nafasov
30/10/2020 09:07
soat nechida ekan boks