Superligada super o‘yinlar bor yoxud tur oldidan

  • 10 avgust, 11:35
  • Shuhratbek Jo’rayev
  • 0
  • Futbol
CHERY AUTO

10-13 avgust kunlari Superligada 18-tur o‘yinlari o‘tkaziladi. Bo‘lajak turda muhim va “olovli” o‘yinlar kutmoqda. “Neftchi” – “Nasaf”, “Dinamo” – “Paxtakor” va “Andijon” – “Navbahor” ishtirokidagi uchrashuvlar markaziy maqomiga ega.

Tecno

10 avgust

18:30. “So‘g‘diyona” – “Mash’al”

Hozircha ikkala jamoa ham ikkinchi davrada g‘alaba qozona olgani yo‘q. Lekin maydon egalarining imkoniyati yuqori baholanayotgani rost. “Mash’al” o‘tgan turda G‘uzorda “Dinamo”ni 2:0 hisobida yutayotib yakunda 2:4 natijasi bilan engildi. Endilikda muborakliklarni safarda yana bir jiddiy raqib kutib turibdi. Biroq “Mash’al”dan kutilmagan natijalar ko‘rishimiz ham hech gap emas. Buni ular chempionat davomida isbotlashgan.

11 avgust

19:00. “Neftchi” – “Nasaf”

Turning markaziy uchrashuvlaridan biri Farg‘onadagi “Istiqlol” stadionida o‘tadi. Amaldagi chempion va hozirda 37 ochko bilan peshqadamlikni saqlab kelayotgan “Nasaf”ni eng yaqin ta’qibchisi “Neftchi” Farg‘onada kutyapti. Oradagi ochkolar farqi 4 tani tashkil qilyapti. Lekin jamoaviy o‘yin bo‘yicha “Nasaf” mazmunliroq ko‘rinishini barcha ta’kidlamoqda. “Neftchi”da kuchli nomlar yig‘ilgan. Tajribali futbolchilardan iborat jamoa tashkil qilingan. Ammo kutilmagan ochko yo‘qotishlari evaziga tanqidlarga ham uchrab turibdi. “Istiqlol”dagi o‘yin mezbonlar uchun nihoyatda muhim. Chempion bo‘lishni istayotgan “Neftchi” bu yo‘lda albatta amaldagi chempionni engishi talab etiladi. Ushbu uchrashuv Levchenko jamoasining yana bir bor haqiqiy kuchini ko‘rsatib beradi.

20:00. “Dinamo” – “Paxtakor”

Turning yana bir markaziy o‘yinlaridan biri Samarqandda o‘tadi. “Dinamo” ham “Paxtakor”dan 4 ochkoga oldinda. Bu jamoalar o‘rtasidagi uchrashuv haqiqiy jangovar tarzda kechishi shubhasiz. Ayniqsa, Vadim Abramov shogirdlari juda ochiq, hujumkor va tomoshabop o‘yin ko‘rsatayotgani fonida ularning “Paxtakor”ga qarshi bellashuvi turni bezab berishi katta ehtimol. Hozircha imkoniyatlar teng.

12 avgust

18:15. OKMK – “Qizilqum”

Ikkinchi davrani ishonchli va muhim g‘albalar bilan boshlagan OKMK bu safar Navoiyning “Qizilqum”ini qabul qiladi. Mirjalol Qosimov jamoasi o‘z o‘yinini ko‘rsatadigan bo‘lsa, maqsadiga albatta erishadi. “Qizilqum” esa safarda ko‘zlangan natijani qo‘lga kiritish uchun o‘z o‘yinidan ko‘ra yanada kuchliroq harakat qilishi kerak.

19:00. “Andijon” – “Navbahor”

18-turning yana bir muhim va markaziy o‘yinlaridan biri shubhasiz Andijondagi “Bobur arena”da bo‘lib o‘tadi. Unda vodiy derbisi doirasida printsipial raqiblar – “Andijon” hamda “Navbahor” bellashadilar. Yozda tarkibini ancha kuchaytirgan Maksim Shatskix jamoasi yaxshigina shakllanib boryapti. O‘z uyida qo‘qonliklar darvozasiga javobsiz uchta gol urishdi. O‘tgan turda esa amaldagi chempion maydonida bir ochko bilan qaytishdi. “Navbahor” ikkita turda ikkita durang o‘ynadi. Muxlislar o‘rtasida ham jiddiy raqobat kechishi tayin. “Bobur arena”da qanday muhit hukm surishini tasavvur qilish qiyin emas. Stadion xo‘jayini hisoblangan andijonliklarda ishtiyoq baland. Qolganini o‘yinda ko‘ramiz.

20:30. “Sho‘rtan” – “Qo‘qon-1912”

Boshqa markaziy uchrashuvlar fonida ushbu juftlikka e’tibor biroz pastroq ko‘rinishi tabiiy. Musobaqa jadvalida oxirgi ikkita o‘rinni band etib turishgan ushbu autsayder jamoalar G‘uzorda kuch sinashishadi. Birinchi davrada durang qayd etilgan. Albatta, g‘alaba ikkala jamoaga  zarur. “Qo‘qon-1912” uch oydan beri g‘alaba nimaligini bilmayapti. Bu o‘yinda ikki jamoa qanday bo‘lmasin uch ochkoni qo‘lga kiritish uchun kurashadi. Natijani esa oldindan aytib bo‘lmaydi. Zerikarli futbol bo‘lib qolmasa kerak.

13 avgust

19:00. “Buxoro” – “Xorazm”

Bir-biriga mos jamoalar bellashuvida balki u qadar gollarni ko‘rmasmiz. Ayniqsa, “Buxoro” himoyadan o‘ynagan holda avvalo darvozasi daxlsizligini saqlashi muhim. Biroq Baqoev jamoasiga yuqori o‘rinlarga ko‘tarilish uchun g‘alaba zarur. Hakim Fuzaylov jamoasi hujumkor o‘yin ko‘rsatyapti. Bitta golgacha o‘yin bo‘lishi ham mumkin.

20:00. “Surxon” – “Bunyodkor”

Qiziqarli o‘yin bo‘lishi aniq. Tarkibi o‘zgargan “Surxon” o‘yin sifati bir muncha yaxshilangan “Bunyodkor”ga qarshi bahs olib boradi. Ikkala jamoaga qiyin bo‘lishi muqarrar. Ko‘p narsa qisqa fursat ichida jamoalarning qay tarzda tayyorgarlik ko‘rganiga bog‘liq bo‘ladi. 

 

Fikrlar

Fikr qoldirish uchun avtorizatsiyadan o'ting!